Ingliz tilida tinglash, o‘qish va yozma qobiliyatlarni rivojlantiramiz: sinalgan usul va maslahatlar

Ingliz tilini o‘rganishda asosiy 4ta yo‘nalish farqlanadi: So‘zlashish (Speaking), tinglab tushunish (Listening), o‘qish (Reading) va yozma ko‘nikmalar (Writing). Tilni mukammal egalashni istagan o‘rganuvchilar ushbu sohalarda o‘z bilim darajasini oshirib borishlari zarur hisoblanadi. Sizga bugun ingliz tili poydevorlarining uchligi: «Listening», «Reading» va «Writing» ni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatma va maslahatlarni keltirib o‘tamiz.

Ingliz tilidagi radio eshittirishlar yoki podkastlarni tinglang

Tinglash qobiliyatini rivojlantirishning eng yaxshi usuli- ingliz tilidagi podkast yoki radio ilovalarni telefon yoki MP3 pleyeringizga yuklab olishdir.

  •  Har kuni ingliz tilidagi podkast yoki radio eshittirishlarni 30daqiqa tinglashga harakat qiling. Buning uchun alohida vaqt ajratish talab etilmaydi. Siz shunchaki bu ishni jismoniy mashqlar bajarish, biror ish qilish yoki kompyuter oldida o‘tirganingizda bajarishingiz mumkin.
  • Bunda asosiy e‘tiborni aynan nima mavzuda gap ketayotganini tushuna olishga qaratish zarur. Suhbatning asosiy mavzusi nima haqida ekanligini bilish uchun kalit so‘zlari va iboralarini topishga harakat qiling.
  • Tushuna olmagan so‘zlaringizni yozib oling va ularni lug‘atdan izlang. Keyin esa podkast yoki shoularni yana qaytadan tinglang.

Inglizcha kino va seriallarni tomosha qiling

Tinglash qobiliyatini yaxshilashning yana bir qiziqarli usuli ingliz tilidagi kino, multfilm yoki seriallarni tomosha qilishdir. Odatda biz madaniy hordiq olish uchun tomosha qiladigan ushbu kino yoki seriallarni, til o‘rganishda, xususan, tinglab tushunishni rivojlantirish uchun qo‘llashimiz mumkin.

  • Bu ishni o‘zingiz sevib tomosha qiladigan kino, multfilm va seriallardan boshlaganingiz ma‘qul. Chunki hikoyaning asosiy mazmunini bilish, siz tilni osonroq tushunishingizga yordam beradi.
  • Ammo ona tilingizda berilgan subtitrlar orqali ularni tomosha qilishdan qoching. Bu sizni faqatgina chalg‘itib, asosiy e‘tibor qilinish kerak bo‘lgan ingliz tilini tushunishga bo‘lgan diqqatni kamaytiradi.

Inglizcha kitob, gazeta yoki jurnallarni o’qing

O’qish yangi tilni o’rganishning ajralmas qismidir, shuning uchun uni mashq qilishni unutmang!

Sizni qiziqtirgan narsani qidirib toping — bu taniqli ingliz romani, Nyu-York Tayms yoki moda jurnali bo’ladimi buning farqi yo‘q. Asosiysi o‘qiydigan narsangizni siz uchun qiziq bo‘lishi, aks holda bu shunchaki zerikarli mashg‘ulotga aylanib qoladi xalos.

Asosiy e‘tiborni o’qiyotgan narsalaringizni haqiqatan ham tushunishga qarating, o’zingiz tushunmaydigan har qanday so’z yoki iborani ajratib olib, keyin esa ularni lug’atdan qidirib toping.

Yolg’iz bo’lgan paytingizda, ovoz chiqarib o’qishga urinib ko’ring — bu nafaqat o‘qish, balki talaffuzingiz ustida ham ishlashingizga imkon beradi.

Ingliz tilida kundalik tuting

O‘qish va tinglab tushunish ko‘nikmalari bilan bir qatorda Ingliz tilida yoza olish qobiliyatini rivojlantirish ham juda muhim sanaladi. IELTS imtihonlarida ko‘pchilik imtihon topshiruvchilarning muammosi ham aynan insholar yozish bilan bog‘liq ekanligi kuzatiladi. Ingliz tilida yozib borish gap tuzish, grammatika va yozish qoidalari ustida ishlash uchun yordam beradi.

  • Har kuni kundaligingizga bir nechta gaplarni yozib borishga odatlaning. Bu shaxsiy kechinmalardan iborat gaplar bo‘lishi shart emas, shunchaki ob-havo, tushlik uchun nima tanovul qilganingiz yoki bu kun uchun nimalarni rejalashtirganingiz haqida bo‘lishi ham mumkin.
  • Agar noqulay bo‘lmasa yozgan narsalaringizni tilni yaxshi biluvchi odamga tekshirtirib olishingiz mumkin. Bu sizga bir xil xatolarni qayta-qayta takrorlamaslikga yordam beradi.

Ingliz tilida yozishish uchun do‘st toping

Yozma konikmalarni rivojlantirganingizdan so‘ng, ularni amaliyotda sinab ko‘rishning eng yaxshi yo‘li — bu ingliz tilini biladigan yoki siz kabi o‘rganayotgan do‘st topish. Ijtimoiy tarmoqlarning kengayib borishi bugungi kunda dunyoning istalgan joyidagi insonlar bilan muloqot qilish imkoniyatini yaratib berdi. Bu esa siz uchun yozma ko‘nikmalarni qo‘llash va ingliz muhitini yaratishda ajoyib ko‘mak bo‘lib xizmat qiladi.

  • Ingliz tilida so‘zlashuvchi davlatlar (Amerika, Britaniya, Kanada, Irlandiya, Avstraliya, Yangi Zelandiya yoki Janubiy Afrika)da yashovchi do‘stlarni topish, sizga nafaqat tilni rivojlantirish, balki ularning madaniyati, turmush tarzi va odatlarini bilib olishingizga yordam beradi.

Asosiysi mehnat qilishdan to‘xtamang! Bugungi kunda ingliz tilini mukammal o‘rganganlar ham qachonlardir hozir siz turgan joydan boshlashganini unutmang! Har kuni o‘z ustimizda ishlash, qilingan mehnat vaqti kelib o‘z samarasini ko‘rsatishi ko‘plab odamlar tomonidan allaqachon isbotini topib ulgurgan.

Ingliz tilidan Muazzam Abduqahhorova tarjimasi

Manba: wikiHow