Men boshlang‘ich sinf o‘qituvchisiman. 19-fevral kuni vazir jamg‘armasi ustamasi uchun test sinovi o‘tkazildi. Respublikadan 80 ball olib o‘tdim degan boshlang‘ich sinf o‘qituvchisini eshitmadim. Bu degani boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari bilimsiz emas, shunchaki savollar darajasi yuqori. Axir qanday qilib 35 ta adabiyotni o‘zlashtirishsin ular?
Ona tili, tarix, geografiya fanlaridan yuqori ball olgan ustozlar bor yo‘g‘i 8 ta adabiyotni o‘qishgan. Bundan tashqari berilgan spetsifikatsiya bo‘yicha savollar tuzilmagan. Berilgan savollar fan doirasida emas. O‘z fanimizdan 30 ta berilgan, biz ham 80, 90 yoki 100 ball olardik. Attestatsiyada olishyaptiku toifani boshlang‘ichlar. Shaxsan men ham 1,5 yilda olganman oliy toifani.
Qani o‘qish, ona tili,matematika, tarbiya fanlaridan testlar? Bitta ham yo‘q. Kombinatorikadan bitta tushdi salomlashish haqidagi savol. Tabiiy fandan ham tushgan savollar boshlang‘ichga umuman aloqasi yo‘q.
Hurmatli masʼullar, respublika bo‘ylab o‘qituvchilar sonini hisoblasangiz boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari eng ko‘pini tashkil etadi. Qachon bizga imkoniyat beriladi? Milliy sertifikat olish uchun 2 ta fanni oliy darajada bilishimiz kerak. Olsak ham alohida-alohida fandan olib bor yo‘g‘i 12-13 soatga qo‘shimcha to‘lovlar olamiz.
Umumiy qilib aytsam boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga alohida milliy sertifikat joriy etilishi kerak. Agar vazir ustamasi testlari shu darajada tuzilsa, umuman kerak emas boshlang‘ichlarni olib tashlang kvotadan. Natijani ko‘rib hech kimni asabi buzilmasin. Biz hali qanchadan-qancha bolaga harf tanitib, bilim berishimiz kerak.
Test tuzishda boshlang‘ich mutaxassisi umuman qatnashmagan ko‘rinadi. Har bir fan ularning nazdida oson deb bilingan savollar terib olinganda, boshlang‘ich faniga kiritib yuborilgan bo‘lsa kerak.
Masalan, “paralel nima?” savoli 7-sinf geografiyasida bor, kavsh qaytaruvchilar haqidagi savol 6-sinf zoologiyasidagi maʼlumot. Buni bir qanchasini davom ettirish mumkin. Savol tuzgan odamni o‘tkazib, biz uchun tuzilgan savollar kabi shunday savol tuzib bersak 50 % ham yecholmasligi aniq. Boshqa fan o‘qituvchilarining oson olishi ham shundan. O‘zining fanidan 30 ta savol bo‘lgandan keyin oladida.
Men 34 yildan buyon boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib faoliyat olib bormoqdaman. Bu yil vazir ustamasiga nomzodim qo‘yilgan edi. Testga borib juda xafa bo‘ldim. Test umuman boshqacha edi. O‘z sohamizdan savollar tushmadi. 65 ball olibman.
O‘zi boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga eʼtibor yo‘q edi. Aslida hamma mashaqqat, hamma mas’uliyat bizning zimmamizda. Men 40 nafar o‘quvchiga harf tanitib, savodini chiqarib bu darajada qiynalmagan edim. Test topshirib, savolliklarini ko‘rib bunchalik nohaqlikka chiday olmadim.
Shuncha yil ishlab testda berilgan savollarga duch kelmagan edim. Bunday qilib test tuzgandan ko‘ra bizni umuman nomzodimizni qo‘ymay qo‘yaqolinglar.
Maʼlumki, boshqa fan o‘qituvchilariga vazir jamg‘armasi hisobidan ustamaga daʼvogarlik qilishi uchun imkoniyat kengroq bo‘lib, ularning o‘quvchilari oliy taʼlim muassasalariga yoki Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarga kirish imtihonlarida eng yuqori natija ko‘rsatgan yoki xalqaro yoki respublika miqyosidagi musobaqa va tanlovlarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan bo‘lishi belgilangan.
“Boshlang‘ich taʼlim” yo‘nalishi bo‘yicha nomzod sifatida esa o‘quvchilari Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarga kirish imtihonlarida eng yuqori natijalarni ko‘rsatgan boshlang‘ich sinf pedagog kadrlari taqdim etilishi mumkin xolos.
Yaʼni, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining o‘quvchilari musobaqa va tanlovlarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritsa ham ular vazir ustamasiga nomzodlik qilolmaydi. Ular faqat 4 yilda bir marotaba, yaʼni o‘quvchisini tayyorlab, Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarga kiritishi kerak bo‘ladi.