Anaerob nafas olish

Оглавление/Munadarija

Anaerob nafas olish

Anaerob nafas olish.

Anaerob sharoitlarda ayrim mikroorganizmlar organik moddalarning oksidlanishida vodorodning (elektronning) anorganik akseptoridan foydalanishi mumkin. Bunda anorganik moddalar qaytariladilar. Bu mikroorganizmlar oksidlovchi sifatida erkin kislorodni emas, balki kislorodga boy anorganik moddalardagi boqlangan kislorodni ishlatadilar.

Bu xususiyatga nitritsizlantiruvchi bakteriyalar ega bo‘lib, ular nitratlarni erkin azotgacha qaytaradilar. Energiya olishning bu turi nitratli nafas olish deyiladi.

Sulfatsizlantiruvchi bakteriyalar esa vodorodning (elektronning) oxirgi akseptori sifatida sulfatlarni ishlatadilar. Bunda sulfatlar vodorod sulfidigacha qaytariladi. Energiya olishning bunday turi sulfatli nafas olish deyiladi.

Shunday qilib, aerob va anaerob jarayonlar natijasida energiya olish geterotroflarda vodorodning oxirgi akseptori tabiati bilan farqlanadi.

Yuqorida ko‘rib chiqilgan nafas olish va bijg‘ishni faqat organizmni energiya bilan ta‘minlovchi jarayon deb qarash noto‘g‘ri hisoblanadi. Uglevodlar yemirilishining ko‘pgina oraliq mahsulotlari hujayra asosiy komponentlari (oqsil, nuklein kislotalar, lipidlar va sh.o‘.)ning sintezi uchun xizmat qiladi. Bunday oraliq mahsulotlarning asosiy ta‘minlovchisi bo‘lib Krebs sikli hisoblanadi. Di- va uchkarbon kislotalari o‘zgarishida hosil bo‘ladigan ko‘pgina ketokislotalar aminlanish va qayta aminlanish yo‘li bilan turli xil aminokislotalarga aylanadi. Bu aminokislotalardan esa oqsillar sintezlanadi.

Nafas olish jarayonidan farqli ravishda bijg‘ish jarayonida organik moddadan tortib olingan vodorod yana organik moddaga beriladi. Ya‘ni vodorod akseptori vazifasini organik modda o‘taydi. Uning rolini, ko‘p hollarda, bijg‘ish jarayonining o‘zida hosil bo‘lgan organik modda bajaradi. Bijg‘ish jarayonida ajralib chiqqadigan energiya  glyukozaning to‘liq SO2 va suvgacha oksidlanishidan hosil bo‘ladigan energiyaga nisbatan juda oz bo‘ladi. Buni glyukozaning anaerob holda sut kislotasigacha va to‘liq SO2 va suvga aerob emirilishidan ajralib chiqqan energiyalarni taqqoslab ko‘rish mumkin: С6Н12О6= 2СН3СНОНСООН + 2,0*105 ж С6Н12О6 + 6О2 = 6СО2 +  6Н2О + 28,8*105 ж

Glyukozani bijg‘itishda hosil bo‘lgan mahsulotlar anaerob sharoitlarda mikrob hujayrasi tomonidan o‘zlashtirilmaydi. Shu sababli hujayradan tashqariga chiqariladi. Lekin bu moddalar glyukoza molekulasida mavjud bo‘lgan energiyaning ma‘lum bir qismini saqlab qoladilar. Shuning uchun anaerob sharoitda faoliyat ko‘rsatadigan mikroorganizm aerob sharoitidagi mikroorganizm oladigan energiyaga teng miqdordagi energiya olishi uchun glyukozani ko‘proq sarflaydi.Anaerob nafas olish

Muallif: M.Hamdamov; A.Tashmuratov.

mavzular

manba