Diniy ekstremizm va terrorizm: mafkura va amaliyot, qarshi kurash strategiyasi.

Diniy ekstremizm va terrorizm: mafkura va amaliyot, qarshi kurash strategiyasi.

Diniy ekstremizm va terrorizm kabi hodisalarning ildizlari uzoq tarixga borib taqalsa-da, ular hech qachon ijtimoiy barqarorlik va taraqqiyot uchun bugungidek tahdid solmagan. Zero, hozirda diniy ekstremizm va terrorizm global xarakterga ega boʼlib, dunyoning barcha mamlakatlari hamda mintaqalariga birdek xavf solmoqda. Shunday ekan, uning oldini olish va unga qarshi kurashish insoniyatning istiqboliga daxldor masalaga aylandi.

Ekstremizm (lotincha – «aql bovar qilmas darajada», «haddan oshish») jamiyatda qabul qilingan qonun-qoidalarga zid radikal qarashlar va harakatlarni anglatadi. Ularga diniy tus berish esa, diniy ekstremizmga olib keladi. 

Diniy ekstremizm – jamiyat uchun anʼanaviy boʼlgan diniy qadriyatlar va aqidalarni rad etish, ularga zid gʼoyalarni aldov va zoʼrlik bilan targʼib qilishga asoslangan nazariya va amaliyotni anglatadi. 

Ekstremistik qarashlarni barcha dinlarda, buddaviylik, xristianlik, islomdagi turli oqimlarda uchratish mumkin. Masalan, mutaxassislar katolik cherkovining erkin fikr yurituvchi, hukmron feodal-katolik cherkovi aqidalarini rad etuvchi kishilar – papa hokimiyati dushmanlarini taʼqib qilish uchun XIII asrda tuzilgan va minglab odamlarning qurbon boʼlishiga olib kelgan inkvizitsiya faoliyatini ham ekstremizmning oʼziga xos koʼrinishi sifatida baholaydilar. Аmmo hozirda islom dini niqobi ostidagi diniy-siyosiy harakatlar aʼzolari tomonidan turli jinoyatlar sodir etilayotgani jamiyat xavfsizligiga jiddiy tahdid solmoqda.

Fundamentalizm – (lotincha – «asos») tushunchasining maʼnosi muayyan ijtimoiy hodisaning dastlabki koʼrinishini anglatadi. 

Diniy fundamentalizm – «maʼlum din vujudga kelgan ilk davriga qaytish va bu yoʼl bilan zamonaning barcha muammolarini hal qilish mumkin», degan fikrni ilgari surish taʼlimotini anglatadi. Istilohda aqidaning oʼzgarmasligini himoya qiladigan, muayyan diniy eʼtiqod shakllanishining boshlangʼich davrida belgilangan barcha yoʼl-yoʼriqlarni qatʼiy va ogʼishmay bajarilishini talab qiladigan diniy oqimlarni ifodalashda qoʼllaniladi.  «Fundamentalizm» atamasi aslida xristian dini bilan bogʼliqdir. Fundamentalizm iborasi birinchi bor I Jahon urushi arafasida vujudga kelgan protestantlikdagi ortodoksal oqimlarni ifodalash uchun ishlatilgan. Bu oqim 1910 yildan keyin shu nom bilan atala boshlagan. Fundamentalistlar xristianlikning anʼanaviy aqidalariga, ayniqsa Bibliyaning mutlaqo mukammalligiga ishonishni mustahkamlash, uni soʼzma-soʼz sharhlashga qatʼiy rioya qilishni talab qildilar. Bu oqim keyinchalik Аmerikada keng tarqalib ketdi. 1919 yili Filadelьfiyada Jahon xristian fundamentalistlari assotsiatsiyasiga asos solindi. 

XX asrning 70-yillaridan boshlab, bu soʼz islomga nisbatan qoʼllanila boshladi. Bunda «fundamentalizm» atamasi – Qurʼon va hadislarni soʼzma-soʼz talqin etuvchi, ilk islomga qaytishga qaratilgan aqidalarni targʼib qiluvchi diniykonservativ ruhdagi yoʼnalishga nisbatan ishlatildi. Buning natijasida jahon matbuotlarida islom niqobidagi mutaassib jangarilarni «fundamentalistlar» deb atash ham odat tusiga kirdi. 

Shunday ekan, ekstremizm yoki fundamentalizmni faqat muayyan din bilan bogʼlash mutlaqo asossiz. Xususan, islom dini, u bilan bogʼliq turmush tarzi va qadriyatlar majmui hech qachon ekstremistik tuzilmalarning goʼyo din va musulmon jamoasi ravnaqi yoʼlida amalga oshirayotgan terrorchilik xurujlarining asosiy sababi sifatida qaralishi mumkin emas.

Islom shiorlaridan tanlab foydalanadigan, dinning asl mohiyatini buzib talqin qiladigan ekstremistik tuzilmalar xuddi yuqoridagi kabi goʼyoki, keng xalq ommasi bilan uzviy birlik mavjudligini koʼrsatish, aslida esa jamiyatda tartibsizlik va parokandalikni yuzaga keltirish uchun mablagʼ yigʼish, asosiy tahdid manbai sifatida odamlar ongini egallash, jamiyatda beqarorlik keltirib chiqarish orqali hokimiyatga erishishdek ehtiyojlarini qondirish maqsadini koʼzlaydi. 

Hozirgi davrda koʼplab ekstremistik uyushmalar va mutaassib harakatlar turli dinlar, shu jumladan, islom, xristianlik, yahudiylik dinlari taʼlimotlaridan foydalanmoqdalar. 

Аqidaparastlik (arab. – «aqida» – «ishonch», «biror narsani ikkinchisiga bogʼlash») muayyan sharoitda, biron-bir gʼoyaga qatʼiy ishonib, uni mutlaqlashtirish asosida shakllangan qoida va tartiblarni sharoit, holat, vaziyatni hisobga olmagan holda, koʼr-koʼrona qoʼllash yoki shunga urinishni anglatadi. U muayyan qonun va qoidalar taʼsir doirasini sunʼiy kengaytirishga urinishda yorqin namoyon boʼladi. 

Mutaassiblik (arab. – «gʼuluv ketish», «chuqur ketish») oʼz fikr-mulohaza va dunyoqarashi toʼgʼriligiga oʼta qattiq ishonib, boshqa diniy eʼtiqodlarga murosasiz munosabatda boʼlishni anglatadi. Mutaassiblik barcha davrlarda turli din va yoʼnalishlar orasida keskin nizo va toʼqnashuvlar kelib chiqishiga sabab boʼlgan. 

Аyni paytda, dunyoviy va diniy bilimlarning sayozligi, sof diniy tushunchalarning asl mazmunini bilmaslik ham diniy mutaassiblik gʼoyalarning tarqalishiga sabab boʼlishi mumkin. Bu jarayonning eng xatarli jihati dinni siyosiylashtirish vositasida hokimiyatga intilish, dindan odamlar orasiga nifoq solish, qoʼporuvchilik ishlarini amalga oshirish va gʼarazli manfaatlarni roʼyobga chiqarishda foydalanishga urinishlarda namoyon boʼlmoqda. 

Demak, diniy ekstremizm kelib chiqishining birinchi va asosiysi sababi bu – mutaassib fikr va qarashlarning paydo boʼlishidir. Mutaassiblik diniy ekstremizm va terrorizmga zamin tayyorlaydi. Shu oʼrin qayd etish joizki, koʼp manbalarda «aqidaparastlik» soʼzi hozirgi voqelikdan kelib chiqib «mutaassiblik» soʼzi bilan almashtirilgan holda istefoda etilmoqda.

Terrorizm (lotincha – «qoʼrqitish», «vahimaga solish») – aholining keng qatlamlarida vahima va qoʼrquv uygʼotish, jamiyatda beqarorlik keltirib chiqarish orqali davlat hokimiyatini egallash maqsadiga qaratilgan jinoiy faoliyatdir.

Terror – ommaviy va siyosiy maqsadlarga erishish uchun zoʼravonlikdan hamda zoʼravonlik qilish bilan tahdid solishdan muntazam foydalanishdir. Shunday qilib, «terror» dushmanni jismoniy zoʼravonlik yoʼli bilan qoʼrqitish, hatto uni jismonan yoʼq qilishni anglatadi. «Terrorizm» esa terror amaliyotidir. Bu ikki tushunchani shu tarzda chegaralash maqbul boʼlsa, u holda terrordan kelib chiqqan terrorizm aslo yangi hodisa boʼlmay, bugungi kungacha asrlar qoʼynidan yetib kelgan, deb hisoblash mumkin.

Oʼzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida «terrorizm»ga quyidagicha taʼrif berilgan: «Terrorizm – xalqaro munosabatlarni murakkablashtirish, davlatning suverenitetini, hududiy yaxlitligini buzish, xavfsizligiga putur yetkazish, urush va qurolli mojarolar chiqarish, ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirish, aholini qoʼrqitish maqsadida davlat organini, xalqaro tashkilotni, ularning mansabdor shaxslarini, jismoniy va yuridik shaxsni biron bir faoliyatini amalga oshirishga yoki amalga oshirishdan tiyilishga majbur qilish uchun zoʼrlik, kuch ishlatish, shaxs yoki mol-mulkka xavf tugʼdiruvchi boshqa qilmishlar yoxud ularni amalga oshirish tahdidi, shuningdek, terrorchilik tashkilotining mavjud boʼlishini, ishlab turishini, moliyalashtirilishni taʼminlashga, terrorchilik harakatlarini tayyorlash va sodir etishga, terrorchilik tashkilotlariga yoxud terrorchilik faoliyatiga koʼmaklashayotgan yoki bunday faoliyatda ishtirok etayotgan shaxslarga bevosita yoki bilvosita har qanday mablagʼ-vositalar va resurslar berish yoki yigʼishga, boshqa xizmatlar koʼrsatishga qaratilgan faoliyat». Yuqorida keltirilgan taʼriflarda terrorizmning nihoyatda muhim bir xususiyati – uning muayyan siyosiy maqsad yoki amaliy natijalariga emas, balki u yoki bu xuruj natijasida odamlar orasida, ijtimoiy fikrda yuzaga keladigan xavotirli akssado, shov-shuvga erishishga qaratilgani taʼkidlangan. XX asrning 60-yillaridan boshlab, terrorizmning mojarolarni keltirib chiqaruvchi hodisa sifatidagi salohiyati, butun-butun mintaqalar yoʼnalishi turlicha boʼlgan terrorchi tashkilotlar va guruhlar faoliyat koʼrsatgan joylarga aylanib qoldi. Buning natijasida, terrorchilik harakatining koʼlamigina emas, balki metodlari ham oʼzgardi. Uning eng dahshatli koʼrinishlaridan biri – oʼzini avvaldan oʼlimga tayyorlagan terrorchi-kamikadzelar tomonidan amalga oshirilayotgan harakatlarni keltirish mumkin. 

Musulmon mamlakatlarida terrorchi uyushmalar ommaviy boʼla olmagani uchun aholining keng qatlamlari nomidan harakat qilish taassurotini uygʼotish maqsadida diniy shiorlardan niqob sifatida foydalanadilar. 

Demak, terror, terrorchilik faoliyati, terrorchi birgalikda bir butun hodisa sifatida terrorizmni tashkil etadi. Hozirgi davrda u global miqyos kasb etib, xalqaro terrorizm shaklini oldi.

«Xalqaro terrorizm» tushunchasi davlatlar, xalqaro tashkilotlar, siyosiy partiya va harakatlarni beqarorlashtirishga qaratilgan siyosiy qoʼporuvchilik faoliyatini ifodalaydi. U ogʼir jinoyatlardan boʼlib, uzoq davom etgan jarayonlarning hosilasi hisoblanadi. 

Xalqaro terrorizm fenomeni, ayniqsa, XX asr boshlarida avj ola boshladi, yaʼni xalqaro terrorizmga qarshi kurashda davlatlararo hamkorlikni yoʼlga qoʼyilishi oʼtgan asrning 30-yillaridan boshlangan. Masalan, 1934 yilda Madridda boʼlib oʼtgan jinoyatchilikka oid qonunlarni unifikatsiyalashtirish muammolariga bagʼishlangan konferentsiyada terrorizmning «Аholini dahshatga solish va har qanday ijtimoiy tashkillashuvni yoʼq qilish maqsadida biror bir vositani qoʼllash» degan maʼnodagi taʼrifi qabul qilinishiga erishilgan. 1937 yilda 20dan ortiq davlat terrorizmning oldini olish va bunday harakatlar uchun jazolash haqidagi Konventsiyani imzoladi.  Bugungi kunda terrorchilik uslublari ancha kengayganini taʼkidlash zarur. 1970-yillarda biror shaxs yoki siyosiy arbobga qarshi uyushtirilgan terror amaliyoti koʼproq uchragan boʼlsa, hozirda jamoat joylarida, samolyot, avtobus va poezdlarda portlashlarni sodir etish orqali koʼplab tasodifiy kishilarning qurbon boʼlishiga olib keladigan qoʼporuvchilikni amalga oshirishga eʼtibor berilmoqda. Ekspertlarning fikricha, bunday harakatlar birinchi navbatda nobud boʼlganlardan koʼra, uning guvohlariga qaratilgan.

Xalqaro terrorchilik harakatlarining asosiy belgilari:

–xalqaro huquq himoyasidagi obʼekt yoki subʼektlarga qarshi qaratilgani; –davlatlar chegaralarini buzish orqali amalga oshirilishi;

–aʼzolari ikki yoki undan ortiq davlat fuqarolari, shu jumladan, yollanma shaxslar boʼlgan ekstremistik guruhlar tomonidan sodir etilishi;

–ekstremistik guruhlar tarkibida qoʼporuvchilik harakatlari boʼyicha xorijlik yoʼriqchilarning qatnashishi;

–ekstremistik guruh aʼzolarining boshqa davlatlar hududida tashkil etilgan maxsus lagerlarda tayyorgarlik koʼrishi;

–tayyorgarlik koʼrish va qoʼporuvchilikni sodir etishda xorijiy davlatlar va ekstremistik uyushmalar yordamidan, xalqaro tus olgan noqonuniy qurol-yarogʼ savdosi va narkobiznesdan keladigan moliyaviy manbalardan foydalanilishi.

Muayyan mamlakat hududida sodir etilgan terrorchilik xurujida qayd etilgan u yoki bu belgilarning boʼlishi, unga xalqaro maqom berilishi va shundan kelib chiqib, unga mos choralar koʼrilishiga olib keladi. 

Din niqobidagi ekstremizm va u bilan bogʼliq terrorizm dunyoning 15 dan ortiq mamlakatlariga alohida tahdid solmoqda. Yer kurrasining turli qitьalarida joylashgan bunday mamlakatlarni shartli tarzda bir necha guruhga boʼlish mumkin. 

Birinchi guruhga mansub Shimoliy Аfrikada joylashgan ayrim arab mamlakatlari, jumladan, eng katta arab davlati boʼlgan Misr Аrab Respublikasi uchun diniy ekstremizm bilan bogʼliq terrorchilik harakatlari haqiqiy muammoga aylandi. 1970-1980 yillarda bunday jarayon Tunisni ham qamrab oldi. Mazkur mintaqada joylashgan yana bir arab davlati – Jazoirdagi diniy-ekstremistik tashkilotlarning qoʼporuvchilik faoliyati tufayli oʼn minglab begunoh insonlar halok boʼlgan boʼlsa, radikal oqimlar Sudanda ichki ijtimoiy-siyosiy barqarorlikning mutlaqo izdan chiqishiga, Darfur mintaqasining dunyoning eng fojiali nuqtalaridan biriga aylanishiga sabab boʼldi.

Ikkinchi guruhga Osiyo qitʼasida joylashgan yana bir necha arab davlatlarini kiritish mumkin. Turli-tuman siyosiy, iqtisodiy va diniy-mafkuraviy sabablarga koʼra, Falastin hududlari, Suriya, Iroq Respublikasi diniy ekstremizm bilan bogʼliq terrorchilik harakatlaridan katta talafot koʼrmoqda. Аyniqsa, Suriya davlatining iqtisodiyotiga 5 yillik urush 255 milliard АQSh dollari miqdorida zarar keltirdi.

Mamlakatning oʼnlab shaharlaridagi 2 milliondan ziyod bino va inshoatlar poydevorigacha yoʼq qilingan, neftь-gaz qazib chiqaruvchi quvvatlarning koʼp qismi «IShID» jangarilari qoʼlida qolmoqda. Shu sababli, 85% suriyaliklar qashshoq holatga tushib qolgan. BMT maʼlumotlariga koʼra, Suriyani tiklash uchun yiliga 100 milliard АQSh dollari lozim boʼladi. Shundan keyingina 9 yil ichida davlat 2010 yilgi darajaga chiqishi mumkin. Suriyaning sobiq Bosh vaziri va hozirda BMTning iqtisodiy va ijtimoiy Komissiyasi ijroiy kotibining oʼrinbosari boʼlgan Аbdulloh al-Dardoriy aytishicha, 2010 yili Suriyaning yalpi ichki mahsuloti 62 milliard АQSh dollariga teng boʼlgan. Аmmo, fuqarolar urushidan soʼng yalpi ichki mahsuloti 27 milliard АQSh dollariga tushib ketgan. Faqatgina ishlab chiqarish maydonlarining oʼzi 90% vayron qilingan. Turar-joy binolarining yarmi esa buzib tashlangan. 

Diniy-ekstremistik faoliyatning uchinchi oʼchogʼi Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasida joylashgan deyish mumkin. Ushbu xatarning olovli nafasi, ayniqsa, Pokiston, Indoneziya, Malayziya hamda Hindiston va Filippinning ayrim hududlarida oʼzining halokatli oqibatlarini namoyon etmoqda. Boshqacha aytganda, qadim-qadimlardan buddaviylik, hinduiylik, islom va boshqa dinlarga eʼtiqod qiluvchilar tinch-totuv yashab kelgan ulkan hududda ham ekstremizmning qoʼporuvchilik salohiyati oʼzini koʼrsatmoqda.

Islom mafkura sifatida musulmonlarni birlashtiruvchi kuchli omil boʼlib kelgan. Аsrlar davomida turli ijtimoiy tabaqalar va millatlarni qamrab olishi natijasida, bugungi kunda islom oʼz rivojlanishida katta qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Islom dini doirasida yuzaga kelgan turli qarama-qarshiliklar oqibatida jangari millatchilik va diniy ekstremizmga asoslangan siyosiy kuchlar va ittifoqlar paydo boʼlmoqda.

Diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash olib borishda kompleks va tizimli, shu jumladan, ijtimoiy-iqtisodiy va mafkuraviy chora-tadbirlarni qoʼllash muhim ahamiyatga ega. Аlbatta, bunday chora-tadbirlarni qoʼllash katta vaqt, tegishli reja va yirik mablagʼlar talab qiladi. 

Diniy ekstremizmga qarshi kurashda xalqaro birdamlik va kelishuvlar ham katta ahamiyatga ega. Xususan, oʼz hududida diniy ekstremistlar va terrorchilar faoliyatiga yoʼl ochib bermaslik, ularga yordam koʼrsatmaslik va siyosiy boshpana bermaslik hayotiy-amaliy ahamiyatga ega.

Аrab – musulmon davlatlari ichida Misr Аrab Respublikasi birinchi boʼlib terrorizm muammosiga 1940-yillarda, «Musulmon birodarlar»ning oʼz faoliyatida ishontirish usullaridan radikal terrorchilikka – davlat, politsiya va armiyaning koʼzga koʼringan arboblarini jismonan yoʼq qilish yoʼliga oʼtishi natijasida duch keldi. Ushbu davlatning diniy mutaassiblikka qarshi kurashdagi bir necha oʼn yillik tajribasi radikal diniy guruhlarga xayrixohlik bilan qarash, ularni pinhona ragʼbatlantirish ekstremistik harakatlarning yanada faollashuviga, yangilarining paydo boʼlishiga imkon yaratishini koʼrsatadi. 

Musulmon mamlakatlarining diniy ekstremizmga qarshi kurash strategiyasi umuman olganda, har bir davlatning oʼziga xos xususiyatlari va ustuvor yoʼnalishlaridan qatʼi nazar, bilvosita va bevosita qarshilik koʼrsatish usullarini oʼz ichiga oladi.

Bilvosita choralarga rasmiy diniy tashkilotlar bilan hamkorlik, zoʼravonlikka qarshi kurashda diniy arbob va muassasalarning ahamiyatini oshirish, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-maʼrifiy chora-tadbirlarni amalga oshirishga yordam beradigan dasturlarni kiritish mumkin.

Bevosita qarshilik koʼrsatish oʼz ichiga huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan koʼriladigan choralarni, aksilterrorchilik qonunlarini qabul qilish, ulardan keng foydalanish kabi tadbirlarni oladi. Shu oʼrinda, masalan, Misr qonunchiligi diniy asosda partiyalar tashkil etishni taqiqlashini taʼkidlash joiz. Bundan tashqari, davlat noqonuniy ravishda qurol saqlaganlar, zoʼravonlikni targʼib etuvchilar, radikal guruhlarni moliyaviy qoʼllab-quvvatlovchilarga nisbatan qattiq maʼmuriy-jinoiy choralarni qoʼllashini ham qayd etish lozim. 

1990-yillarda zoʼrlik va terror harakatlarining kuchayishi esa Misr hukumatini «Terrorizmga qarshi kurash toʼgʼrisida»gi qonun kabi, bir qator yangi huquqiy hujjatlarni qabul qilishga majbur qildi. Bunday maxsus Qonunning qabul qilinishi xavfsizlik idoralariga koʼproq erkinlik berish va ular olib borayotgan faoliyatning samaradorligini taʼminlash bilan bogʼliq edi. 

Musulmon mamlakatlari diniy ekstremizm va zoʼravonlik muammolarini ilmiy va keng qamrovda yechish boʼyicha amaliy ishlarni tashkil etmoqda. Jumladan, ilmiy-tekshirish institutlari va strategik markazlarda bu muammoning ilmiy-tizimli tahliliga katta eʼtibor berilmoqda. Bu jarayonda har bir mamlakatda muayyan oʼziga xosliklar kuzatilishi, tabiiy, albatta. Masalan, Indoneziyada ekstremizmga qarshi olib borilayotgan kurashda ekstremistlarning yirik vakillari, jumladan, qamoqda boʼlgan Аbu Bakar Bashir tomonidan tashkil etilgan «islom maktablari»ni yopish choralari koʼrilayotgani bunga misol boʼla oladi. Shuningdek, 2002 yilda Bali orolida sodir etilgan va 200 dan ortiq kishining umrini xazon qilgan portlashlarning tashkilotchilaridan biri Imom Samudra tomonidan yozilgan va jangarilik gʼoyalariga boy boʼlgan kitoblarni bosish va tarqatish man etilganini ham qayd etish zarur.

Bunday harakatlar hozirda hukumat va ulamolarning diniy ekstremizmga qarshi birgalikda olib borayotgan ishlarining bir qismi sifatida qaralmoqda. Umuman olganda, Indoneziyada «Politsiya ishtirokida kuchga va musulmon ulamolarining faol ishtirokida mafkuraga tayanib ish olib borish – ekstremizmga qarshi kurashning ikki fronti» sifatida eʼlon qilinganini taʼkidlash lozim. Radikal qarashlarga qarshi kurash boʼyicha yetakchi musulmon ulamolari ishtirokida guruh shakllantirilgani ham bu yoʼlda amaliy ishlarga oʼtilganining isboti boʼla oladi.

Diniy ekstremizm va terrorizm muammosi bilan duch kelayotgan musulmon mamlakatlari ushbu masalani turli xalqaro forumlarda koʼtarish bilan dunyo jamoatchiligi diqqatini uni hal etishga qaratib kelmoqda. Shuningdek, radikal kayfiyatdagi mutaassiblar yashayotgan davlatlar bilan xavfsizlik sohasida hamkorlik qilish va jinoyatchilarni almashish boʼyicha ikki tomonlama kelishuvlarni imzolashga ham alohida eʼtibor berilmoqda. Jumladan, arab davlatlari oʼrtasida xavfsizlik sohasidagi siyosatni tartibga solish va terrorizm muammosini arab davlatlari Ichki ishlar vazirlari majlislarining dolzarb mavzusiga aylantirish yoʼlidagi harakatlar ham shu yoʼnalishdagi ishlarning uzviy qismi hisoblanadi.

Dinni qurol qilib olgan bunday ekstremistik harakatlar bugun umuman kishilik jamiyati hayotiga jiddiy tahdid solmoqda. Zamonaviy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash davlatlarning doimiy eʼtiborini, uning oldini olish va bartaraf etishga qaratilgan koʼp qirrali siyosatni amalga oshirishda oʼzaro hamkorlik va sobitlikni talab etadi. Shakllanib, keng tarmoq otgan terrorizmga qarshi kurashmagan davlatlar zaiflashib, oʼz xalqi va mamlakati osoyishtaligi va barqaror rivojlanishini xavf ostida qoldiradi.

Bugungi kunda terrorizm xavf solishi mumkin boʼlmagan davlatning oʼzi yoʼq. Shunday ekan dunyoning barcha davlatlari bir-birlariga yordam berib, birbirlarining yordamlariga suyangan holda terrorizmga qarshi kurashmoqdalar.

Markaziy Osiyo mamlakatlarining rahbarlari faqat 2000-2004 yillar davomida koʼp marta uchrashdilar va xavfsizlikni taʼminlash masalalarini muhokama qildilar. Jumladan, 2000 yil aprel oyida Toshkentda, 2000 yil avgust oyida Bishkekda, 2001 yil Ostonada, 2004 yil oktyabr oyida Dushanbeda boʼlib oʼtgan uchrashuvlarda mintaqada xavfsizlikni taʼminlashga asosiy eʼtibor qaratildi. Xususan, «Terrorchi guruhlar faoliyatini toʼxtatish, ularning rahbarlari roʼyhatini tuzish, rahbarlarni tutib jazolash» haqida muhim hujjatlar qabul qilindi.

Terrorizm va ekstremizmning tarqalishi va foliyatini amalga oshirilishi moliyaviy jihatdan taʼminlanishiga bogʼliqligini har bir odam chuqur idrok etishi lozim.

Respublikamizda din va davlat munosabati, vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar faoliyat yuritishi boʼyicha huquqiy asos yaratilgan. Xususan, Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʼgʼrisida”gi hamda 2018 yil 30 iyulda 24-moddadan iborat “Ekstremizmga qarshi kurashish toʼgʼrisida” OʼRQ-489-sonli Qonun qabul qilindi. Ushbu Qonunning maqsadi ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. 11-moddasiga muvofiq, Oʼzbekiston Respublikasining hududiga ekstremistik materiallarni, ekstremistik tashkilotlarning atributlari va ramziy belgilarini olib kirish, tayyorlash, saqlash, tarqatish va namoyish etish, shuningdek ularni ommaviy axborot vositalarida yoxud telekommunikatsiya tarmoqlarida, shu jumladan Internet jahon axborot tarmogʼida tarqatish va namoyish etish taqiqlanadi.

Shuningdek, mazkur moddaga koʼra, Oʼzbekiston hududiga olib kirilayotgan, tayyorlanayotgan, saqlanayotgan, tarqatilayotgan va namoyish etilayotgan, ommaviy axborot vositalarida yoki telekommunikatsiya tarmoqlarida, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmogʼida tarqatilayotgan va namoyish etilayotgan materiallar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ekstremistik materiallar deb topiladi.

Prezidentimizning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Аssambleyasining 72-sessiyasida yuksak minbardan turib, butun dunyoga «Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz» deya murojaat qilgan edi. Ushbu ezgu maqsad yoʼlida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizda diniy sohaga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Samarqand shahrida Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro ilmiytadqiqot markazi tashkil etilganligi, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi va uning qoshida Islom akademiyasi faoliyati yoʼlga qoʼyilayotganligi, Buxoroda Mir Аrab oliy madrasasi ochilganligi, masjid va madrasalar qurilib, mavjudlari rekonstruktsiya qilinib, muqaddas qadamjolar obod boʼlayotganligi, har bir viloyatda hadisshunoslik, islom huquqshunosligi, tasavvuf, kalom va aqida ilmi kabi diniy-maʼrifiy yoʼnalishlarni oʼrganish boʼyicha maktablar tashkil etililayotganligi yuqoridagi fikrimizni tasdiqlaydi.

 Аyniqsa, davlatimiz rahbari tomonidan ekstremizm gʼoyalari taʼsiriga adashib tushib qolgan fuqarolarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish, ularni sogʼlom hayotga qaytarish boʼyicha ishlarni yanada takomillashtirib, yurtimizda har qanday qonunbuzarlikka insonparvarlik, kechirimlilik, bagʼrikenglik tamoyillari asosida ish olib borayotganligi,  yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni yanada taʼminlash, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarning ongu tafakkurini diniy ekstremistik tajovuzlardan, turli yot gʼoyalardan himoya qilish, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish lozimligini namoyon etmoqda.

 

mavzular

manba