Tafakkur

“Tafakkur jarayonida fikr paydo bo’ladi, bu fikrlar insonning ongida muhim tushunchalar shaklini oladi. Tafakkur nutq – til bilan chambarchas bog’langan. Insonda tafakkur va nutq bo’lganligi tufayli u hayvonlardan farq qiladi va shu sababli u ongli mavjudotdir. Inson o’z atrofidagi olamda bo’lgan buyumlar va hodisalarni ongli ravishda idrok qiladi, ongli ravishda eslab qoladi hamda esga tushiradi va ongli ravishda harakat qiladi. Sezgi va idroklarga, xotira va tasavvurlarga nisbatan tafakkur odamlarning bilish va amaliy faoliyatida alohida ahamiyatga ega. Chunonchi, kishi fikr qilish faoliyati jarayonida o’z idroki, tasavvuri va fikrlarining to’g’riligini, aniqligini va haqiqiyligini belgilab oladi, bularning voqelikka muvofiqmi yoki muvofiq emasligini belgilab oladi. Masalan, biz quyoshning har kun Sharqdan chiqib, G’arbga botayotganligini hammamiz ko’ramiz (idrok qilamiz). Biz Yerning qimirlamay turganligini, quyosh esa yer atrofida aylanayotganligini ko’ramiz. Ko’p asrlar davomida juda ko’p kishilarning qilgan fikriy faoliyati natijasidagina, uzoq davom etgan kuzatishlar va tadqiqotlar natijasidagina haqiqatda quyosh yer atrofida aylanmasdan, balki yer o’z o’qi atrofida va quyosh atrofida aylanayotganligi aniqlandi. Demak, quyoshning harakati to’g’risidagi bizning bevosita idrokimiz voqelikka, haqiqatga to’g’ri kelmas ekan, voqelikning to’g’ri aks etishi, ya’ni haqiqat — bunda tafakkur yordami bilan aniqlandi. Yuqoriroq bosqichlarda bunday fikrlash tafakkur jarayonlaridagi hosil bo’lgan hukmlar va tushunchalar ularning chinligini yoki chin emasligini aniqlashda ifodalanadi. “