Bolalar nutqini o’stirishning asosiy mazmuni.

Оглавление/Munadarija

Bolalar nutqini o’stirishning asosiy mazmuni. 

Respublikamizda maktabgacha ta’lim allaqachon davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Shu bois ta’lim tizimining ilk bo‘g’iniga doir har qanday muammo davlat miqyosida hal qilinmoqda. Jumladan, maktabgacha ta’lim tizimi tarbiyachilari bugungi kunda bolalarni maktabga tayyorlashning bazaviy dasturi hamda tajriba-sinov jarayonida yuqori baholangan o‘quv-metodik materiallarga ega. Mazkur dasturda bolalarni jismoniy rivojlantirish, nutq va tafakkurini shakllantirish, tevarak-atrof bilan tanishtirish kabi turli masalalar qamrab olingan.

Maktabgacha yoshdagi bolalar nutqini rivojlantirish metodikasini fan sifatida shakllantirishga Ye.I.Tixeeva, Ye.A.Flerina, O.I.Solovev, A.N.Govzdev va boshqalar katta hissa qo‘shganlar. Yelizavetta Ivanovna Tixeeva (1866-1944) talantli pedagog va yirik jamoat arbobi edi. Ye.I.Tixeeva namunali insonni tarbiyalashga yordam berish va ilk yoshdan boshlab to keksalikka qadar insonni har tomonlama rivojlantirishni ta’minlaydigan pedagogik nazariyani yaratish ustida ishlagan.

Ye.I.Tixeeva o‘z pedagogik faoliyatining dastlabki yillaridayoq bolalarni o‘qitishda ona tilining muhim ahamiyatga egaligiga e’tiborini qaratgan. K.D.Ushinskiy ta’limoti asosida inqilobgacha bo‘lgan davrdayoq ishlab chiqilgan oilada, maktabgacha ta’lim tashkilotsida, maktabda bolalarga ona tilini o‘qitish jarayonida ularning nutqini rivojlantirish metodikasi

Ye.I.Tixeevaning pedagogik nazariyasida markaziy o‘rin egallaydi. 1913 yilda Ye.I.Tixeevaning «Ona tili va uni rivojlantirish yo‘llari» nomli asari bosilib chiqdi. Tixeeva nutqni rivojlantirishning ahamiyati, yo‘llari va vositalariga oid muhim masalalarni til madaniyatini umumiy rivojlantirish, bolalarda o‘z xalqiga, vataniga muhabbatni tarbiyalash bilan bog’liqlikda o‘rgangan. Ye.I.Tixeeva tilni o‘rgatishni ilk bolalik chog’idan boshlash zarur, deb hisoblagan, chunki to‘g’ri nutq ko‘nikmasi boshqa ko‘nikmalar singari oilada orttiriladi. Ye.I.Tixeevaning fikricha, maktabgacha ta’lim tashkilotsi bolalarning barcha qobiliyatlarini rivojlantirgan holda nutqni egallashning juda ahamiyatli va muhim qobiliyatiga e’tiborni qaratishi darkor: «CHunki nutqni muntazam o‘rgatish, nutq va tilni metodik rivojlantirish maktabgacha ta’lim tashkilotsidagi tarbiya ishlarining asosini tashkil qilmog’i lozim».

Maktabgacha ta’lim tashkilotsining Ye.I.Tixeeva tomonidan olg’a surilgan asosiy vazifasi – bolalarning barcha qobiliyatlarini, shu jumladan nutqni egallash qobiliyatini jadal rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishdan iborat. Ayni paytda nutqni o‘rgatish bolalar bog’chasidagi butun tarbiya ishlarining asosini tashkil qilmog’i zarur.

Ikkinchi vazifa – bolalar nutqining shakli, uning kichkintoy atrofdagilardan o‘zlashtirib oladigan narsalar tuzilmasi ustida ishlashidan iborat.

Uchinchi vazifasi – bolalar nutqini rivojlantirish vazifasini tarbiyachilar zimmasiga yuklagan holda pedagog Ye.I.Tixeeva fikriga ko‘ra, bolalar nutqini rivojlantirishning eng yangi metodlarini o‘zlashtirishi, nafaqat metodik usullarni bilishi, balki ularni bolalar bilan muloqot chog’ida qo‘llay olishi ham darkor.

Ye.I.Tixeeva o‘z metodikasida bolalar nutqini rivojlantirishga oid ishlar mazmunini hamda nutqning rivojlanishi, og’zaki nutq rivojlanishi ro‘y beradigan faoliyat turlarini aniqlaydi.

Mashg’ulotlar jarayonida ushbu faoliyat turlarini yo‘lga qo‘yishda Tixeeva asosiy e’tiborni lug’atni boyitish va ravon nutqni rivojlantirishga qaratish lozimligini ko‘rsatadi. U ko‘rgazmaviylik va kuzatishni bola nutqini rivojlantirish asosi deb hisoblaydi. Ye.I.Tixeeva tomonidan ekskursiyalarni o‘tkazish metodikasi ishlab chiqilgan, ekskursiyalarni bunday tashkil qilish, uning fikricha, bolalarni bevosita tabiatga oshno qiladi, ularga jonli borliqni ularning tabiiy munosabatlari bilan birgalikda tanishtiradi.

Ye.I.Tixeeva nutqni rivojlantirish mashg’ulotlariga nisbatan qo‘yadigan asosiy talablari qatorida bolalar qiziqishlari va tajribalari, ularni jonli o‘tkazish, harakatlanish va sinab ko‘rish imkoniyatlari bilan aloqasini olg’a suradi.

O‘z davrining ilmiy yutuqlari doirasida Ye.I.Tixeeva quyidagilarni ishlab chiqqan:

                bolalarni maktabda ta’lim olishga tayyorlovchi uyushtirilgan dasturiy mashg’ulotlarni o‘tkazish metodikasi;

                original didaktik material tizimi va undan maktabgacha ta’lim tashkilotsida foydalanish metodikasi.

 Sinchiklab ishlab chiqilgan nutqni rivojlantirish metodikasi maktabgacha tarbiya nazariyasi va amaliyotiga qo‘shilgan ulkan hissa bo‘lib, u bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Ye.I.Tixeeva tomonidan yaratilgan «Maktabgacha yoshdagi bola nutqini rivojlantirish» nomli kitobi bosilib chiqdi, mazkur asar maktabgacha ta’lim tashkilotsida bolalarga ona tilini o‘qitishga doir ishlarni tashkil qilish jarayonida ulkan ahamiyatga ega bo‘ldi.

«Maktabgacha yoshdagi bola nutqini rivojlantirish» kitobida bayon etilgan amaliy tavsiyalar ta’lim tashkilotlarida hozirgi kungacha qo‘llanib kelinmoqda. Yevgeniya Aleksandrovna Flerina (1889-1952) maktabgacha tarbiya sohasidagi birinchi pedagogika fanlari doktori bo‘lib, u nutqni rivojlantirish metodikasini ishlab chiqishga katta hissa qo‘shgan. Ye.A.Flerina umumiy estetik tarbiyaning tarkibiy qismi sifatida badiiy o‘qish muammolari bilan shug’ullangan.

Bolalar bilan ishlash va o‘qituvchilik borasidagi o‘z tajribalarini Ye.A.Flerina «Maktabgacha tarbiya tashkilotlarida jonli so‘z» nomli maktabgacha tarbiya yo‘nalishidagi bilim yurtlari va institutlar uchun birinchi o‘quv qo‘llanmasida aks ettirgan. Ushbu qo‘llanmaning asosiy bo‘limlari og’zaki nutq, suhbat, badiiy o‘qish va bolalarga hikoya qilib berish hamda bolalarning o‘zlari hikoya qilib berishlariga bag’ishlangan. Ayniqsa, Ye.A.Flerinaning badiiy asarga san’at asari sifatida katta e’tibor bergani, badiiy matnni o‘quvchiga yetkazishning turli usullarini, jumladan o‘qilgan asar bo‘yicha suhbat o‘tkazish usulini ishlab chiqqanligi juda qimmatlidir. Ilmiy va amaliy xodimlarning aniq maqsadni ko‘zlagan holda asta-sekinlik bilan olib borgan ishlari natijasida maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ona tilini o‘qitish tizimi shakllandi. Tarbiyachilar uchun ona tiliga doir qo‘llanmalar, ta’lim tashkilotlaridagi eng yaxshi ish tajribalari haqida maqolalar to‘plamlari muntazam ravishda chop etila boshlandi. 1956 yili maktabgacha tarbiya yo‘nalishidagi pedagogika bilim yurtlari uchun birinchi marta «Bolalar bog’chasida nutqni rivojlantirish va ona tilini o‘qitish» nomli o‘quv qo‘llanmasi dunyo yuzini ko‘rdi. Mazkur qo‘llanma muallifi O.I.Soloveva edi. 50-60 yillarda nutqni rivojlantirish metodikasida yangi bo‘lim – grammatik to‘g’ri nutqni shakllantirishga katta e’tibor berila boshlandi.

Ushbu masalini yoritishga professor A.N.Gvozdev ulkan hissa qo‘shdi, u o‘zining «Bolalar nutqni o‘rganish masalalari» nomli kitobida (1961) bolalarning ilk yoshdan boshlab grammatik tuzilishni o‘zlashtirib olishlarining qonuniyatlarini ochib bergan. Ye.A.Flerina «maktabgacha yoshdagi bolalarni o‘qitish muammosini tor darajada hal etish»ning xavfliligi haqida ogohlantirgan, maktabgacha yoshdagi bolani o‘qitishning o‘ziga xosligini ta’kidlagan: «Bolalar bevosita hayot bilan muloqotga kirishish yo‘li bilan, tengdoshlari va kattalar misolida hamda mashg’ulotlar va maxsus mashg’ulotlarda tarbiyachining ko‘rsatib o‘tishi orqali o‘qibo‘rganadilar». U o‘zining tarbiya tizimida san’atga va undan har xil faoliyat turlarida, shu jumladan badiiy-nutqiy faoliyatda bola imkoniyatlarini rivojlantirish uchun foydalanishga asosiy o‘rinni bergan. A.P.Usova maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘qitishning umumiy nazariyasini ishlab chiqqani holda unda ona tilini o‘qitishga alohida o‘rin bergan. Uning fikricha, ta’lim jarayonining o‘zi to‘g’ri nutqiy rivojlanish kafolati bo‘lib xizmat qiladi, chunki «bolalarning nutqiy rivojlanishiga shunday sifatlarni kiritadiki, ular odatda, oddiy sharoitlarda zaif rivojlanadilar».

Ta’lim nutq rivojlanishi qonuniyatlari to‘g’ri hisobga olingan taqdirda u barcha bolalar nutqining maqbul darajada rivojlantirilishini ta’minlaydi, hisoblaydi A.P.Usova. U bolalarning mustaqil ravishda egallab olishlari qiyin bo‘lgan hikoya qilib berish qobiliyatini shakllantirishga alohida ahamiyat bergan. A.P.Usova ona tili bo‘yicha dasturni o‘zlashtirish uchun barcha bolalar bilan mashg’ulot o‘tkazish lozim, deb hisoblagan. Ayni paytda u mashg’ulot o‘tkazish metodikasini ishlab chiqish uchun ham ko‘p ishlarni amalga oshirgan.

Tadqiqotchilarning asosiy e’tibori nutqiy mashg’ulotlar mazmuni va metodikasiga qaratildi, bu asta-sekin Ye.A.Flerina ogohlantirgan «nutqni o‘rgatish» tushunchasining torayishiga, amaliyotda esa – nutqni rivojlantirishga doir maxsus mashg’ulotlar ahamiyatining oshishiga olib keldi. 60-70-yillarda bolalar nutqini rivojlantirish masalalarini o‘rganish ishlari faollashdi. 

Hozirgi paytda bolalarning yuqori darajada aqliy va nutqiy rivojlanishini, ularning til qobiliyatlari shakllanishini ta’minlash imkonini beruvchi bolalar o‘quvini tashkil etishning maqbul shaklini qidirish ishlari olib borilnoqda. Nazariy va amaliy tadqiqotlarda bunday o‘quvning mazmuni va shakllari haqidagi masalalar hal etiladi. Shunisi diqqatga sazovorki, M.Sh.Rasulova, N.U.Bikboeva, A.G.Grigoryans, R.M. Qodirova, F.R.Qodirova, G.X.Jumasheva, S.G’ozieva kabi bir guruh olimlar tomonidan bazaviy umumta’lim dasturidan samarali foydalanish yuzasidan metodik tavsiyalar ham ishlab chiqilgan.

Nutq va tilning ahamiyati. Bola hayotining barcha ko‘rinishlarida til rivojlanishining ahamiyatini oshirish mushkul. Hayotiy qobiliyat kaliti sifatida aloqa va tilning asosiy roli haqida ishonchli dalillar keltirish mumkin. Rasmiy ta’lim va maktab hayotining dastlabki yillarida ta’sirli verbal va noverbal aloqaga asoslangan til mahorati o‘rganish va rivojlanishga zamin bo‘lgan. Til va boshqa muhim qobiliyatlarning o‘sishi o‘qishga tayyorgarlik, savodxonlik va hisob-kitobni o‘z ichiga olgan. Bundan tashqari, hozir aloqa va til rivojining qiyinchiligi butun umr ta’sirining dalilidir.Til mahorati muvaffaqiyatli ta’limning eng yaxshi bashoratchisi: boshlang’ich maktabning dastlabki 2 yilida tilning rivojlanishi bolaning harakteristikasini oldindan aytib beradi. Aks holatda til o‘rganishdagi qiyinchiliklar o‘quv muvaffaqiyatsizligi bilan bog’liq: nutqi va tilida muammosi bor bolalar maktabga ilk qadam qo‘yganda eng katta qiyinchiliklar ularning savod chiqarishi bilan bog’liq. Tili yaxshi rivojlanmagan bolalarda 5 yoshda 7 yoshdagiga nisbatan muvaffaqiyatsiz ta’lim ehtimoli katta bo‘ladi[1] (Edited by Mary Rafferty «A brief review of approaches to oral language development» USA 2014y.)

Maktabgacha ta’lim me’yoriy xujjatlari asosida bolalarni tarbiyalash. Inson, uning har tomonlama uyg’un kamol topishi, farovonligi, shaxs manfaatlarini ro‘yobga chiqarish sharoitlarini va ta’sirchan mexanizmlarini yaratish, eskirgan tafakkur va ijtimoiy xulq-atvorning andozalarini o‘zgartirish respublikada amalga oshirilayotgan isloxotlarning asosiy maqsadi va harakatlantiruvchi kuchidir. Xalqning boy intellektual merosi va umumbashariy kadriyatlar asosida, zamonaviy madaniyat, iqtisodiyot, fan-texnika va texnologiyalarning yutuqlari asosida kadrlar tayyorlashning mukammal tizimini shakllantirish O‘zbekiston taraqqiyotining muhim shartidir.

Kadrlar tayyorlash milliy dasturi «Ta’lim to‘g’risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq holda tayyorlangan dastur kadrlar tayyorlash milliy modelini ro‘yobga chiqarishni, har tomonlama kamol topgan, jamiyatda turmushga moslashgan, ta’lim va kasbhunar dasturini ongli ravishda tanlash va keyinchalik puxta o‘zlashtirish uchun ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, psixologik-pedagogik va boshqa tarzdagi sharoitlarni yaratishni, jamiyat, davlat va oila oldida o‘z javobgarligini xis etadigan fuqarolar tarbiyalashni nazarda tutadi.

Maktabgacha ta’lim bola sog’lom, har tomonlama kamol topib shakllanishni ta’minlaydi, unda o‘qishga intilish xissini uyg’otadi, uni muntazam ta’lim olishga tayyorlydi. Maktabgacha ta’limning maqsad va vazifalarini ruyobga chiqarishda mahallalar, jamoat va xayriya tashkilotlari, xalqaro fondlar faol ishtirok etadi.

Maktabgacha ta’limni rivojlantirish uchun quyidagilarni amalga oshirish lozim bo‘ladi: Malakali tarbiyachi va pedagog kadrlarni ustuvor ravishda tayyorlash;

           Maktabgacha ta’limning samarali psixologik-pedagogik uslublarini izlash va joriy etish;

           Bolalarni maktabga oilada tarbiyalashni tashkiliy, psixologik, pedagogik va uslubiy jixatdan ta’minlash;
           Zamonaviy o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, texnik vositalar, o‘yinchoqlar va o‘yinlar yaratish hamda ularni ishlab chiqarish;
           Maktabgacha yoshdagi bolalarni xalqning boy madaniy-tarixiy merosi va umumbashariy qadriyatlar asosida ma’naviy-axloqiy jixatdan tarbiyalash uchun shart-sharoitlar yaratish;
           Maktabgacha ta’lim tashkilotlarining har-xil turlari uchun turli usulrdagi dasturlarni tanlab olish, maktabgacha tarbiyaning barcha masalalari bo‘yicha malakali konsultasiya xizmati ko‘rsatish imkoniyatini yaratish;
           Maktabgacha tarbiya va sog’lomlashtirish tashkilotlari tarmogini qo‘llab-kuvvatlash va rivojlantirish mexanizmini ishlab chiqish kabi vazifalarni maqsad qilib qo‘yadi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida maktabgacha ta’lim to‘g’ri sidagi Nizomda maktabgacha ta’limga aloxida urg’u berilib, maktabgacha ta’lim uzluksiz ta’lim tizimining boshlang’ich turi hisoblanadi, hamda O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g’risida»gi Qonuni, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi talablari asosida tashkil etiladi. Maktabgacha ta’lim, bola 6-7 yoshga yetguncha oilada hamda davlat va nodavlat, davlatga qarashli bo‘lmagan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida amalga oshiriladi. Maktabgacha ta’limning asosiy vazifalari quyidagilar deb belgilanadi:
           Bolalarni xalqning boy milliy, madaniy tarixiy merosi va umumbashariy qadriyatlar asosida aqliy va ma’naviy-axloqiy jixatdan tarbiyalash;
           Bolalarda milliy g’urur, vatanparvarlik xislarini shakllantirish;
           Maktabgacha yoshdagi bolalarda bilim olish ehtiyojini, o‘qishga intilish mayllarini shakllantirib, ularni muntazam ravishdagi ta’lim jarayoniga tayyorlash;
           Bolalarning tafakkurini rivojlantirish, o‘zining fikrini mustaqil va erkin ifodalash malakalarini shakllantirish.
           Bolalarning jismoniy va ruxiy sogligini ta’minlash kabilarni o‘z oldiga maqsad qilib belgilaydi.
 
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarining yasli va maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalar guruxlariga bir xil yoshdagi, shuningdek, turli yoshdagi bolalar qabul qilinishi mumkin. Guruxlardagi bolalar soni quyidagicha belgilanadi:
 
           1 yoshdan 2 yoshgacha – 10 ta.
           2 yoshdan 3 yoshgacha – 15 ta.
           3 yoshdan 6-7 yoshgacha – 20 ta. Turli yoshdagi guruxlarda 15 ta. Maktabgacha ta’lim tashkilotlari xududlarini demografik, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa xususiyatlarini qisobga olgan qolda tashkil etiladi, Maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish va tugatish qonunga muvofiq ravishda amalga oshiriladi.
 
Maktabgacha ta’lim tashkilotlari ularning yo‘nalishlariga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘linadi:
           Bolalar yaslisi, bolalar bog’chasi, bolalar yasli bog’chasi, xonadon bolalar bog’chasi (ham mustaqil tashkilot sifatida, ham filial sifatida);
           Bog’cha maktab tashkilotsi;
           Tarbiyalanuvchilarning bir yoki bir necha ustuvor yo‘nalishlarda rivojlantiradigan (til o‘rganish, badiiy estetik, sport va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha) maktabgacha ta’lim tashkilotsi;
           Tarbiyalanuvchilarning jismoniy va ruxiy rivojlanishidagi kamchiliklarni bartaraf etishni ustuvor ravishda amalga oshiruvchi maxsus maktabgacha ta’lim tashkilotsi;
           Sanitariya-gigiena, profilaktika va sog’lomlashtirish tadbirlari va muolajalari ustuvor ravishda amalga oshiriladigan sog’lomlashtiruvchi maktabgacha ta’lim tashkilotsi;
           Aralash turdagi maktabgacha ta’lim tashkilotsi; 

 

Muallif: Babayeva D.R. 

mavzular

manba