Ingliz tilida tez so‘zlashish uchun nima qilish kerak?

Ingliz tilida so‘zlashish til o‘rganuvchilarning asosiy muammosi ekanligi hech kimga sir emas. Ammo bajarilgan amaliyot va to‘g‘ri tanlangan adabiyotlar yordamida siz kutilgan natijaga erishishingiz mumkin.

Ingliz tili darslari yoki munozara guruhida qatnashing.

Turli til bahslarida qatnashishni haftalik rejaga aylantirish so‘zlashuvni rivojlantirishda katta yordam beruvchi yo‘llardan biridir. Hozirgi kunda ko‘pgina o‘quv kurslari tomonidan «Speaking club» lar tashkil etilgan bo‘lib, odatda hafta oxirlarida tashkil qilinuvchi qo‘shimcha darslar ingliz tilidagi nutqni yaxshilashga yordam beradi.

  • Ingliz tili darslarida odatda rasmiy so‘z va iboralarni o‘rgatishga asosiy e‘tibor berilib, darsda grammatika qoidalari, gaplarni to‘g‘ri ketma-ketlikda qo‘llash va shu kabi qonuniyatlar o‘rgatiladi.
  • So‘zlashuv guruhiga borish esa ingliz tilini o’rganishning norasmiy va erkin usuli bo‘lib, bu yerda ko’proq ingliz tilida «to’g’ri» gapirishdan ko’ra ko’proq aloqa va munosabatlarni rivojlantirishga e’tibor qaratiladi. Ushbu muhit sizga boshqa odamlar oldida ingliz tilida erkin va qulay gapira olishingizga yordam beradi.
  • Yuqoridagi ikki turdagi darslarning ijobiy va salbiy tomonlari mavjud bo‘lib, ularning ikkalasidan foydalanishingiz , oldinga qo‘yilgan maqsadga tezroq yetishga zamin yaratadi.

Har kuni oz-ozdan gapiring.

Yangi til o‘rganishning eng ajoyib usuli- bu shunchaki gapirishdir. Boshqa odam bilan o‘rganilayotgan tilda gaplashishga intilish eng samarali rivojlanish usulidir. Erkin so‘zlasha olishingizni kutib o‘tirmang , balki bu juda ko‘p vaqt talab etishi yoki bu kun umuman kelmasligi mumkin. Shuning uchun gapirishni bugundan boshlang! Tez orada siz til ko‘nikmalaringiz qanchalik tezlik bilan yaxshilanayotganiga guvoh bo‘lasiz.

  • Ingliz tilida so‘zlovchi chet elliklarni topishga harakat qiling. Siz ularga 30 daqiqa siz uchun vaqt ajratishgani uchun, siz ham ularga 30 daqiqa ona tilimizni o‘rgatishni taklif qilishingiz mumkin.
  • Agar siz ingliz tilida so‘zlashadigan davlatda yashasangiz, suhbatni shunchaki sotuvchilarga “salom” deyish yoki notanish odamdan manzilni so‘rashdan boshlashingiz mumkin.

Talaffuzingiz ustida ishlang. 

Ehtimol sizda kuchli grammatika va ko‘p sonli so‘z zaxirasi bo‘lishi mumkin, ammo so‘zlarni talaffuzida qilinadigan xatolar sabab suhbatdoshingiz sizning gaplaringizni umuman tushuna olmasligi mumkin.

  • To‘g‘ri, aniq talaffuz til darajasini rivojlantirishning eng muhim tomonlaridan biridir. Ko‘proq inglizcha so‘zlarni tinglashga harakat qiling va ularni qanday talaffuz qilinayotganiga eʼtibor qarating hamda ularga taqlid qilib, xuddi shunday talaffuz qilishga harakat qiling.
  • Siz uchun notanish bo‘lgan yoki tilimizda mavjud bo‘lmagan tovushlarga alohida eʼtibor qarating. Masalan, baʼzi odamlar «r» tovushi ularning ona tilida bo‘lmagani uchun, uni talaffuz qilishda qiyinchiliklarga duch kelishadi, boshqa odamlar esa «th» tovushi kabi baʼzi undosh tovush guruhlari bilan qiynalishadi.
  • Dunyoning turli qismlarida ingliz tili talaffuzlari turlicha bo‘lib, masalan, Amerika va Britaniyada so‘zlarning talaffuzida sezilarli farqlar uchraydi. Agar siz ingliz tilida so‘zlashuvchi davlatga sayohat qilish yoki u yerda yashashni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, maʼlum so‘zlarni talaffuzini o‘rganish jarayonida buni hisobga olishingiz kerak bo‘ladi.

So‘z boyligini oshiring va idiomatik iboralarni ishlating. 

Lug‘atingiz qanchalik keng va unda inglizcha iboralar qanchalik ko‘p bo‘lsa, ingliz tilida gapirish ham shunchalik osonroq bo‘ladi.

Siz yangi so‘z yoki iborani o‘rganib olganingizdan so‘ng, ulardan gaplar tuzish va suhbat jarayonida foydalanishga harakat qilishingiz zarur — bu uni xotirada saqlashning eng yaxshi usuli.

Yangi so‘zlarni xotirada saqlab qolishning yana bir oson usuli — bu kundalik uy-ro‘zg‘or buyumlari uchun yorliqlar tayyorlash va ularni uyingiz va jihoz hamda buyumlarga yopishtirishdir. Natijada, har safar chovgunni ishlatganingizda yoki oynaga qaraganingizda, ularni ingliz tilidagi nomlarini sekin-asta yodlab olishingiz va bu esa ularni ko‘rganda, ular darrov esingizga kelishiga yordam beradi.

Bundan tashqari, ingliz tilida so‘zlashuvchilar doimo foydalanadigan idiomatik iboralarni lug‘at daftariga yozib borish zarur. Sababi bunday iboralar so‘zma-so‘z tarjima qilish jarayonida umuman boshqa maʼnolarni anglatishi mumkin. Masalan , «It is raining cats and dogs» iborasi to‘gridan-to‘gri tarjima qilinganda «yomg‘irli mushuklar va itlar» degan maʼnoni beradi. Aslida esa ibora kuchli yomg‘ir yog‘ishiga nisbatan ishlatiladi. Bunday iboralarni yodlab o‘rganib borish talab etiladi, aks holda bu sizda biror bir narsa o‘qish, tinglash yoki ko‘rish davomida ko‘plab tushunmovchiliklar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.

Lug‘at olib yuring. 

Har doim yoningizda inglizcha lug‘at olib yurish (bu haqiqiy kitob yoki telefon ilovasi bo‘lsin) siz uchun juda foydali bo‘lishi mumkin.

Ingliz tilida suhbat jarayoni vaqtida biror bir so‘zni unutib qo‘yishingiz mumkin. Yoningizda lug‘at bo‘lganda esa, bu sizni juda ko‘p xijolatli holatlardan xalos qilishi mumkin — buni qidirish uchun bir necha soniya vaqt kerak bo‘ladi!

Noqulaylikdan saqlanishdan tashqari u, kerakli so‘zni jumladan qidirish, uni darhol so‘z birikmalarida ishlatishga yordam beradi.

Shunchaki poyezdda o‘tirganingizda, ko‘chani kesib o‘tishni kutayotganda yoki shunchaki bir piyola kofe ichganda lug‘atingiz bo‘lishi juda foydalidir. Ushbu texnikadan foydalanib siz kuniga 20-30 ta qo‘shimcha inglizcha so‘zlarni o‘rganishingiz mumkin.

O‘rganishni endi boshlagan vaqtda, ona tilimizda so‘z taʼriflarni beradigan inglizcha-o‘zbekcha lug‘atlardan, keyin esa bilimingiz oshgani sari so‘z tarjimalarini ingliz tilida tushuntirib beruvchi inglizcha-inglizcha lug‘atdan foydalanishga o‘tishingiz zarur bo‘ladi.

Oddiygina tuyilgan ushbu maslahatlar, sizga juda ko‘p til o‘rganuvchilarning muammosi bo‘lgan- so‘zlashish ko‘nikmasini sezilarli darajada yaxshilashingizga yordam beradi. Bu usullar sizga kutilgan maqsadga yana-da tezroq yetish imkoniyatini yaratib, bunda sizdan faqatgina bu amaliyotni har kuni kundalik hayotingizda qo‘llash talab etiladi.

Ingliz tilidan Muazzam Abduqahhorova tarjimasi

Manba: wiki How