Munadarija
Ilk paleolit davri va uning o’rganilishi.
Insoniyat taraqqiyotida eng uzoq davom qilgan davr qadimgi tosh davri – paleolit hisoblanadi. “Paleolit” so‘zi lotincha so‘zdan olingan bo‘lib, “paleos”– “qadimgi”, “litos”–“tosh”, ya’ni qadimgi tosh davri degan ma’noni beradi. Paleolit davri xronologik jihatidan milloddan avvalgi 2 million yillikdan to 12 ming yillikkacha davom qiladi va uch davrga– ilk, o‘rta va so‘nggi davrlarga bo‘linadi. Paleolitning uch davri xam o‘zining rivojlanish darajasiga qarab, mexnat qurollaridagi o‘zgarishlar asosida turli davrlarga bo‘linadi. Ilgari ilk paleolit davri shellgacha, shell, ashel davrlariga bo‘lingan edi. Lekin keyingi davrlarda qilingan tadqiqotlar natijasida, uni olduvay va ashel davrlariga bo‘lish muvofiq deb topildi. Chunki ilgarilari olduvay davri yodgorliklari kam bo‘lib, uni davr tariqasida ajratish imkoni bo‘lmagan. Shuning uchun shell va ashel davrlari qo‘lcho‘qmorlaridagi vazn jihatidan farqini e’tiborga olib ularni davrlarga ajratishgan. Keyingi yillarda esa, olduvay davri mehnat qurollarining ko‘plab topilishi uning davr sifatida ajratib ko‘rsatishga imkon to‘g’dirdi.
O‘zbekiston xududining geotektonik va geomagnit xodisalarini tadqiq qilish natijasida uning o‘ziga xos jihatlari aniqlandi. Bu esa paleolit davri xronologiyasida o‘zgarishlar qilinishiga olib keldi. Ilk paleolit davri jahon tarixida 3 mln yillikdan to – 100 ming yilliklargacha davom qilgan. O‘zbekistonda ilk paleolit davri miloddan avvalgi 1 million yildan 100 ming yillikkacha davom etgan deb hisoblanar edi. Lekin keyingi davrlarda olib borilgan tadqiqotlar bu sanani yanada qadimiylashtirdi. Arxeologik davrlashtirishning yangi metodi asosida uni 2 mln yillikdan 200 mingginchi yillargacha davom qilganligi aniqlandi. Shu paytgacha O‘zbekiston xududida olduvay davri manzilgohlari topilmagan deb kelinar edi, lekin keyingi yillarda arxeologiyada qilingan yangiliklar Selungur makonidan topilgan tosh qurollarining Olduvay makondan topilgan tosh qurollar bilan o‘xshash tomonlarini aniqlanib, uni 1,2 mln yillarga mansub deb topdilar.
O‘zbekiston xududidan ashel davriga oid ko‘plab makonlar topilib tadqiq qilindi va qilinmoqda. Bunda U.Islomov, K.A.Kraxmal, M.Qosimov, R.Sulaymonov, T.Omonqulovlarning tadqiqotlari diqqatga sazovordir.
Ilk paleolit davrida mehnat qurollari tosh, suyak va shoxlardan yasalgan. Ulardan faqat tosh qurollargina bizgacha yetib kelgan. Olduvay bosqichida odamlar eng primitiv usulda yasalgan qo‘l cho‘qmorlari (ruchnoe rubilo)lardan foydalanganlar. Mazkur qurollarni yasash uchun dastlab, odamlar qulay shaklga ega bo‘lgan (ko‘proq yapaloq shakldagi) qayroqtoshni topib, tosh boltalar yordamida uning bir uchiga urib, uchirib ishlov berganlar. U paytning tosh bolg’alari (otboyniklar) og’irligi 0,5 kgdan oshmagan oddiy qayroqtosh bo‘lgan. Bu xildagi tosh bolg’alar yordamida qo‘l cho‘qmorlariningina emas, balki tosh o‘zaklarini ham yasay bilishgan. Qo‘l cho‘qmorlari odatda bir tomoni bodomga yoki yurakka o‘xshab, to‘mtoq bo‘lgan, lekin uni qo‘l bilan ushlash qulay bo‘lgan. Ikkinchi, qarama–qarshi tomoni esa, o‘tkir uchli bo‘lib, bu tomoni kesish, chopish, kovlash kabi vazifalarni bajargan. Ajdodlarimiz shu qurollar yordamida ov qilganlar, ildiz kovlaganlar, go‘shtni maydalaganlar, terilarni shilganlar. Odamning qo‘li esa dasta vazifasini bajargan. Olduvay davri odamlari terimchilik va ovchilik bilan shug’ullanganlar. Ular to‘da bo‘lib ov qilib, yirik yirtqich hayvonlarni tutib iste’mol qilishgan. Odamlarning to‘da bo‘lib yurishlari natijasida o‘zlarini turli tabiat hodisalaridan va yirtqich hayvonlardan himoya qilganlar. Bu davr odamlari tabiatga to‘la qaram bo‘lib uy–joy qurilishini ham, olovdan foydalanishni ham bilmaganlar. Yirtqich hayvonlardan esa, oddiy va dag’al qurollar bilan himoyalanganlar. Tabiat ham insonlar yashashi uchun qulay, issiq bo‘lgan.
Ashel davriga kelib odamlar birmuncha taraqqiyot darajasiga erishganlar. Endi kishilar turli tog’, daryo jinslari, asosan chaqmoqtoshdan qurol yasashni o‘rgana boshlaganlar. Qurollarni ishlash texnikasi birmuncha takomillashgan. Chaqmoqtosh qo‘l cho‘qmorining ikka tomoninga ham qo‘pol kertish yo‘li bilan ishlov berilgan. Kertish davomida vujudga kelgan turli uchrindilardan turli narsalarni kesishda foydalanganlar. Uchrindilar qirra tomonlari mayda kertish usuli bilan o‘tkirlangan va keskich asboblari sifatida foydalanilgan. Uchburchaksimon tosh uchrindilariga ko‘proq ishlov berilgan. Asta–sekin tosh qurollarining turi ko‘paya boshlagan. Dastlab sixcha va qirg’ichsimon qurollar vujudga kelgan. Tosh sixcha qurollardan yog’och qurollar yasashda va ovda nayza tig’i sifatida foydalanilgan bo‘lsa, qirg’ichlardan kiyim–kechak uchun hayvon terilariga ishlov berishda foydalanganlar.
O‘rta paleolit davri ilmiy adabiyotlarda muste davri deb nomlanadi. Bu davrga oid moddiy yodgorliklar dastlab Frantsiyaning Muste g’or makonida topilgani uchun shunday nom olgan. O‘rta paleolit davrining xronologiyasi ilgarigi adabiyotlarda mil.avv. 100–40 ming yilliklar deb hisoblanar edi, lekin keyingi yillarda olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, u 200 –100 ming yilliklar bilan belgilandi. O‘rta paleolit davri yodgorliklari jahon fanida muste va levallua– muste (rivojlangan davri) bosqichlariga ajratib beriladi. O‘zbekiston arxeologiyasida ham shu bo‘linishlar qabul qilingan bo‘lsa–da, tadqiqotchilar o‘rta paleolit davrining mahalliy o‘ziga xos jihatlarini e’tiborga olib, uning 4 ta mahalliy guruxini ajratib ko‘rsatadilar: muste, levallua, levallua–muste, soan. Buni dastlab V.A.Ranov taklif qilgan va unga toshni paraqalashdagi o‘ziga xos texnikaviy uslubni asos qilib olgan.
Toshni qayta ishlash texnikasi ham takomillashgan. Ixcham qurollar ishlab chiqa boshlaganlar. Bu yangi yorma texnika usuli yordamida amalga oshirilgan. Bunda qurol yasaladigan chaqmoqtoshning bosh tomoni ustalik bilan urib o‘girilib, tekis maydoncha hosil qilinadi. Shu maydoncha orqaligina toshning mayda paraqalarini olish imkoni tug’iladi. Barcha paraqalar olinib bo‘linganidan keyin uchirib bo‘lmaydigan o‘zak qoladi. Bu o‘zak nukleus deb ataladi. Muste davri uchun gardishsimon nukleuslar va uch burchakli tosh paraqalari xarakterli bo‘lgan. Tosh paraqalar yog’och yo‘nish, teri ishlash, qurol va kiyim tayyorlashda qulay hisoblangan.
Tosh paraqalar uchi yanada o‘tkir qilingan. Bunda tosh parrakchaga sekin asta urib salgina ishlov berilgan va yangi tur qurol hosil qilingan. Ular asosan nayzasimon toshqurol va tosh qirqich bo‘lgan. Qurollar kalta va yalpoq bo‘lib, ularga dasta o‘rnatib bo‘lmagan.
Nayzasimon tosh quroldan asosan erkaklar yog’och qirqich, yo‘nish, hayvon o‘ldirishda foydalanganlar. Tosh qirqichlardan esa ayollar teri shilish, yopinchiqlar tayyorlashda ishlatishgan.
Toshdan o‘roqranda yasashgan, undan daraxt po‘stini shilish va randalash quroli sifatida foydalanishgan. O‘roq randa – chaqmoqtosh plastinkasidan iborat bo‘lib, tig’i keng yoysimon qilib oyib ishlangan.
O‘rta tosh davri odamlari qumtosh yoki ohaktoshdan sharlar yasab, hayvonlarni ovlashda foydalanganlar. Ularni uzun tasma uchiga juft qilib bog’lab, hayvonlarni oyog’idan ilintirganlar.
O‘rta paleolit davri odamlari hayotida olov muhim o‘rinni egallagan. Ular hayvon go‘shtini gulxanda pishirib, iste’mol qilganlar, bu ularning jismoniy va aqliy rivojlanishida muhim rol oynagan. Shuningdek, olov ularni sovuqdan va yirtqich hayvonlardan himoya qilgan. Shu sabab olovni saqlash masalasi ko‘ndalang bo‘lgan. O‘rta paleolit davri yodgorliklarida ko‘plab gulxan qoldiqlari topilgan. Odamlar o‘tin bilan birgalikda hayvon suyaklarini ham yoqqanlar.
Muallif: N.A. Egamberdieva.