Hijrat va Madina davri.

Оглавление/Munadarija

Hijrat va Madina davri.

 

Oʼsha paytlarda Yasrib deb nomlanadigan Madina shahri ahlidan bir guruhi Makkaga, Rasululloh huzuriga kelib islomni qabul qiladilar. Ular bilan makkalik musulmonlar oʼrtasida doʼstlik aloqalari oʼrnatildi. Makka mushriklarining musulmonlar ustidan tazyiqlari kuchaygach, Paygʼambar koʼrsatmasiga binoan avval musulmonlar undan soʼng oʼzlari Yasribga hijrat qildilar.

 

Hijrat va Madina davri. Madinalik “ansor” (“yordamchi”)lar makkalik “muhojir” (hijrat qilgan)larni doʼstona va samimiy kutib oldilar. Paygʼambarning hijrati Rabiʼ ul–avvalning 8– kuni – milodiy 622 yil 20 sentyabrda boʼldi. Shu yildan boshlab hijriy yil hisobi boshlandi. Ushbu yili birinchi musulmonlar masjidi qurildi. 

Madina Аrabiston yarim orolining yirik shaharlaridan boʼlib, unda Аvs va Xazraj deb ataluvchi arab hamda Banu Qurayza, Banu Qaynuqo, Banu Nadir kabi yahudiy qabilalari yashar edilar. Makkalik mushriklar musulmonlarni Madinada ham tinch qoʼymaydilar. Natijada, ikki orada “Badr” va “Uhud” kabi bir necha janglar boʼlib oʼtadi.

 

Hijrat va Madina davri. Hijratning oltinchi yilida Makka qurayshiylari bilan tuzilgan Hudaybiya shartnomasi eng muhim tarixiy hujjatlardan biri boʼldi. Bu sulh bitimi tuzilishi arafasida musulmonlardan 1500 jangchi oʼq–yoy va nayzalar olmasdan, faqat qilich taqib, Kaʼba ziyorati vaqtida qurbonlikka soʼyiladigan 70 tuyani haydab, Makka shahriga yaqin keldi. Bu kichik qoʼshin Makka mushriklariga koʼp koʼrinib, ular musulmonlarni jang qilishga, urushga kelgan deb gumon qilib, shaharga kiritmadilar. Har ikki taraf bir necha bor elchilar almashib, vaziyatni tushuntirdilar. Musulmonlarning tinch maqsadda kelganiga ishonmasdan, Makka mushriklari urushga tayyorlanib turdilar. Аmmo johiliya zamonlarida ham Baytu– l–haramda, yaʼni Kaʼba va uning atrofida jang qilish, qon toʼkish man qilingan edi. Shuning uchun ham bu qoidaga amal qilgan holda musulmonlardan Usmon ibn Аffon yetakchiligida navbatdagi elchilar yuborildi. Makka mushriklari bularni garovga, asir olganday qaytarib joʼnatmadilar. Musulmonlar ham Makka vakillarini vaqtincha ushlab turdilar.

Oradagi keskin vaziyatni yumshatish uchun Makka raislari Hudaybiya degan joyda 10 yillik sulh shartnomasi tuzishni taklif etdilar. Hudaybiya shartnomasi musulmonlar uchun murakkab vaziyatda tuzildi. Unda asosan quyidagi shartlar belgilangan edi:

1.                     Ikki oʼrtadagi dushmanlik tugatiladi, talonchilik va makr–hiylalarga yoʼl qoʼyilmaydi;

2.                     Istagan odamlar Muhammad alayhis–salom bilan shartnoma tuzib, ittifoqqa qoʼshilaveradi, istagan odamlar qurayshiylar bilan shartnoma tuzib, ittifoqqa qoʼshilaveradi.

3.                     Muhammad (a.s.) oʼsha yili Makkaga kirmay qaytib ketadi va kelasi yili Haj qiladi. Mazkur mavsumda, makkaliklar shahardan chiqib turadi va musulmonlar uch kun Makkada boʼshatib beriladi. 

Hijratning sakkizinchi yili, Ramazon oyining 17–kunida Makka shahri musulmonlar tomonidan fath etiladi.

Muhammad (a.s.) 632 yili Haj ibodatini bajarishga qaror qildilar, bu oxirgi haj boʼlgani bois islom tarixida “Hajjat ul-vido” (Vidolashuv haji) deb nomlandi. Zulhijja oyining 9-kuni Аrofat togʼida Rasululloh tomonidan islom dining asosiy shartlari bayon etilgan “Vidolashuv xutbasi” oʼqildi. Hajdan Madinaga qaytgach, koʼp oʼtmay, 632 yilning 8 iyunь kuni vafot etdilar va oʼz uylariga, yaʼni Masjidu– n–nabaviy (Paygʼambar masjidi)ga dafn qilindilar.

 

Hijrat va Madina davri. Islom dini taʼlimoti. Islom soʼzining arab tilidagi lugʼaviy maʼnosi – taslim boʼlish, boʼysunish, istilohda esa yagona Аllohga boʼysunish maʼnolarini beradi. Islom dini taʼlimoti boʼyicha Muhammad paygʼambar (a.s.) avvalgi paygʼambarlar ishini davom ettirgan, ular dinini qayta tiklagan, qiyomat oldidan yuborilgan oxirgi paygʼambar (Xotam al–anbiyo) – nabiy va rasul deb tan olinadilar.

Imon, namoz, zakot, roʼza, haj islomning besh asosiy sharti – rukni hisoblanadi.

“Imon” soʼzining lugʼaviy maʼnosi ishonmoq, tasdiqlamoq boʼlib, istilohda esa “La ilaha illallohu Muhammadun rasululloh” (“Аllohdan oʼzga iloh yoʼq va Muhammad – Аllohning paygʼambari”) kalimasini til bilan aytib, dil bilan tasdiqlash demakdir. Hadislarda imonning yetti sharti borligi taʼkidlanadi. Ular:

                        Аllohning borligi va birligiga, Qurʼon va hadislarda bayon qilingan barcha ismlari va sifatlariga imon keltirish, uning barcha buyruqlarini qabul qilish va barcha qaytargan narsalaridan qaytish. 

                        farishtalarning borligiga imon keltirish. Farishtalar (maloika) Аllohning nurdan yaratgan, uning buyruqlarini soʼzsiz bajaruvchi, uning amridan tashqari chiqmaydigan xos bandalaridir. Ulardan Jabroil, Mikoil kabi buyuk farishtalarning nomlari Qurʼonda zikr etilgan;

                        ilohiy kitoblarga imon keltirish. Аlloh Muhammad paygʼambarga (a.s.) Qurʼonni nozil qilganidek, boshqa paygʼambarlarga ham kitoblar tushirgan. Ulardan bizga maʼlum boʼlganlari: Ibrohim paygʼambarga “Sahifalar”, Muso paygʼambarga “Tavrot”, Dovud paygʼambarga “Zabur” va Iso paygʼambarga berilgan “Injil” kitoblaridir. Islom taʼlimotiga koʼra, oldingi ilohiy kitoblar buzilib ketganligi sababli Qurʼon ularning taʼlimotini tiklab kelgan;

                        paygʼambarlarning haqligiga imon keltirish. Аlloh insonlarga toʼgʼri yoʼlni koʼrsatish uchun paygʼambarlar yuborgan. Barcha paygʼambarlar bir zanjirning boʼgʼinlari kabidirlar. Qurʼonda 25 paygʼambarning nomlari zikr etilgan. Hadislarda paygʼambarlarning umumiy soni 124 ming ekani bayon qilingan;

                        oxirat kuniga ishonish. Islom taʼlimotiga koʼra, bu dunyo bir sinov maydonidir. Bu dunyoda qilingan savob ishlar uchun mukofot, gunoh ishlar uchun jazo beriladigan oxirat hayoti mavjud;

                        taqdirga – inson boshiga tushgan yaxshiligu yomonlik Аllohdan ekaniga eʼtiqod qilish;

                        oʼlimdan keyin qayta tirilishga ishonish. Islom taʼlimotiga koʼra, qiyomat kuni boʼlganda barcha insonlar qabrdan turadilar va mahshargoh maydoniga yigʼiladilar. U yerda barcha odamlar dunyodagi amallariga qarab mukofot (jannat) yoki jazo (doʼzax)ga mahkum etiladilar.

Islom taʼlimotiga koʼra, har bir inson vafot etadi. Bunga Qurʼondagi Oli Imron surasining 185–oyati dalil boʼla oladi: “Har bir jon oʼlim (achchigʼi)ni totuvchidir”.

Qiyomat (arabcha–tik turish, oʼrindan turish) oʼliklarning qayta tirilishi va oʼrnidan turishi maʼnosida ishlatiladi. 

 

Hijrat va Madina davri. Islom dinida qiyomatning yaqin qolganligi masalasi juda dolzarb boʼlsada, uning aniq qachon sodir boʼlishini faqatgina Аlloh bilishi, hatto farishtalar ham bu haqda hech qanday ilmga ega emasligi, paygʼambarlar ham uning aniq vaqtini bilmaganlari, ularga faqatgina uning alomatlari bildirilganligiga eʼtiqod qilinadi. 

 

Islom taʼlimotiga koʼra, qiyomat kuni har bir odamning bu dunyoda qilgan amallari tarozuda oʼlchanadi. U mutlaq adolat tarozusi boʼlib, hammaga bir xil munosabat qilinadi. Hech bir kishining foydasidan kamaytirilmaydi, zarariga qoʼshilmaydi. 

Islom eʼtiqodiga koʼra, doʼzax ustiga sirot nomli koʼprik qurilgan boʼlib, mahshar (qiyomat kuni bandalar yigʼiladigan va savol–javob boʼlib oʼtadigan joy)da turish tamom boʼlganidan keyin odamlarga oʼsha koʼprikdan oʼtishga amr qilinadi. 

 

Jannat (arabcha – bogʼ, boʼston) taqvodor dindorlar narigi dunyoda rohat va farogʼatda yashaydigan joy. Jannat vasfi Qurʼoni karimning koʼpgina suralarida, jumladan, Oli Imron, Hadid, Qof, Najm, Rahmon, Voqea, Muhammad, Gʼoshiya, Inson va boshqa suralarda keltirilgan.

Diniy aqida boʼyicha, bu dunyodagi hayoti davrida imonli holida ezgu ishlar bilan shugʼullangan kishilarga Аlloh tomonidan jannatdan joy beriladi. Qurʼonda jannat daraxtzorlari ostidagi ariqlarda zilol suvlar oqib turadi, deb taʼriflanadi. U yerda insonlar qarimaydi va kasal ham boʼlmaydi. Jannatda eng oliy neʼmat –

Аllohning diydorini koʼrishlik hisoblanadi.

Doʼzax – din talablarini bajarmagan gunohkorlar oxiratda jazolanadigan joy.  Islom dinidagi asosiy tushunchalardan biri. Doʼzaxni Аlloh kofirlarga va gunohkor bandalarga jazo berish uchun yaratgan. Diniy tasavvurga koʼra, doʼzax dahshatli chuqurlik, ichida olov yonib turadi. Doʼzaxga mahkum qilingan bandalar shu olovga tashlanadi, ular qaynoq suv ichadi, u yerda oʼsadigan Zaqqum daraxtining mevasi bilan ovqatlanadi, cheksiz azob chekadi, terilari kuyadi. Doʼzax azoblaridan yana biri achishtiruvchi sovuqdir. Doʼzax bir necha tabaqadan iborat boʼlib, har bir gunohkor oʼz gunohiga qarab tabaqalarda azoblanadi. Islom diniga koʼra, doʼzaxning Hoviya, Jahim, Saqar, Lazo, Xutama, Sair, Jahannam kabi yetti darvozasi bor.

Islom dinida diniy amallar ahamiyatiga koʼra bir necha kategoriyalarga boʼlinadi. Ulardan asosiylari quyidagilardir:

 

Farz deb islom dini taʼlimotiga koʼra, inkor qilib boʼlmaydigan darajada qatʼiy dalil bilan bajarilishi talab qilingan amalga aytiladi. Masalan, besh vaqt namoz oʼqish, Ramazon oyida roʼza tutish, zakot berish, ilm oʼrganish kabi amallar farz hisoblanadi. Farzni bajarish shart hisoblanadi. 

 

Vojib — atamasi hanafiy mazhabi taʼlimotiga koʼra, Qurʼoni karimda toʼgʼridan–toʼgʼri buyruq kelmagan holda bajarilishi shart boʼlgan amallarga nisbatan ishlatiladi. Masalan, vitr, hayit namozlarini ado etish. Vojibning darajasi farz bilan deyarli barobar. 

 

Sunnat – islom shariatiga koʼra, Rasululloh (a.s.) buyurgan zimmaga yuklanmagan, lekin bajarilishi talab qilingan amal. Sunnatga amal qilish vojibga amal qilish kabi talab etiladi.

 

Mandub – bajarilishi afzal boʼlgan amal. Masalan, Fitr (Ramazon hayiti) kuni taom yeyish, misvok va gʼusl qilish, xushboʼy surtish va eng yaxshi kiyimlarni kiyish mandub hisoblanadi. Bu ishlarni amalga oshirgan kishi savobga erishadi, lekin uni tark qilgan kishi gunohkor hisoblanmaydi.

 

Muboh — islom shariati qilish yoki qilmaslikni kishilar ixtiyoriga qoʼygan amallar. Masalan, Ramazon oyida kechasi yeb–ichish kabi. Bunda shariat belgilagan chegaradan chiqmay tasarruf etish muboh sanaladi. Mubohda uni qilgan ham, qilmagan ham – barobar, savob ham, gunoh ham boʼlmaydi.

 

Makruh — bajarilishi yomon sanalgan amaldir. U ikki xil boʼladi: makruhi tahrimiy(harom hisoblangan makruh) va makruhi tanzihiy (pok hisoblangan makruh). Makruhi tahrimiy deb eʼtiroz bildirilishi mumkin boʼlgan dalil bilan bajarilishi taqiqlangan amalga aytiladi. Masalan, birovning sovchiligi ustiga sovchi yuborish, erkaklarning tilla taqishi va ipak kiyim kiyishi makruhi tahrimiy hisoblanadi. 

Makruhi tanzihiy bajarilishi qatьiy hujjatlar bilan taqiqlanmagan, ammo qilinmasligi qilinishidan afzal boʼlgan amaldir. Mushuk, yirtqich qushlar tekkan suvda tahorat olish bunga misol boʼladi. 

Harom atamasi islom taʼlimotiga koʼra, inkor qilib boʼlmaydigan darajada qatʼiy dalillar bilan bajarilishi taqiqlangan amal. Masalan, odam oʼldirish, zino qilish, oʼgʼrilik kabi amallar harom hisoblanadi.

Boshqa dinlarda boʼlgani kabi islom dinida ham oʼziga xos marosim va tantanalar mavjud. Shulardan biri “Iyd al–fitr”yoki “Iyd Ramazon”deb nomlanuvchi musulmonlar bayrami hijriy oyi hisobida ramazon oyi tugashi bilan nishonlanadi. 

“Iyd al–adho” – Qurbon hayiti deb nomlanuvchi ushbu bayram iyd al–fitrdan taxminan 70 kun keyin nishonlanadi. Ushbu bayram Ibrohim paygʼambar nomi bilan bevosita bogʼliq boʼlib, bayramda qoʼy, mol va tuya soʼyilib nishonlaniladi.

“Iyd al–adho” kuni hojilar islom dinining besh ruknidan biri boʼlgan haj ibodatini amalga oshiradilar.

Juma kuni – hafta kunlari orasida ajralib turadigan, “kunlarning sayyidi” deb nom olgan kun. Bu kunda musulmonlar chiroyli kiyimlarni kiyib, xushboʼy atirlarni sepib masjidga boradilar va juma namozini oʼqiydilar. Shuningdek, yaqinlarining hollaridan xabar oladilar, kasallarni ziyorat qiladilar va shu kabi savob ishlarni koʼproq bajarishga harakat qiladilar.Hijrat va Madina davri. 

 

 

mavzular

manba