Mezolit davri va uning o’rganilishi.

Mezolit davri va uning o'rganilishi.

Mezolit davri va uning o’rganilishi.

Yer yuzida muzliklarning chekinishi natijasida iqlim o‘zgaradi. Bu esa, o‘z navbatida ibtidoiy odamlarning turmush tarzida o‘zgarishlarga olib keladi.  Olimlar bu davrning o‘ziga xos xususiyatlarini e’tiborga olib, uni o‘rta tosh davri, ya’ni mezolit davri deb belgilaganlar.

“Mezolit” so‘zi yunoncha  “mezos”—o‘rta,  “litos”—tosh  so‘zlaridan  kelib  chiqqan bo‘lib,  miloddan  avvalgi  12  ming  yilliklardan  7 ming  yilliklargacha  davom  etgan.

Mezolit  davrida  iqlimning  o‘zgarishi  bilan  hayvonot  dunyosi  ham  o‘zgaradi.  Paleolit davridagi  yirik  hayvonlar  yo‘qolib, ular  o‘rniga tez chopar va mayda hayvonlar: arhar, muflon, tog’  echkisi, bug’u,  jayron, qulon, quyon, arslon, yo‘lbars, bars, qoplon va  boshqa hayvonlar paydo  bo‘ldi. Ularni ilgaridagidek ovlash  ibtidoiy odam uchun murakkablik tug’dirdi. Natijada o‘q-yoy ixtiro qilindi. Bu mezolit davrining eng katta yutug’i edi.

Ibtidoiy  ovchilar    hayvonlar (asosan bug’ular) izidan  yurib, yangi—yangi yerlarni  o‘zlashtirib  bordilar. Shu sababli, mezolit  davri  odamlari  keng  xududlarga tarqalganlar. Mezolit  davrida  O‘rta  Osiyoning  deyarli  barcha  hududlari  yashash  uchun qulay  bo‘lgan.   Amudaryo bilan Sirdaryo  oraliqlarida  mezolit  davriga  oid  yodgorliklar ko‘p uchraydi.

Bu  davr jamoasida  diniy tasavvurlar  ma’lum  bir  shaklga  kirdi. Bu haqda  mezolit  davri mozorlari, qoyatosh  rasmlari darak beradi. O‘rta Osiyodagi mezolit  davri  yodgorliklaridan   3tasida– Qayla, Tutkaul, Machay makonlarida  mozorlar topilgan. Ular  mezolit  davrining  so‘ngi  bosqichiga  taalluqli. Qayla  g’orida  2 mozor  o‘rganilgan. Skeletlar  chalqanchasiga  yotqizilib, oyoqlari  biroz  bukilgan, ustiga  oxra  sepilgan. Yonlarida  dengiz  chig’anoqlaridan  yasalgan  taqinchoqlar  topilgan. Bosh  suyagi  ustiga ham  mayda  tosh  munchoqlar  tizib  chiqilgan. Boshqa  mozorlarda  ham  shu holat  kuzatilgan. Bularni  barchasi  narigi  dunyoga  ishonishni  bildiradi.

Jahon arxeologiyasida  mezolit  davri  2  bosqichga:  Azil  va  Tardenuazga bo‘linadi. (3-jadval) Ular   Frantsiyadan  topilgan  makonlar  nomlari bilan atalgan. Azil davri tosh qurollarining asosiy xususiyatlaridan biri –mikrolit  qurollarning  yasalishidir  (yunoncha mikros—kichik). Ular  asosan  o‘q  uchi  vazifasini  bajargan.

Ularning  ko‘pchiligi  tol  bargiga  o‘xshash  bo‘lgan.

Tardenauz  makonlarida   mikrolit  qurollar juda  ko‘p  uchraydi.  Ular  juda  mayda  bo‘lib,  ba’zilari  1 sm ga  yetar  yetmas  bo‘lgan,  2  sm lilari  esa  kam  uchraydi.   Mikrolitlar  turli  xil  geometrik  shaklda  bo‘lgan (uchburchak, trapetsiya, romb). Ularning   ishlatilishi haqida  2  xil  fikr  mavjud:

  • tayoq uchidagi yoriqqa  tiqilgan va    kamon o‘qi
  • suyak yoki  yog’och  qurolllarga  taqab o‘tkir  tig’  hosil

O‘rta Osiyo mezoliti industriyasini o‘rganish orqali olimlar ulardagi rivojlanish jihatlarini aniqladilar. Shu asosda ularni ilk, o‘rta va so‘nggi bosqichga bo‘ldilar.

Ilk mezolit bosqichi yodgorliklarida mikrolit texnikasi endigina paydo bo‘lgan. Bunday yodgorliklarda geometrik shakldagi (segment, trapetsiya, uchburchaksimon) tosh buyumlar kam uchraydi. Mikroparaqalar kam. Bu davr yodgorliklarida so‘nggi paleolitga doir qirg’ichchalar, o‘zaklar, paraqalar ko‘p tarqalgan.

12 ming yil oldin hozirgi Iroq xududida qo‘lga o‘rgatilgan it qoldiqlari topilgan. Yovvoyi qo‘y va echkilarni insonlar asta sekinlik bilan qo‘lga o‘rgatila boshlangan.  Ular ov jarayonida hayvonlarning bolalarini olib kelib parvarish qilganlar va ular voyaga yetib,  ko‘paya boshlagan

O‘rta mezolit bosqichida geometrik shakldagi mikrolit qurollarning yirik va qalinroq turli tiplari paydo bo‘ladi. Qirg’ichchalarning har xil shakldagilari vujudga keladi. Bunday qurollar ko‘pincha tosh siniqlarining qirra tomonlariga va paraqalarning uchqir tomonlariga tig’ chiqarish usuli bilan yasalgan, ularning  hajmlari ancha kichiklashtirilib, takomillashtirilgan. O‘zaklardan pichoqsimon uchirma ajratib olish texnikasi vujudga keladi. O‘rta mezolit davri yodgorliklarining yana bir xususiyati qayroqtoshlardan yasalgan qurol va qirg’ichlarning borligidir.

So‘nggi mezolit davrida mehnat qurollarining ko‘pchilik turlari  maydalashgan. Qalamsimon mitti o‘zaklar soni ko‘paygan. Tosh bigiz paydo bo‘lgan. Ikkala uchli tomonlari yo‘nilgan shakldagi paraqalar va mikroparaqalar soni ko‘payadi. Bu davr yodgorliklarida qurollarni yasash texnikasi murakkablasha boradi.

Bu bosqichlarga oid yodgorliklar quyidagi guruhlarga ajratilgan:

  1. Ilk mezolit bosqichi miloddan avvalgi  XI—X  ming  yilliklarni  o‘z  ichiga oladi. Ko‘shilish madaniyatida o‘z aksini topgan.
  2. O‘rta mezolit bosqichi miloddan avvalgi   IX—VIII  ming  yilliklar  bo‘lib,   Obishir  madaniyatida o‘z aksini topgan.
  3. So‘nggi mezolit bosqichi miloddan avvalgi  VII—VI   ming  yilliklar bo‘lib, Machay  madaniyatida o‘z aksini topgan.

O‘zbekistondagi mezolit davri yodgorliklarida prizma, konus, pona shakllaridagi nukleuslar topilgan. Tosh paraqalari bir tomonlama kertma tarzda o‘tkirlangan. Qirg’ich qurollari tosh uchrindilardan va parchalaridan ishlangan.

Shuningdek,  tog’li hududlarda nukleuslar qayroqtoshlardan bo‘lgan.

Toshkentning  g’arbida  qadimgi  Bo‘zsuv  anhorining  chap  sohilidan  topilgan. U yerdan  nukleuslar,  mayda paraqachalar, qirg’ichlar va  hech bir makonda  uchramaydigan  uchburchak  shaklidagi  qurollar  topilgan. Qo‘shilishning madaniy qatlamidan topilgan mazkur qurollar so‘ngi tosh davri qurollariga nisbatan o‘zining ancha ixchamligi va qurol turlarining xilma–xilligi bilan ajralib turadi.  Bu yerdan topilgan nukleuslar va qirg’ichlar Farg’onadagi Obishir I, Y, Achchiko‘l va Machaydan topilgan nukleuslar va qirg’ichlarga o‘xshab ketadi. Lekin Qo‘shilishdagi qurollar ancha qadimiy arxaik xususiyatga egadir. Qo‘shilishdan topilgan qurollarda o‘ziga xoslik ham bor, ya’ni bu yerda geometrik shaklda yasalgan qurollar uchramaydi. Shuningdek, Qo‘shilishda boshqa makonlarda bo‘lgan pichoqsimon  paraqalar  topilgan emas. Qo‘shilish  qurollarining ba’zilari  Yaqin  va  O‘rta  Sharqdagi  Shanidavr, Paligavr, Gari-Kamarbanddan  topilgan  qurollarga  o‘xshab  ketadi.

Ayrtom  yodgorligi  janubiy O‘zbekistondagi mezolit davri yodgorliklaridan biri hisoblanadi. U  Termizdan  18 km  sharqda, Amudaryoning o‘ng sohilida joylashgan ko‘p qatlamli yodgorlikdir.  Bu yerdan mezolit  davriga  oid  tosh  qurollar, nukleuslar, pichoqsimon paraqalar, uchrindilar, qirg’ichlar, teshgichlar, tosh parmalagichlar,  o‘q va nayza uchlari  topilgan. Ular Obishir, Tutqovul, yodgorliklaridan topilgan tosh qurollariga o‘xshab ketadi.

Obishir g’or–makoni Farg’ona  vodiysining  janubidagi  Qatron tog’idan  topilgan  Obishir  I  va  Obishir  V  g’or–makonlari  miloddan  avvalgi  IX–YIII  ming  yilliklarga  oiddir. Obishir  1 g’or–makoni  Haydarkon  shaharchasidan  4-5 km  sharqda  joylashgan. U yerning madaniy qatlamlaridan   mikrolitlar, bigizlar, qirg’ichlar, pichoq  qadamalari, nukleuslar topilgan. Ular boshqa joylardan topilgan mezolit davri qurollariga o‘xshaydi.Obishir V g’or– makoni  esa  Obishir 1 dan  200  metrcha  g’arbda  joylashgan. U  yerda  3 ta madaniy  qatlam  aniqlangan.  U  yerdan  topilgan  mehnat  qurollarining ishlanish texnikasi  Obishir  1 ga  o‘xshaydi. U yerning quyi madaniy qatlamlaridan oq–qora va kul rang chaqmoqtoshdan yasalgan mikrolitlar– paraqalar, pichoq qadamalari, qirg’ichlar, keskichlar, teshgichlar, o‘roq– randalar va turli shakldagi nukleuslar topilgan. Shuningdek bu yerdan yovvoyi hayvonlarning parchalangan va sindirilgan suyaklari ham topilgan.

Markaziy  Farg’onadan  bu davriga  oid 100ga yaqin  joydan  makonlar  topilgan. Ulardan Ittak qal’a, Sho‘rko‘l, Achchiko‘l, Yangiqadam, Bekobod, Zambor, Bosqumlar diqqatga  sazovordir.  U yerlardan  har xil shaklda  retushlangan va retushlanmagan nukleuslar, qirg’ichlar, paraqalar, mayda geometrik  qurollar topilgan. Bu yerda ko‘proq mayda nukleuslar uchrab, yirik nukleuslar deyarli uchramaydi. Bu yerdan topilgan mehnat qurollari qora, yashil, jigarrang chaqmoqtosh, slanets va boshqa toshlardan yasalgan.  Bu yodgorliklar  ochiq joydagi  makonlar  bo‘lib, madaniy  qatlamlar yo‘q. Tadqiqotchilar fikricha, Markaziy Farg’onadagi ilk va so‘nggi mezolit davri makonlar o‘sha vaqtning o‘zidayoq tashlab ketilgach, buzila boshlagan.   Hozirda bu joylar keng qum barxanlari ostida qolgan. Lekin mezolit va neolit davrlarida bu yerlarda ko‘llar bo‘lgan. Ibtidoiy odamlar shu ko‘l sohillarda yashaganlar.  Termachilik, ovchilik, baliqchilik bilan shug’ullanganlar.

Machay  g’or  makoni Mezolitning so‘nggi bosqichiga oid yodgorlik bo‘lib, u  Hisor  tizmasining  Ketmonchopti  tog’ining  janubidan  Machay  daryosining  o‘ng  sohilidan  topilgan.

G’or–makon  ko‘p  qatlamli  bo‘lib, u yerdan ko‘p miqdorda tosh qurollari va oz miqdorda suyakdan yasalgan mehnat qurollar ham topilgan. Suyak  qurollar 15  nusxada bo‘lib, ular  bigiz, igna, so‘zan va boshqalardir.  Tosh qurollardan har xil shakldagi nukleuslar, retushlangan va retushlanmagan paraqa va paraqachalar,  tosh  pichoqlar, arrasimon qurollar, keskich, ushatgich toshlar, nayza va o‘q uchlari, trapetsiyalar, sigmentlar va boshqa xil qurollar   topilgan. Machay g’oridan topilgan qurollarning ishlanish texnikasi, katta kichikligi Machay  g’orining madaniy qatlamlaridan  antropologik materiallar – odam bosh suyaklari, tishi, jag’i va boshqa a’zolarining suyak qoldiqlari  topilgan. Tadqiqotlar natijasida  kalla suyaklarining biri ayol kishiga,  biri erkak kishiga  va  uchinchisi yosh bolaga  mansub ekanligi aniqlandi.  Antropologik materiallarni chuqur o‘rganish asosida, ular  yevropoid  irqiga  mansub deb topildi. Bu materiallar O‘zbekistonning eng qadimgi  aholisini, uning tashqi qiyofalarini aniqlashda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.

G’orning madaniy qatlamlarini qazish jarayonida antropologik materiallar bilan bir qatorda xilma–xil hayvonlarning suyaklari – paleontologik materiallar ham topildi.   Palezoolog  B. Botirov  Machay  g’oridan  20  xildan  ortiq  hayvon  suyaklarini  topdi. Ular qizil bo‘ri, tulki, bars, moynali suvsar, quyon, jayra, olmaxon,  dalasichqon, to‘ng’iz, Buxoro bug’usi, ayiq, echki, toshbaqa va boshqa yovvoyi hayvonlarga mansub bo‘lgan. Machayliklar  asosan  arhar va  jayron  ovlaganlar.

G’ordan   hayvon suyaklarining topilishi bu yerda yashagan mezolit davri kishilari ovchilik va termachilik shug’ullanganliklarini bildiradi. Tadqiqotlar g’orning mil.av. YII – YI ming yilliklarga mansub ekanligini ko‘rsatdi.

Muallif: N.A. Egamberdieva.

mavzular

manba