Tevarak-atrof bilan tanishtirish. Bolalarni narsalarning sifati va xususiyati bilan tanishtirish.

Tevarak-atrof bilan tanishtirish. Bolalarni narsalarning sifati va xususiyati bilan tanishtirish. 

Maqsad: Tevarak-atrofdagi narsa va buyumlar, ularning xilma-xil sifatlarini («tiniq», «xira», «qattik») aytishni o‘rgatish. Ravon nutqini o‘stirish, lug’atlarini «tiniq», «xira», «qattiq» so‘zlari bilan boyitish va faollashtirish. Bolalar diqqatini «tiniq», «xira» so‘ziga qaratish.Tevarak-atrof bilan tanishtirish. Bolalarni narsalarning sifati va xususiyati bilan tanishtirish. 

 

Mashg’ulot uchun material: Shakli, kattaligi bir xilda bo‘lgan ikkita stakan, ammo biri shisha (tiniq), ikkinchisi qog’oz (xira) stakan bo‘lishi kerak. Bolalar soniga yetarli (tiniq) shishali buyumlar (stakan, banka, butilka, ryumka, fujer va hokazo).

 

Mashg’ulotning borishi: Tarbiyachi mashg’ulotni topishmoqli o‘yin bilan boshlaydi. Bolalarga ikkita stakanni ko‘rsatib: Bular nima? Ular nimadan yasalgan? deb so‘raydi. So‘ngra tarbiyachi stakanlarning ichiga biror narsani (bir bo‘lak oq qand yoki konfet, sharcha va hokazo) soladi va bolalardan uning ichida nima borligini topishni aytadi. Bolalar juda yengillik bilan tiniq stakanda nima borligini topadilar, ammo xira (tiniq bo‘lmagan) qog’oz stakan ichida nima borligini taxminlab (tavakkal qilib, tusmollab) aytadilar. Ular qog’oz stakan ichida nima borligini to‘g’ri topa olmaydilar. O‘yin ikki-uch marta takrorlangach, tarbiyachi bolalardan tiniq stakanni ko‘rsatib: nima uchun bu stakan ichidagi narsa nima ekanligini tez topdingiz? aksincha tiniq bo‘lmagan qog’oz stakanni ko‘rsatib: bu stakan ichidagi narsa nima ekanligini topishda qiynaldingiz? deb so‘raydi.

 

Bolalar bunday savolga quyidagicha javob berishadi: Chunki shisha stakan tiniq, bunisi esa xira (tiniq emas). Shisha stakan ichidagi narsa ko‘rinib turibdi. Qog’oz stakan ichida qanday narsa borligi ko‘rinmaydi.

 

Bolalarning javoblaridan shu narsa ko‘rinib turibdiki, ular narsaning asosiy belgisini ajrata oldilar, shuning uchun narsaning sifatini bildiruvchi so‘zni bolalar lug’atiga kiritish kerak. So‘ngra tarbiyachi bolalarga yana murojaat etadi «Bu stakan ichidagi narsa ko‘rinib turadi, u tiniq. Bu stakan esa tiniq emas, shuning uchun uning ichidagi narsa ko‘rinmaydi». Keyin ikki-uch bolaga tiniq, xira (tiniq bo‘lmagan) stakanlarni ko‘rsatishni taklif etadi.

 

Mashg’ulotning keyingi qismida tarbiyachi bolalarga shishali narsalarni tarqatib chiqadi (stakan, banka va bankachalar, butilka va butilkachalar, shishali guldon va hokazo).

 

2. Tarbiyachi. Endi oldingizdagi narsani qo‘lingizga olib, u orqali bir-biringizga qarang. Bir-biringizni ko‘rayapsizmi? Endi qo‘lingizdagi narsangiz (butilka, stakan, ryumka va h.k.) orqali menga qarang. Men ko‘rinayapmanmi? Tarbiyachi bolalardan qoniqarli javob olgach, ichidagi narsalar ko‘rinadigan, u orqali bir-biringizni ko‘rish mumkin bo‘lgan buyumni qanday buyum deymiz? Deya so‘raydi.

 

Bolalar. Tiniq, deb javob berishadi. Keyin uch-to‘rtta bolaga ulardagi buyum qanday buyum ekanligini aytish taklif etiladi (tiniq banka, tiniq stakan, tiniq ryumka va hokazo). So‘ngra tarbiyachi bolalarga «Tiniq buyumlarni topish uchun nima qilish kerak?» degan savolni beradi, bolalar javob berishadi: «Unga qarash kerak», «U orqali boshqa narsalar, bolalar ko‘rinsa, u narsa tiniq bo‘ladi».

 

Tarbiyachi. Stol yuzasidan (ustidan) pastga qaranglar-chi, oyoqlaringiz ko‘rinadimi?

 

Bolalar. Yo‘q.

 

Tarbiyachi. Stolning yuzasi taxtadan qilingan, shuning uchun undan qaraganimizda oyoqlarimiz ko‘rinmaydi, deb tushuntiradi.

 

Shundan keyin tarbiyachi yana bolalarning diqqatini shishali buyumlarga yo‘naltiradi va uni siqib ko‘rishni aytadi. Bolalardan: shisha buyum qattiqmi, yumshoqmi? deb so‘raydi. Bolalar, qattiq, deb javob berishadi.

 

Buyumning qattiq ekanligini bilish uchun nima qilish kerak? deydi tarbiyachi. Uni siqib ko‘rish kerak, deb bolalar harakat bilan ko‘rsatishadi. Tarbiyachi bolalarning javoblarini tasdiqlab: «To‘g’ri, uni siqib ko‘rish kerak» deb harakatning nomini (siqib ko‘rish kerak) takrorlatadi».

 

Mashg’ulotning uchinchi qismi tevarak-atrofdagi narsalardan yangi sifatlarni ajratishni mashq qilishga bag’ishlanadi. Tarbiyachi bolalarga tevarak-atrofga qarab tiniq buyumlarni (narsalarni) topishni, topgach, uning nomini aytishni va quyidagi savolga javob berishni aytadi.

 

«Buyum tiniq ekanligini qanday bilib olding? Xuddi shu tariqa tiniq bo‘lmagan buyumni topishni aytib, uni qanday topganligini qanday bilib olganligini so‘raydi.

 

Xulosa:

 

Muloqot ikki shaklda – erkin va maxsus tayyorlangan mashg’ulotlarda amalga oshiriladi. Kundalik hayot va taassurotlar asosida uyushtiriladigan muloqot erkin muloqot bo‘lib, yo‘lyo‘lakay o‘tkazilsa-da, bola nutqining ifodali bo‘lishiga yordam beradi, ularda jumlalarni grammatik jihatdan to‘g’ri tuzish malakalarining paydo bo‘lishiga, so‘z zahirasining boyishiga olib keladi. Shu bilan nutq malakasining o‘zlashtirilishiga zamin bo‘ladi. Bolalar ko‘proq guruh bilan qilingan sayrlarda tevarak-atrofni kuzatib, tarbiyachi va do‘stlari bilan so‘zlashadi, uyda esa oila a’zolari bilan muloqot natijasida nutqi shakllana boradi.

Muallif: Babayeva D.R. 

mavzular

manba