Immunitet haqida tushuncha.

Оглавление/Munadarija

Immunitet haqida tushuncha.

Tirik organizmlar kasallik qo‘zqatuvchi mikroblar ta‘siriga turlicha chalinadilar. Kasallik qo‘zqatuvchi mikroorganizm ta‘siriga organizmning qarshi tura olish qobiliyatiga kasalikka chalinmaslik yoki immunitet deyiladi.

Immunitet organizmning irsiy va orttirilgan xususiyatlari majmuidan iborat. Patogen mikrob va makroorganizmlarning o‘zaro munosabatlari murakkab va turlicha bo‘ladi. Odam va hayvonlar organizmlari mikrob va ularning toksinlariga qarshi kurashuvchi mudofaa xususiyatiga ega. Bunday mudofaa vazifasini shikastlanmagan teri, shilimshiq qavat, og‘iz, burun, nafas olish yo‘li, ichak kabi organlar bajaradi. Bular nafaqat mikroorganizmlarni ushlab qolib ularning organizm va to‘qimalarga tushish oldini oladi, balki o‘zlaridan mikroblarga halok etish darajasigacha ta‘sir ko‘rsatadigan maxsus moddalar ishlab chiqaradi. Teri bakteritsidlik xususiyati uning tozalilik darajasiga bog‘liq. Makroorganizm chiqaradigan ayrim suyuqliklar (so‘lak, ko‘z yoshi, ichak suyuqligi) ham bakteritsidlik xususiyatlariga ega. Bu xususiyatlar ularda maxsus lizotsim fermenti mavjudligi tufayli sodir bo‘ladi. Lizotsim mikroorganizm hujayrasi lizisiga olib keladi. Oshqozon suyuqligi kislotali muhitga ega bo‘lgani sababli ko‘pgina mikroblarga halok etuvchi ta‘sir ko‘rsatadi.

Patogen mikroblarga qarshi kurashishda organizmning eng effektiv vositalaridan biri uning ayrim hujayralari faoliyatidir. Organizmning yuqumli kasalliklarga qarshi bardoshliligini yaratishda hujayra roli haqidagi ta‘limot I.I. Mechnikov tomonidan yaratilgan. U qonning ayrim hujayralari mikroblarni ushlab olish va hazm qilishga qodirligini isbotlagan. (Bunda organizm mikroblardan xalos bo‘ladi.) Bunday hujayralar fagotsitlar, hodisaning o‘zi esa fagotsitoz deyiladi.

Patogen mikroblardan organizmning mudofaasida qon zardobi muhim o‘ringa ega. Kasalning qon plazmasida tabiatda mavjud antimikrob moddalardan tashqari organizmga tushgan kasallik qo‘zqatuvchi mikrob va uning toksinlarini inaktivatsiya qiluvchi oqsil tabiatli spetsifik moddalar hosil bo‘ladi. Bunday mudofaa moddalari antitanalar deb ataladilar. Antitanalar turli xil to‘qima va organlar (so‘lak, limfatik bez, ilik)da ham ishlab chiqariladi. Antitanalar faqat patogen yoki uning toksini organizmga tushgandagina ishlab chiqarilmaydi, balki ular organizmga boshqa moddalar, masalan, begona tabiatli oqsil moddasi, begona organizmning qon zardobi va sh.boshqalar tushganda ham ishlab chiqariladi. Antitana ishlab chiqarilishini keltirib chiqaradigan hamma moddalar antigenlar deyiladi.

Antitananing mikrob va antigenlar bilan o‘zaro ta‘sirlanish reaksiyasi turli xil sodir bo‘lishi mumkin. Masalan, bakteriolizin bakteriyalar lizisini, agglyatininlar mikrob hujayrasining bir-biriga yopishib qolishini, antitoksinlar toksinlarning neytrallashini keltirib chiqaradi.

Antitana va antigen orasidagi reaksiya yuqori sezgirlikka va spetsifik xarakterga ega, ya‘ni ma‘lum antitana faqat uni organizm tomonidan ishlab chiqarilishini qo‘zg‘atgan antigen bilan ta‘sirlashadi.

Makroorganizm mudofaasida tananing doimiy va normal mikroflorasi ham katta ahamiyatga ega. Mikrofloraning ko‘pgina vakillari patogen mikroorganizmlarga nisbatan antagonistik va antibiotik xususiyatga ega. Markaziy nerv sistemasi ham juda katta o‘rin tutadi. U organizm fiziologik funksiyalarining kordinatori va boshqaruvchisi (shu jumladan, fagotsitoz jarayonini boshqaruvchi va antitanalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yuvchi) bo‘lib xizmat qiladi.

Yuqorida sanab o‘tilgan organizm xususiyatlari mudofaaning nospetsifik chidamliligini belgilaydi.

Immunitet tug‘ma va orttirilgan bo‘ladi. Tug‘ma immunitet – organizmning ma‘lum patogenlarga chalinmaslik qobiliyati bo‘lib, u avloddan avlodga ko‘chiriladi va ma‘lum bir turlarga xos bo‘ladi. Masalan, odamlarning hayvonlar ayrim kasalliklariga chalinmasligi va aksincha.

Orttirilgan immunitet yuqumli kasallik bilan kasallanib sog‘aygandan so‘ng hosil bo‘lgan tabiiy va organizmga spetsifik biopreparatlar – vaksina va zardoblar – kiritilishi natijasida hosil bo‘lgan sun‘iy immunitetlarga bo‘linadi.

Sun‘iy immunizatsiya organizmga saqlovchi emlash deb nomlanuvchi virulentligi susaytirilgan tirik mikrob yoki o‘ldirilgan patogen mikrob va zararsizlantirilgan toksin anatoksin)dan iborat preparat kiritish bilan amalga oshiriladi. Makroorganizmda sun‘iy ravishda chalinmaslikni keltirib chiqaruvchi turli emlash materiallari vaksinalar deyiladi. Vaksina bilan organizmga ishlov berish vaksinatsiya (immunizatsiya) deyiladi. Bu tibbiyotda va veterenariyada kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroblarga kurashda qo‘llaniladigan eng asosiy usullardan biridir.

Vaksinalar qo‘llash natijasida yuzaga kelgan orttirilgan sun‘iy immunitet faol immunitet deyiladi. Chunki vaksina kiritilganda patogen mikroorganizm va uning toksinlariga qarshi kurashga yo‘naltirilgan organizmning mudofaa kuchi va funksiyasi faol ravishda qayta quriladi, ko‘p miqdorda antitana ishlab chiqariladi, fagotsitar faolligi kuchayadi.

Organizmga mudofaa qilish tayyor moddalari (antitana) zardob shaklida kiritilishidan hosil bo‘lgan orttirilgan immunitet passiv immunitet deyiladi. Immunitet haqida tushuncha.

Muallif: M.Hamdamov; A.Tashmuratov.

mavzular

manba