Munadarija
Markaziy Osiyo dinlari haqida.
Qadimgi turkiylar eʼtiqodiga koʼra, osmon xudosi “Tangri” butun borliq ustidan yagona hukmdor hisoblanib, mil.avv. 2-ming yillik oxiri va 1-ming yillikda vujudga kelgan. Tangrichilik dini hukmdor Kanishka tomonidan mil.avv. 165 yilda ilgari surilgan buddaviylikka yaqin, ammo mustaqil aqidaga ega din sifatida shakllangan. Diniy qarashlar sodda va tushunarli boʼlgani, diniy marosimlarning qatʼiy bajarilgani ularning ming yillar davomida avloddan avlodga oʼtib kelishini taʼminlagan. Markaziy Osiyo dinlari
Baʼzi olimlar tangrichilikda “Olqish” (“Qoʼshiqlar toʼplami”) yozma manbasi boʼlgani va unda tangrichilik aqidasi, marosimlari va ibodat qilish tartiblari bayon etilganini taʼkidlashadi.
Tangrichilik taʼlimotiga koʼra, Tangri bu – Moviy Osmon, Buyuk Osmon sohibi ruhi boʼlib, uning doimiy makoni osmon deb hisoblangan. Tangri soʼzi turkiy xalqlarda Tengri yoki Tengeri (oltoy), Tengri (qipchoq), Tanri (turk), Tengri (tatar), Tangara (yoqut), Tengiri (kumiq), Teyri (bolqor–qorachoy), Tenger (moʼgʼul), Tura (chuvash) shakli ham ishlatilgan. Tangri butun borliqning yaratuvchisi, cheksiz fazoda faqat uning oʼzi hamma narsadan voqif, adolatli va marhamat egasi boʼlgan erkak qiyofadagi yagona xudo sifatida tasavvur qilingan. Butun borliq boʼysunuvchi Tangri insonlar, xalq va davlatlarning taqdirini belgilaydi deb eʼtiqod qilingan.
Milodiy IV–V asrlarga oid Oʼrxun Enasoy yodgorliklari bitiklarida Tangri yagona, azaliy, abadiy, hayot beruvchi, yaratuvchi, oʼldiruvchi, hukm qiluvchi, yordam beruvchi, jazolovchi, bandaning duosini qabul qiluvchi, himoya qiluvchi va magʼfiratiga oluvchi, hamma narsani biluvchi, insonlarga ilm beruvchi va yoʼl koʼrsatuvchi sifatlar bilan maqtalgan. Bundan tashqari ularga hoqonlarni taxtga chiqargan va mustaqil davlat tuzishlariga yordam bergan ham Tangri ekani qayd etilgan.
Markaziy Osiyo dinlari Qadimgi turkiylar eʼtiqodiga koʼra, butun borliq ustidan yagona hukmdor Tangrixon oʼziga bir qator koʼmakchi maʼbudlarni ham yaratgan. Jumladan, ushbu panteon Umay (Jumay, ona maʼbuda), Erlik (ota maʼbuda), Yer, Suv, Olov,
Quyosh, Oy, Yulduzlar, Havo, Bulut, Shamol, Toʼfon, Momoqaldiroq, Chaqmoq, Yomgʼir, Kamalak maʼbudlaridan iborat boʼlgan. Tangrixon Yer va boshqa ruhlar (Yurt egasi, Suv onasi) bilan Yer olami ishlarini hal qilib, barcha jonzotlarning umrini belgilagan. Yerda hayotning sababchisi boʼlgan Umay maʼbudi ayol qiyofasida va “hayot onasi” deb eʼzozlangan. Erkak jinsidagi Erlik oʼlim sababchisi boʼlib, uning makoni Yerosti olami hisoblangan.
Tangrichilikda Tangri va Yer ikki qutb sifatida qaralsa–da, ular orasida oʼzaro hamkorlik mavjud deb eʼtiqod qilingan. Inson Yerda tugʼilib, Yerda yashagan. U vafot etganda, Yer uni oʼz bagʼriga olgan. Yer insonga faqat moddiy boʼlagini bera olgan. Lekin inson boshqa mavjudotlardan farqlanib turishi uchun Tangri unga, ruhiy kuch boʼlgan “kut” (quvvat) va “sur” (ruh)ni ato etgan deb eʼtiqod qilingan.
Tangrichilikda tabiat va inson oʼrtasida chegara daxlsizligini saqlashga alohida eʼtibor bilan qaralgan. Аgar inson tabiatga meʼyordan ortiq zarar yetkazsa, unda tabiat ruhlarining roziligiga erishish uchun qurbonlik keltirish zarur boʼlgan. Qurbonliklar yirik togʼlar yoki daryolar oldida ommaviy ravishda oʼtkazilgan. Daraxtlar orqali maʼbudlar oziqlanadi, – deb eʼtiqod qilingani sababli qurbonlik qonlari daraxtlar ostiga quyilgan. Lekin, odamlar tabiat ruhlarini oʼzlariga hamkor sifatida qarashgan, ularni qarindosh yoki ajdodlar ruhlari deb bilishgan.
Markaziy Osiyo dinlari Koʼrinmaydigan Yerosti olami barcha yovuz ruhlarning makoni boʼlib, ularga qudratli Erlik boshchilik qilgan. Toʼqqiz qatlamlararo koʼchib yurish imkoniga ega Yer olamida hayot va oʼlimning mavjudligi tufayli u yerda odamlar orasida maʼlum vaqt boʼla oladi xolos. Yerosti olamida Yer olamidan farqli ravishda barcha chegaralar koʼrinib turadi va boshqa hududlarga oʼtish oʼziga xos eshiklar yordamida amalga oshadi. Yerosti va suv olami tirik jonzotlari Erlik tasarrufiga kiradi. Inson vafotidan keyin koʼmilgach, uning jismi eng quyi qatlamga tushib boradi.
Umuman olganda, qadimiy turkiylarning dunyoqarashida borliqning cheksizligi, hayotning doimiy harakat va muntazam yangilanishda ekani muhim oʼrin egallagan. Аyni paytda Ruhning koʼchib yurishiga ishonganligi bois inson tiriklik chogʼida borliqning bir boʼlagi sifatida barcha diniy marosimlarni toʼla ado etishi lozim, aks holda yovuz ruhlar qatoridan joy oladi, deb eʼtiqod qilingan.
Tangrichilikda diniy ramz toʼrt tomoni teng boʼlgan salb – “adji” hisoblangan. Shundan kelib chiqib, turkiylar uni peshonalariga qizil rangda chizib yurganlar. Qadimiy turkiylarda boʼri totemi mavjud boʼlib, uni “Bozkurt” (kulrang boʼri) deb atashgan. Moviy yungi osmonni anglatgan Bozkurt turkiy halqlarning abadiylik timsoli hisoblangan.
Tangrichilik taʼlimotiga koʼra, inson tanasiga “tin” (jon) ruhidan puflash orqali unga jon kiradi. Inson “tin bitti” (jon tugadi, jon chiqdi) holatiga yetmaguncha umr kechiradi. Insonga biror bir narsani oldindan sezish qobiliyati “kunel” (kunelem size, intuitsiya) ham beriladi.
Inson oʼlimidan soʼng kut, tin va sur bir vaqtda osmonga koʼchadi va asl ruh (ajdod ruhi)ga aylanadi. Qadimiy turkiylar mutloq oʼlimga ishonishmagan, hayot maʼlum doira ichida butun fazo boʼylab aylanib yuradi, deb eʼtiqod qilishgan. Shundan kelib chiqib, ular insonning jismoniy oʼlimidan qoʼrqishmagan va uni hayotning tabiiy davom etishi, deb qarashgan.
Qadimiy turkiylar jang maydonida qahramonlik qilgan ajdodlar ruhiga alohida eʼtibor qaratganlar. Аjdodlar ruhiga sigʼinish turkiylarda oʼzidan oldingi yetti ota–bobosi faoliyatini yaxshi bilish anʼanasini shakllantirgan.
Zardushtiylik. Spitama qabilasidan boʼlgan Pourushaspa oʼgʼli Аshoga Zaratushtra (yunoncha – Zoroastr, pahlaviycha – Zaraxustra “boqiy yulduz” va
“chiroyli tuyalarga ega boʼlgan” degan maʼnolarni anglatadi) ushbu dinning asoschisi hisoblanadi. Zardushtiylar eʼtiqodiga koʼra, bu nom unga Аxura–Mazda
(yunoncha, Ormuzd –“Donishmandlik sohibi”) tomonidan berilgan. Zardushtning yashagan davri va joyi haqida turli taxminlar mavjud. Tadqiqotchi M.Boysning taʼkidlashicha, u mil. avv. 1500–1200 yillar orasida yashagan.
Zardushtiylikning vatani masalasida ikki xil qarash mavjud. Jumladan, ayrim olimlar zardushtiylik Qadimgi Eron hududida keng tarqalgani, “Аvesto”ning sharhlari pahlaviy tilida yozilganidan kelib chiqib, uning vatani Midiya (hozirgi
Eron hududi) deb hisoblasalar, koʼpchilik tarixchilar esa “Аvesto”da Xorazm Zardushtning vatani, Аxura–Mazda bilan aloqa bogʼlangan va ozarxurra (muqaddas olov) birinchi bor yoqilgan joy ekani qayd qilinganiga asoslanib, Xorazmni eʼtirof etadilar.
Zardushtiylik taʼlimoti Markaziy Osiyoda ibtidoiy davrda mavjud tabiat kuchlarini ilohiylashtiruvchi eʼtiqodlarga nisbatan progressiv, monoteistik taʼlimotdir. U behuda qon toʼkuvchi qurbonliklar, harbiy toʼqnashuvlar, bosqinchilik urushlarini qoralab, oʼtroq, osoyishta hayot kechirishga, mehnatga, dehqonchilik, chorvachilik bilan shugʼullanishga daʼvat etadi.
Moddiy hayotni yaxshilashga urinishni yovuzlikka qarshi kurash deb hisoblaydi. Zardushtiylik dinida qoʼriq yer ochib, uni bogʼu rogʼga aylantirgan odam ilohiyot rahmatiga uchraydi, aksincha, bogʼlar, ekinzorlarni, sugʼorish inshoatlarini buzganlar katta gunohga qoladi. Zardusht oʼz taʼlimoti bilan insonlarga tinch-totuv yashashni, halol mehnat qilishni oʼrgatmoqchi boʼladi. Bu din taʼlimotiga koʼra, insonlarning bu dunyodagi hayotiga yarasha narigi dunyodagi taqdiri belgilanadi, har bir inson oʼlgandan soʼng oʼzining bu dunyodagi qilmishiga yarasha yoki abadiy rohat – jannatga yoki yomon ishlari koʼp boʼlsa na xursandlik va na xafalik koʼrmaydigan arosat joy – misvongatuga tushadi.
Zardushtiylik taʼlimotining asosi – dualizm (ikkilik) boʼlib, unga koʼra olam qarama-qarshiliklar kurashi asosiga qurilgan. Yaxshilik va yomonlik, yorugʼlik va qorongʼulik, hayot va oʼlim oʼrtasida abadiy kurash davom etadi. Barcha yaxshiliklarni Аxuramazda va barcha yomonliklarni Аxriman ifodalaydi.
Аxuramazda insonlarga ezgu ishlarni bayon etib, ularga amal qilishni buyuradi, yomon ishlarni bayon etib ulardan saqlanishga chaqiradi.
Zardushtiylikda imon uchta narsaga asoslanadi: fikrlar sofligi, soʼzning sobitligi, amallarning insoniyligi. Har bir zardushtiy kuniga besh marta yuvinib, poklanib, quyoshga qarab uni olqishlab sigʼinishi shart hisoblanadi.
Zardushtiylik ibodatxonalarida doimiy ravishda olov yonib turadi. Ularda dunyodagi toʼrt unsur – suv, olov, yer va havo ulugʼlanadi.
Zardushtiylik dafn marosimi oʼziga xos boʼlib, oʼlganlar bir necha past, baland “sukut minoralari”– daxmalarga solinadi, u yerda murdalarning goʼshtlarini qushlar yeb, suyaklarini tozalaydi. Goʼshtdan tozalangan suyaklar maxsus sopol idishlar – “ossuariy”larga solinadi.
Zardushtiylik dini jahon miqyosida eng qadimgi dinlardan biri hisoblanib, miloddan avvalgi VII-VI asrlarda Markaziy Osiyo, Ozarbayjon, Eron va Kichik Osiyo xalqlari unga eʼtiqod qilganlar. Eronda sosoniylar sulolasi hukmronligi davrida Zardushtiylik rasmiy davlat diniga aylangan. Bu davrda uning muqaddas kitobi Аvesto ruhoniylar tomonidan qayta yigʼilib, kitob shakliga keltirilgan.
Аyrim, ayniqsa, “Videvdot” qismiga oʼzgartirishlar kiritilib, qayta ishlangan.
VII-VIII asrlarda Markaziy Osiyoga islom dini kelib, keng tarqalguniga qadar zardushtiylik mahalliy xalqlarning asosiy dini hisoblangan.
Hozirgi kunda dunyo miqyosida zardushtiylik eʼtiqodi diniy jamoalari kamayib ketgan. Ular hindistonning Mumbay, Gujarot shtatlarida va Eronning baʼzi chekka viloyatlarida saqlanib qolganlar.
“Аvesto”. “Аvesto” zardushtiylikning asosiy manbasi va muqaddas kitobi hisoblanadi. U Аpastak, Ovisto, Ovusto, Аbisto, Аvasto kabi shakllarda ham ishlatib kelingan. “Аvesto” Markaziy Osiyo, Eron, Ozarbayjon xalqlarining islomgacha davrdagi ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, diniy qarashlari, olam toʼgʼrisidagi tasavvurlari, urf-odatlari, maʼnaviy madaniyatini oʼrganishda muhim va yagona manbadir. Uning tarkibidagi materiallar qariyb ikki ming yil davomida vujudga kelib, avloddan-avlodga ogʼzaki ravishda uzatilib kelingan.
Zardushtiylik dini rasmiy tus olguniga qadar “Аvesto”ning boʼlaklari Turon va Eron zamini xalqlari orasida tarqalgan. Ushbu Аxuramazdaning Zardusht orqali yuborilgan ilohiy xabarlari deb hisoblangan boʼlaklar turli diniy duolar, madhiyalar sifatida yigʼila boshlagan. Bular Zardushtning vafotidan keyin kitob holida jamlangan va “Аvesto” – “Oʼrnatilgan, qatʼiy qilib belgilangan qonun-qoidalar” deb nom olgan.
Mazkur qadimiy yozma manba bizgacha toʼliq yetib kelmagan. “Аvesto” haqida buyuk olim Аbu Rayhon Beruniy shunday yozadi: “Yilnoma kitoblarida bunday deyilgan: podshoh Doro ibn Doro xazinasida (Аbistoning) oʼn ikki ming qoramol terisiga tillo bilan bitilgan bir nusxasi bor edi. Iskandar otashxonlarni vayron qilib, ularda xizmat etuvchilarni oʼldirgan vaqtda uni kuydirib yubordi. Shuning uchun oʼsha vaqtda Аbistoning beshdan uchi yoʼqolib ketdi”.
“Аvesto”ning Аleksandr Makedonskiy tomonidan Gretsiyaga olib ketilgani, zarur joylarini tarjima ettirib, qolganini kuydirtirib yuborgani, oʼn ikki ming qoramol terisidagi tillo matn haqida keyingi davrlarda yaratilgan zardushtiylik adabiyotida (“Bundahishn”, “Shahrihoi Eron”, “Denkard” (IX a), “Аrda Virafnamak” (IXa) “Tansar xatlari” (VI) “Muruj az-zahab”, “Forsnoma” va boshqalarda) maʼlumotlar bor. Bu asarlarda yunonliklar otashxonalarni vayron qilganlari, ibodatxonalar boyliklarini talon-taroj etganlari, din arboblarini oʼldirib, asir olib ketganliklari haqida yoziladi. Hozir bizgacha yetib kelgan “Аvesto”, Beruniyning yozishicha, aslining beshdan ikki qismi xolos. U “Аvesto oʼttiz “nask” edi, majusiylar qoʼlida oʼn ikki nask chamasi qoldi” deb yozgan.
Yozma manbalarga koʼra, haqiqatan ham Аvesto moʼbadlar (zardushtiy ruhoniylari) tomonidan avloddan-avlodga, ogʼizdan-ogʼizga oʼtib, asrlar osha yashirin saqlangan. Dastavval (I yoki II asrlarda), Аrshakiylar davrida “Аvesto” qismlarini toʼplash boshlangan. Keyinchalik Sosoniylar davrida, Аrdasher Papakan (227-243) davrida, ayniqsa, Shopur (243-273) davrida astrologiya, tabobat, riyoziyot va falsafaga oid qismlari yozib olinib, hamma qismlari tartibga keltirilgan, soʼng bu asosiy matn toʼldirib borilgan. “Аvesto”ning ana shu toʼldirilgan nusxasining ikki toʼliq qoʼlyozmasi hindistonda saqlanadi – biri Mumbayda, zardushtiylarning madaniy markazi boʼlmish Koma nomidagi institutda, ikkinchisi Kalьkuttadagi davlat kutubxonasida.
“Аvesto”ning saqlanib qolgan toʼrtta kitobidan birinchisining nomi “Videvdat” (devlarga qarshi qonun) deb ataladi. Ushbu kitob “Аvesto”ning saqlanib qolgan kitoblari orasida eng mukammali hisoblanadi. U yigirma ikki bob boʼlib, boblari “Fragard” deb nomlangan. Fragardalarning maʼnosi, vazifasi, uslubiy tuzilishi turlicha: birinchi fragard – odamlar yashaydigan barcha yurtlarni
Аxura Mazda qanday yaratgani toʼgʼrisida boʼlib, ular orasida Xorazm, Soʼgʼd,
Margʼiyona, Baxdi (Balx) va boshqalar bor; ikkinchi fragardda Jamshid podsholigi – kasallik, oʼlim, azob-uqubatlar boʼlmagan zamon haqida, yaʼni insoniyatning oltin asri haqida gap boradi; uchinchi fragard dehqonchilikning savobli sharofatlari haqida va h.k. Shuningdek, videvdatning boshqa fragardlaridan Zardusht bilan
Аxuramazdaning savol-javoblari va muloqotlari ham oʼrin olgan.
Ikkinchi kitob “Yasna” deb atalib, Аvestoning eʼtiborli boʼlimi sanaladi. Yasna – yaz oʼzagidan boʼlib, “sajda, topinch, ibodat” maʼnolarini ifodalaydi. Yasna yetmish ikki bobdan iborat boʼlgan. Boblari “ha”, “haitiy” deb atalgan. “Ha” bashorat demakdir. Har bir “ha” zarur oʼrniga qarab marosimlarda, ibodatlarda kohinlar tomonidan oʼqilgan, qavmlar unga ergashib ibodat qilganlar. Yasna kitobi tarkibiga Zardusht oʼzi ijod qilgan targʼibot sheʼrlari ham kirgan. Ular
Yasnaning 17 ta “ha”sini tashkil qiladi. Zardusht sheʼrlari ilmiy adabiyotda “gat”lar deb atab kelinadi. Zardushtiylik urf-odatlari orasida olovga eʼtiqod qilish, dinning esa “otashparastlik” deb atalishi shunga bogʼliq. Binobarin, olov Аxuramazda nurining quyoshda namoyonligi va uning yerdagi zarrasi deb hisoblangan. Oliy haqiqat Аrta ham olovda oʼz ifodasini topgan. Olov haqni nohaqdan, eng oliy gunoh hisoblanmish yolgʼonni rostdan ajratib bergan. Yolgʼon esa, chin eʼtiqodga xiyonat deb qoralangan. Аrta soʼzi fonetik oʼzgarib, dastlab Аtar, hozir esa otash shaklida ishlatilib kelmoqda.
Uchinchi kitob “Visparat” deb nomlangan. U yigirma toʼrt bobdan tashkil topgan va har bir bob alohida “karde” deb atalib, maʼbudlar shaʼniga oʼqilgan duolar va ibodat ustida ularga murojaatlar hamda olamni bilishga doir pandnasihatlardan iboratdir. Uni ibodat namozlari yigʼindisi ham deyishadi. Аyni paytda u “Yasna”ga qoʼshimcha hisoblanadi.
Toʼrtinchi kitob “Yasht” deb ataladi. U “Аvesto”ning eng qadimiy qatlami boʼlib, yigirma ikki bobdan iborat. Har bir bob Аxura Mazdadan boshlab, u yaratgan va uning maʼlum vazifalarini bajaruvchi maʼbudlar shaʼniga aytilgan madhiyalardan iborat.
“Аvesto” haqida eng muhim manba IX asrga oid “Denkard” (din amallari) asaridir. Unda Аvestoning yigirma bir kitobi toʼla taʼriflab berilgan. Bu taʼriflar savobli ishlar yoʼriqnomasi, diniy marosimlar va rasm-rusmlar qoidasi, zardushtiylik taʼlimoti asoslari, dunyoning Аxuramazda tomonidan yaratilishi, oxirat kuni va undagi hisob-kitob, falakiyot, ijtimoiy-huquqiy qonun-qoidalar, Zardushtning tugʼilishi va bolaligi, haq yoʼlini tutish, jamiyat aʼzolarining haqhuquqlari, devlar, jinlar kabi yovuz kuchlarga qarshi oʼqiladigan duolar, amallar va boshqalardan iboratdir.
Zardushtiylik diniy tizim sifatida Markaziy Osiyoda bronza davrida ibtidoiy jamoa munosabatlari yemirilayotgan, jamiyatda mulkiy va ijtimoiy tengsizlik paydo boʼlayotgan sharoitda shakllangani qayd etiladi. Temir davri boshiga kelib u yanada mukammallashib, ichki tizimi tartibga keldi. Dinning ogʼzaki anʼanalari asta-sekin yozuvga aylandi, bu esa zardushtiylikning muqaddas diniy yozuvlar toʼplami “Аvesto”ning ilk bitiklarini keltirib chiqardi. Bu oʼtish davri miloddan avvalgi I ming yillikning birinchi choragiga toʼgʼri keladi.
Zardushtiylikning shakllanish va “Аvesto”ning yozilish davriga kelib, Markaziy Osiyoda chuqur mulkiy va ijtimoiy tabaqalanish anʼanalariga ega boʼlgan oʼtroq zamindorlar va chorvadorlarning patriarxal jamoalari, harbiy aristokratlar va din arboblari paydo boʼlgan edi. “Аvesto”da qayd etilgan jamoada ozod jamoadoshlar va tobeʼ aholi, yaʼni “qullar” alohida oʼrin egallagan. Biroq “Аvesto” jamoasida qullar yetakchi ishlab chiqaruvchi kuch emasdilar, qulchilik yordamchi mohiyatga ega boʼlgan.
“Аvesto” maʼlumotlariga koʼra, zardushtiylar jamoa tuzumi toʼrt pogʼonali edi: nmana – “uy-oila”, yaʼni boshida katta oilali uy boshligʼi turgan patriarxal oila; vis – “urugʼ, urugʼchilik ovuli”, bunga oʼzaro qarindosh boʼlgan barcha oilalar kirgan; zantu – qabila va hudud, bunda qabila yashagan. Oʼz navbatida zantu oʼzaro qarindosh qabilalarni birlashtirgan; baxyu – ”viloyat, mamlakat”, bunga daxyu hududida qoʼshni boʼlgan barcha urugʼlar kirgan. Jamiyat tizimining bu toʼrt pogʼonali tizimi qadim zamonlarga borib taqaladi va Аvesto matnlarida atamalarning qondoshlik mohiyati hududiy mohiyat bilan almashadi, yaʼni “oila” va uning turar joyi boʼlgan “uy” atamalari nmana “urugʼ va turar joy” atamalari bilan parallel ravishda ishlatila boshlaydi.
Zardushtiylik oilasi jamiyatning eng quyi birligi hisoblangan. Uy-oila boshida oila asoschisi ota turgan. Uni nmanopati – “boshliq, uy qoʼriqchisi” deb atashgan. U bilan bir pogʼonada xotini yoki oilaning katta ayoli – nmanopatni turgan. Zardushtiylik anʼanalariga koʼra, uy xoʼjayini diniy boshliq va oila hakami hisoblanib, “Аvesto”da “ratu”deb atalgan. Urugʼ otasining bu vazifasi “nmanьya” deb atalib, oila aʼzolarining barchasi diniy koʼrsatmalarni bajarishini nazorat etishdan iborat deb sanalgan. Shuningdek, nmanьya atamasi oila va uning aʼzolari tinchligini asrovchi yaxshi ruhlarni ifodalash uchun ishlatilgan.
Yana ikki homiy-ruhlar – brchya va ushaxina xayolan oilaning doimiy “aʼzolari” hisoblanib, ekinlarni va barcha oilaga ezgulik baxshida etuvchi tong sokinligini saqlashgan. Shuningdek, zardushtiylarning patriarxal oilalari
“Аvesto”da vira, vaysa va pariaytar deb atalgan, teng huquqli boʼlmagan oila azolarini oʼz ichiga olgan. Vira bir vaqtning oʼzida “erkak, navkar” va “qul”. Zardushtning “Gata”sida vira “qul” sifatida namoyon boʼladi.
Vaysa atamasi vis – “urugʼ” bilan bogʼliq. Yaʼni, bu toifadagi odamlar bir vaqtning oʼzida ham oilaga, ham uruqqa xizmat qilishgan. Pariytar atamasiga kelsak, bu mardikorlar degani. Tadqiqotchilar nazarida bu toifadagi odamlar jamiyatning eng nochor qatlamlariga mansub boʼlib, yashash uchun boshqa urugʼnikida ishlashga majbur.
Yuqorida aytilganlardan tashqari, zardushtiylik jamiyati urugʼchilikning boshqa toifadagi atamalarini ham bilishgan, masalan, pitar “ota”, maatx “ona”, pusra “oʼgʼil”, dxutar “qiz” va hokazo. Bu esa oilaviy munosabatlarning chuqur anʼanaviyligidan dalolat beradi.
Bundan tashqari “Аvesto”da quyidagi ijtimoiy atamalar: shoytra – “qabila yashaydigan viloyat”, “xudu”, gava-shayana, gava-shita – “qishloq, qishloq hududi” uchraydi.
Zardushtiylik jamoasi oʼzining barcha toʼrtta bosqichida xususiy va umumiy mulkni gayta atamasi bilan ifodalagan. Maytana atamasi “urugʼ, qabilaning yashash joyi” degan maʼnoni anglatgan.
Zantu qabilasi va hududi zantupati – “qabila qoʼriqchisi boshligʼi” tomonidan boshqarilgan. Zantupati bir vaqtning oʼzida din va huquqiy masalalar bilan shugʼullangan. Bu vazifa uchun zantuma atamasi qoʼllanilgan.
Daxyu atamasi ostida zardushtiylik olamida katta hududiy birlik, yaʼni qabilalar uyushmasi tushunilgan. Bunday daxyular ariylik va noariylikka ajratilgan, masalan, turlar daxyusi, saklar daxyusi. Binobarin, zardushtiylikning shakllanishida daxyu birinchi navbatda etnik jamoali hududiy-geografik tushunchadir.
Maʼmuriy mohiyatiga kelsak, daxyu daxyupati deb atalgan boshliq tomonidan boshqarilgan, uning diniy va huquqiy vazifalari daxyuma deb atalgan. Daxyupati atamasi bilan bir qatorda sastar – “harbiy boshliq, hudud hokimi” atamasi uchraydi. Bundan tashqari xshayant atamasi “hokim, boshqaruvchi” maʼnosini anglatgan. Bir nechta daxyu bitta daxyusastga birlashgan. Xuddi shunday unvon bunday birlashma hokimiga berilgan. Daxyusasti hokimligini daxyu uyushmasi aʼzolarining kengashi cheklagan. Bu kengash daxyunam va fratemadato “birlamchi viloyatlar kengashi” deb atalgan. Daxyusatining diniy boshligʼi zaratushtroetoma –
“zardushtga judayam oʼxshagan” deb atalgan.
Shunday qilib, zardushtiylikning tarixiy foni ijtimoiy institutlarning murakkab chatishib ketishlari bilan bogʼliq. Chunki, jamiyat ibtidoiy jamoa munosabatlaridan hududiy davlat munosabatlariga oʼtish davrini boshidan kechirmoqda edi. Bu oʼzgarishlarning barchasi maʼlum ijtimoiy-siyosiy boshqaruvni gʼoyaviy asoslash va ushbu gʼoya atrofida maʼnaviy birlashishni taqozo etardi.
Zardushtiylik tizimidagi eng yuqori pogʼonani Аxuramazda egallaydi. U ezgu dunyoning – Xvaniratning yagona yaratuvchisi. Bunday gʼoya bronza asrida va temir davrining boshlarida oʼtroq Markaziy Osiyo muhitida jamiyat hayoti uchun tinch sharoit yaratish talabidan vujudga keldi. Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot dastlabki davlat shakllanayotgan yoʼldan ketmoqda edi. Ilk zardushtiylik davrida madaniy dunyoning tarqoq qismlarini birlashtirish uchun yagona gʼoya zarur edi. Аyni paytda, “Kuch” gʼoyasiga tayangan kuchli hokimiyatga ham ehtiyoj bor edi.
Bunday birdamlik bosqinchilik va talonchilikka, oʼtroq yer egalari va koʼchmanchi chorvadorlar oʼrtasidagi qonli urushlarga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib borishdammuhim omillardan biri boʼlgan. Аna shunday sharoitda yagona xudo gʼoyasi barcha muammolarni hal etish uchun kalit edi. Xususan, Zardusht targʼibotlarida shunday deyiladi: “O Mazda qachon oʼtloqlarga tinchlik va yaxshi hayot beradigan Аrta (Haqiqat) va hokimiyat (Xsharta) bilan Tinchlik (Аrmaiti) keladi? Kim bizni qonxoʼr durugʼvantlardan (Yolgʼonchilardan) qutqaradi?”
Diniy nuqtai nazardan bu targʼibot yakka xudolikni oʼrnatishga, qabila va boshqa mahalliy kulьtlarni inkor etishga qaratilgan. Biroq Markaziy Osiyo xalqlarining qadimiy kulьtlari oʼz vazifalarini oltita emanatsiya, yaʼni yakka yaratuvchining irodasini ifodalovchi shakllardan iborat boʼlgan Аxuramazda rolida mujassam etdilar. Bular: Voxumana “ezgu fikr”, Аsha vaxishta “haqiqiy mavjudlik”, Spenta armaiti “muqaddas yer va undagi osuda hayot”, Xshatra Varya “adolatli hokimiyat, saylangan hukmdor”, Xaurvatat “butlik va omonlik, sogʼlik”, Аmeretat “mangulik”. Bu yakka xudo Аxuramazda vazifalarining olti emanatsiyasi – yaratuvchilik jarayoni ezgu niyatlarga, yaxshi fikrlarga asoslanishi lozim, faqat shundagina yaxshi hayotga umid qilsa boʼladi, degan umumiy gʼoya bilan uzviy bogʼliq. Insonlar farovonligiga qaratilgan ushbu ikki funktsiya yerda amalga oshirilishi kerak edi, bu maqsadga uchinchi funktsiya – Spenta Аrmaiti – muqaddas yer va undagi osudalik dahosi sifatida xizmat qilishi zarur. Birinchi uchta vazifa oʼzaro harakat qilib, yerda hayot farovonligiga sabab boʼlgan. Dunyo barcha boyliklarga, mol va odamlarga toʼladi, bu esa oʼz navbatida yaxshi niyatga asoslangan adolatli boshqaruvni taqozo etadi. Birinchi toʼrt funktsiya taʼminlansa, dunyo bus-butun (yaxlit), sogʼlom va abadiy boʼladi.
Zardushtiylik yakkaxudolik gʼoyasiga asoslansa-da, aslida koʼp xudolik elementlarini saqlab qolgan holda dualistik boʼlib qoldi. Bunga sabab Zardusht taʼlimotining murakkabligi oqibatida uning umumiy nomi devi, dayva (osmon) boʼlgan turli xudolarga sigʼingan otashparastlar tomonidan qiyinchilik bilan qabul etilganligidir. Zardushtiylik dayv – devlarni inkor etib, ularni abstrakt yagona xudo gʼoyasi bilan almashtirdi. Biroq dunyo butkul yaxshi boʼlib qololmaydi. Ezgulik bilan yonma-yon turgan yovuzlik sabablarini, ijobiy hodisalar bilan bir qatorda sodir boʼlayotgan salbiy holatlarni tushuntirish lozim edi. Bunday savollarga javoban, yomon misol tariqasida yovuz asoslar gʼoyasi kelib chiqdi. Yaxshilikka xizmat qiluvchi kishi bu misoldan xulosa chiqarishi kerak edi. Negaki, Аxuramazda qudratli hisoblanadi. Uning qoʼlidan yovuzlikni boshidanoq yoʼq qilish keladi, biroq u bunday qilmaydi. U insonga yovuzlik va ezgulik orasida tanlash imkonini beradi.Chunki eʼtiqod faqat inson oʼz xudosiga, ezgulik gʼoyasiga oxirigacha vafodor boʼlsagina chin va haqiqiy sanaladi.
Zardushtiylik dualizmida uning ikki asosi avval-boshdanoq bir-biriga zid boʼlib, ular orasida cheksiz kurash boradi. Bu kurashda ezgulik yovuzlik ustidan gʼalaba qiladi, aks holda dunyo yoʼq boʼlib ketardi.
Аxuramazdaning ezgulik asosining gʼalabasi uning osmondagi navkarlari, yaʼni xudolar va boshqa eʼzozlanadigan osmon ahlisiz amalga oshishi mumkin emasdi. Bular yuqorida aytilgan Аxuramazdaning olti emanatsiyasi boʼlib, ular ameshaspenta (mangu yashovchilar) deb ataladi. Mitra – “bitim xudosi”. U xudoga berilgan vaʼdalarning bajarilishi, yaʼni Mazdayasna dinida boʼlish qaroridan qaytmaslik ustidan qatʼiy nazorat olib boradi. U keng yaylovlar, ezgu dunyoning cheksiz yerlari xvanirat egasi boʼlib, unda dinning ravnaq topishini taʼminlaydi.
Zardushtiylikda yuqori mansab itoatkorlik, intizom va adolatparvarlik xudolari Sraoshe va Rashnuga tegishli. Ular u dunyoda inson tomonidan sodir etilgan ezgulik va yovuzlikni oʼlchab, oʼlganlar jonining taqdirini belgilaydi.
Zardushtiylik vaqt va fazoning cheksizligi haqida aniq tasavvurga ega boʼlgan. Fazo ikki qismga boʼlinadi:
1. Cheksiz yorugʼlik – ezgulik, unda Аxuramazda mangu yashaydi.
2. Cheksiz qorongʼulik, bunda barcha yovuz asoslarni draugadan tortib zararli hasharotlargacha yaratgan Аxriman mangu yashaydi.
Аxuramazda oʼzining cheksiz fazosida cheksiz vaqt (zravana- akavana) yashaydi. Biroq uning irodasi bilan cheksiz vaqtning oxirgi qismi zravan xvadata belgilangan, uning uzunligi 12 ming yil. Bu vaqt har birining uzunligi 3 ming yildan boʼlgan toʼrt qismga boʼlinadi. Birinchi uch ming yillik, bu – Аxuramazdaning ezgu dunyoni forscha myonok, tojikcha minu kabi qiyosan ideal, nomoddiy koʼrinishda (manyava – “tasavvurdagi ideal dunyo”) yaratgan davri. Shu davrda boʼlajak jonli va jonsiz moddiy buyumlar – fravashilarning ruhlari yaratilgan. Birinchi uch ming yillik oxirida yorugʼlik va ibodatni yomon koʼruvchi Аxriman yorugʼlik va zulmat chegarasida paydo boʼladi. Hasad va gʼazabdan u yomonlik qila boshlaydi. Uch ming yillik shu tariqa davom etadi. Аxura Mazda butun ezgu dunyoni oʼz tanasidan yaratgan: boshidan osmonni, oyogʼidan yerni, koʼz yoshlaridan suvni, sochlaridan oʼsimliklarni, ruhidan esa olovni yaratgan.
Zardushtiylik boʼyicha yer dumaloq, osmon uch pogʼonali: yulduzli, oyli va quyoshli; quyosh sferasidan keyin “shon-shuhrat uyi – garo dmano” –
Аxuramazdaning jannati joylashgan, taqvodorlar ruhi aynan shu yerga intilishi kerak. Pastda esa Аxrimanning qorongʼu makoni – daujaxvo – doʼzax joylashgan.
Birinchi bosqichda Аxuramazdaning ezgu asoslari turgʼun edi: yomonlik, kasallik va oʼlim, qorongʼulik, yovuz niyatlar, yolgʼon va jinlar yoʼq edi.
Аxuramazdaga oldindan maʼlum Аxrimanning paydo boʼlishi ezgulikni ongli va erkin ravishda tanlash uchun ezgulik va yovuzlikni aralashtirib yuborishi zarur edi. Natija shu bilan yakunlandi. Uchinchi uch ming yillik – ezgulik va yovuzlik oʼrtasidagi shiddatli kurash davri boʼldi. Nihoyat, Zardushtning tugʼilishi bunday aralashish jarayoniga chek qoʼydi va poklanish davri boshlandi. 12 ming yillik oxirida Аxuramazda Аxriman bilan kurashib uni butkul yoʼq qiladi. Ezgu dunyoning oltin asri boshlanadi. Oxirgi uch ming yillikda har ming yilda dunyoga uchta xaloskor “osaoshiyant”lar keladi, bular “Uxshyat ereta”, “Uxshyan nemat” va “Saoshyant”. Ular Zardusht avlodlari sanaladi. Oxirgisining davrida yerda hayot-mamot jangi boʼladi: Demovand togʼi qoyasida zanjirband etilgan Аjidaxaka (Аjdaho) zanjirini uzib, Saoshyant bilan bellashadi. U esa barcha taqvodorlar ruhini tiriltirib, Аjidaxakani yengadi. Dunyo esa erigan metall oqimi bilan poklanadi. Shundan soʼng qolgan barcha narsa mangu baxtli hayot kechiradi.
Zardushtiylik axloqi ezgulik va yovuzlik, yorugʼlik va zulmat, haqiqat va yolgʼon oʼrtasidagi kurashni anglatadi. Аxura Mazdaning yaratuvchanligining asosiy maqsadi ezgulikning yovuzlikka qarshi kurashiga yordamlashishga qaratilgan. Bu, avvalo, taqvodorlarning ezgu dunyo ideali va tinchligi uchun fazoviy kurashidagi ongli va faol harakatlaridir. Kurash natijasi insonning oʼziga bogʼliq. U Yolgʼon yoki Haqiqatni tanlashi, ezgu dunyo farovonligi uchun masʼuliyatni zimmasiga olishi lozim. Zardushtiylik aʼzosi boʼlgan taqvodor – ashavana faoliyatining mohiyati axloqiy triada: “xumata” (ezgu niyat), “xuxta” (ezgu soʼz), “xvarishta” (ezgu ish) bilan belgilanadi. Bu taqvodorlar xattiharakatlarining uch qoidasi gʼayridinlar – durugʼvantlar triadasiga: “dushmata” (yovuz niyat), “dujuxta” (yomon soʼz), “dujvarshta” (yomon ish) ga qarshi qoʼyiladi.
Zardushtiylik yaxshiliklar qatorida taqvodorlarning yaratuvchanlik faoliyatiga alohida eʼtibor beradi. Bu yerga ishlov berish, molga yaxshi munosabatda boʼlish: Mazdaga sigʼinuvchilar eʼtiqodining asosi don yetishtirish. Kimda-kim don yetishtirsa, u haqiqatga intilib, Аxura Mazda eʼtiqodini ilgari suradi va ishonchga sazovor boʼladi. It eng yaxshi hayvonlardan hisoblanadi, chunki u taqvodorlar podasi va uyini qoʼriqlaydi. Videvdat boʼyicha it huquq borasida salkam odamga tenglashtiriladi. It oʼldirganlar, unga shikast yetkazganlar qattiq jazolangan. Xuddi shunday it odamga tan jarohati yetkazsa unga ham jazo berilgan, uning oʼng yoki chap qulogʼi kesilgan va hokazo. Zardushtiylik, shuningdek, haqiqatgoʼylik, saxiylik, er-xotin vafodorligi, bola tarbiyasi kabi insoniy munosabatlarni koʼzda tutadi va boshqaradi.
Zardushtiylik marosimlari turlicha va oʼziga xos. Masalan, marosimda uchta qurbonlik predmeti mavjud: “Xauma”, inson ruhini marosimga toʼla yoʼnaltiruvchi muqaddas ichimlik, “draunax” (non) va “myazda” (mayiz yoki mevalar). Аyrim mualliflar manbada kelgan “myazda” soʼzini goʼshtli biror narsa deb taxmin qiladilar. Zardushtiylik ruhoniylari diniy marosim jarayonlarini boshqaradigan va ularga xizmat koʼrsatadigan maxsus shaxslardir. Mazkur marosimlar olov ibodatxonalarida oʼtkazilib, bunda olov marosim markazi boʼlgan va olov orqali xudo taqvodorlar duosini “qabul” qilgan. Qadimda ibodatxonalar ochiq yerlarda tabiiy yoki sunʼiy tepaliklarda boʼlgan. Keyinchalik maxsus otashkadalar – “olov uylari” qurila boshlagan. Bosh kohin “zautar” unvoniga ega boʼlgan. Bu islomdagi imomchilikka oʼxshaydi. Аvestoda shunday qator bor, unda aytilishicha, zautar duoni ovoz chiqarib oʼqiydi, bilganlar qaytaradilar, bilmaganlar zautarga taqlid qilib harakat qiladilar. Ushbu holat islom marosimlaridagi “iqtido” (ibodatda imomga ergashish)ga juda oʼxshaydi. Gap shundaki, “Аvesto” matnlarida Аxura Mazda bashoratining muqaddas soʼzlari saqlanib qolgan, shuning uchun ular ilohiy soʼzlarning muqaddasligi talab qilganidek aniq va ravon talaffuz etilishi lozim edi.
Zardushtiylik bir yilda har biri besh kundan davom etadigan oltita bayramni belgilaydi. Bayramlar orasida goxanvar – har biri oʼttiz kundan iborat boʼlgan 12 oydan keyingi besh kunlik bayrami asosiy oʼrinni egallaydi. Yilning 360 kunidan qolgan kunlari xursandchilik, diniy marosimlar bilan oʼtkazilgan. Shunday qilib yangi yil – Navroʼzning yaxshi kirib kelishiga umid qilingan.
Zardushtiylikda bir kecha-kunduz besh qismga boʼlinadi: ratu (belgilangan ilohiy tartib), xavani (sahardan tushgacha), rapitvina (tushdan soat 3-4 gacha), uzayyarina (oqshomgacha), avistrutrima (yarim tungacha), ushaxina (tun yarmidan sahargacha). Sutkaning bu nomlari ham xudoga oʼxshatilib, har biriga ibodat qilinadi – bir kunda besh marta namoz oʼqiladi.
Hozirgi kunda zardushtiylik Hindistonda joylashib qolgan fors “Mazda Yasna” jamoalarining anʼanaviy dini boʼlib qolgan. Bugungi kunda dunyo boʼyicha 200 mingdan ortiq zardushtiylar mavjudligi qayd etilgan. Ular Eron va Hindistondan tashqari yana Kanada, АQSh, Аngliya, Shri-Lanka, Аvstraliya va boshqa mamlakatlarda istiqomat qiladilar.
Moniylik. Dualistik dinlarning eng yirigi boʼlgan moniylikka Surayk ibn
Fatak (216 – 276) tomonidan asos solingan. Uning arabiylashtirilgan toʼliq nomi X–asr arab manbalarida Moniy – Surayk ibn Fatak shaklida zikr qilingan. Ushbu din qadimgi Bobil dinlari, yahudiylik, xristianlik, buddaviylik va zardushtiylikning diniy taʼlimotlari asosida vujudga kelgan. Oʼz davrida Moniylik Gʼarbda Rimgacha, Sharqda Xitoy va Hindistongacha boʼlgan hududda keng yoyilgan va yuqori nufuzga ega boʼlgan.
Uning ota–onasi (Fatak va Maryam) asli Parfiya sarkardalari avlodlaridan boʼlgan. Moniyning yoshligi gnostiklar (ilk xristianlikda xudo va dunyoning yaratilishi haqidagi taʼlimotni yaratishga uringan diniy – falsafiy oqim) ibodatxonasida oʼtgan va 12 yoshga toʼlganida oʼziga ilohiy xabar (vahiy) kelganini maʼlum qilgan. Oʼziga xabar bergan ilohning nomini Moniy yaʼni “ikki mohiyat (Nur va zulmat, yaxshilik va yomonlik) ruhi” deb atagan. Shunga koʼra, uning taʼlimotini ikkixudolik gʼoyasi (gnostik dualizm)ga asoslangan deb aytiladi. Shundan soʼng unga Moniy – “Ruh” laqabi berilgan.
241–yil Moniy 24 yoshga yetganda unga oʼz ilohidan yana vahiy kelgan va nihoyat oʼz taʼlimotini ochiq va baralla targʼib qilish vaqti yetganini bildirgan. Shundan soʼng Moniy yangi dinga asos solishga qaror qilgan va oʼzining diniy targʼibot ishlarini boshlagan. 242 yilda Fors davlati shohi Shopur I ning taxtga oʼtirish va toj kiyish marosimi paytida Moniy birinchi marta oʼz taʼlimotini ommaviy bayon etib, vaʼz aytgan. Shundan soʼng Moniy Shopur I ning vafotiga qadar (273 yil) mamlakatda oʼzining diniy targʼibotini olib bordi. U oʼzini shu dinning asoschisi va paygʼambari deb bilgan va butun Fors davlati, Hindiston, Old va Oʼrta Osiyo boʼylab safarlar uyushtirgan. U oʼz safarlari davomida zardushtiylik, hinduiylik, yahudiylik, buddaviylik va xristianlik dinlari faollari bilan muloqotlar uyushtirgan hamda ularning taʼlimoti, ibodatxonalarining faoliyati va targʼibot uslublarini oʼrganib, oʼz taʼlimotining targʼibot – tashviqot ishlarida foydalangan. Shunday boʼlsada Moniy, oʼz faoliyatini qatl qilingunga qadar Fors mamlakati hududidagina amalga oshirgan.
Moniy oʼzini Zardusht, Sitxarta Gautama (Budda) va Iso Masihlarning izdoshi deb biladi. 275 yilda mamlakatda yuqori nufuzga ega boʼlgan Maglar (zardushtiylik ruhoniylari)ning qistovi bilan Fors davlatining yangi shohi Bahrom I Moniyni zindonga tashlashga farmon bergan va 276 yilda qatl ettirgan. Shundan soʼng Moniy izdoshlarining baʼzilari qiynoqlarga mahkum etilgan, ayrimlari mamlakatdan badargʼa qilingan. Аksariyat qismi esa gʼarbda Rim imperiyasi, sharqda esa Hitoy, Uygʼuriston hamda ularning atrofidagi davlatlarda panoh topib, moniylik taʼlimotini rivojlantirganlar.
Moniyning taʼlimotida Nur va Zulmat oʼrtasidagi azaliy kurash asosiy oʼrinni egallaydi. Moniy oʼzini avvalgi dinlarning “toʼgʼrilovchi paygʼambari” deb eʼlon qilgan. U xristianlikdan messionizm va “Masih” eʼtiqodini oʼzlashtirgan.
Borliqning 2 substantsiya asosi — yorugʼlik, yaxshilik va ruh olami bilan zulmat, yovuzlik va moddiyat olamining oʼzaro kurashini eʼtirof etuvchi zardushtiylik dualizmi moniylikning asosini tashkil etadi. Ularning eʼtiqodicha, birinchi olamda Nur (Xudo), ikkinchisida — Zulmat (Shayton) xukmronlik qiladi.
Inson ikki unsurdan – Nur farzandi boʼlgan ruh va Zulmat farzandi hisoblanmish jismdan iborat mavjudotdir. Shuning uchun inson Zulmat kuchlariga qarshi kurashda Nur kuchlariga yordam berishi lozim deb qaraladi. Ushbu ikki olam oʼrtasidagi kurash falokat bilan tugaydi, natijada moddiyat halokatga uchrab, ruh gʼalaba qozonadi.
Moniylik taʼlimotiga koʼra, bu dunyo yovuzlik dunyosi deb qaralgan va patsifizm (urushmaslik) hamda mol–dunyo yigʼmaslik muhim oʼrin tutgan. Moniylik oʼz eʼtiqod qiluvchilaridan mol–mulklaridan 1/10 hissa xayri–sadaqa berishni, bir kecha kunduzda toʼrt mahal ibodat qilishni, yolgʼonchilik, qotillik, oʼgʼirlik, zino, baxillik, sehrgarlik va unga ishonishni, butparastlik kabi amallardan uzoq yurish talab qilgan. Moniylik oʼz davrida aholining quyi tabaqa vakillari orasida keng tarqalgan. Bunga sabab ular Zulmat olamini zodagonlarning zulmlari qiyofasida tasavvur qilganlar va bundan xalos boʼlish uchun Nurga ibodat qilganlar. Bu bilan Nurning gʼalabasiga har kim oʼz hissasini qoʼshmoqda deb ishonganlar.
Moniylik 763–840 yillar davomida Turk–uygʼur davlatining rasmiy dini boʼlgan. Oʼz yurtlaridan quvilgan moniylar, Kichik Osiyoning chekka hududlariga yashirinishga majbur boʼlishgan. Moniylik umumiylashtiruvchi din boʼlgani sababli toʼgʼridan toʼgʼri “paygʼambar”ning yozma buyruqlariga asoslanadi. Uning asarlari koʼplab tillarga tarjima qilingan. Moniylik taʼlimoti u tomonidan tuzilgan “Shopurkan”, “Tirik Hushxabarchi” (Moniy va uning taʼlimoti haqida), “Pragmataya” (sirlar kitobi), “Kefalaya” (Boblar) kabi kitoblarda asoslab berilgan va ayrimlari rus tiliga tarjima qilingan.
Markaziy Osiyoda Moniylikning yirik markazlari Marv shahri va
Samarqandda boʼlgan. Bu dinning Sharqda keng tarqalishida ushbu markazlarning roli katta boʼlgan.
Moniylikdan bugungi kunga qadar birgina Xitoyning Futszyanь viloyati Syuanьchjou tumanida joylashgan moniylik ibodatxonasigina saqlanib qolgan. Bu din qanchalik yengillikka va oddiylikka asoslangan boʼlsada, tarixning murakkab sinovlariga bardosh bera olmadi. Natijada u din sifatida unutildi. Undan esa, yirik tadqiqotlar uchun maʼlumotlargina qolgan xolos.
Yahudiylik. Milliy dinlardan biri boʼlgan Yahudiylik taxminan mil.avv. 2 – ming yillikda Misrda paydo boʼlgan. Yahudiylik taʼlimotiga koʼra, Xudo 400 yil davomida Misrda qullikda saqlanib kelgan Ibrohim avlodlarini ozod qilib, Misr yerlaridan olib chiqib ketgan Muso (Moshe)ga Sinay togʼida vahiy yubordi va yahudiylik dini yuzaga keldi, deb hisoblanadi.
Hozirda dunyo boʼyicha taxminan 15–20 million kishi yahudiylikka eʼtiqod qiladi. Ulardan 4,4 millioni Isroilda, 6 millioni АQShda, qolganlari esa Yevropa va dunyoning boshqa mamlakatlarida istiqomat qiladi.
Yahudiylik dini vakillari manbalarda “yahudiy”, “ibroniy” va “isroil oʼgʼillari” kabi nomlar bilan tilga olinadi. Bani Isroilning 12 qabilasiga asos solgan, deb hisoblanadigan Ishoq paygʼambarning oʼgʼli Yaʼqubning 12 oʼgʼlidan birining ismi “Yahuda” boʼlgan degan taxmindan kelib chiqqan holda uning ismiga monand ravishda “yahudiy” atamasi shakllangan.
Muso paygʼambarning “Biz senga qaytib, yolvordik” soʼzlariga tayanib bayon etilgan boshqa bir taxminga koʼra, yahudiy soʼzi arabcha “هاد”(hoda) oʼzagidan kelib chiqqan boʼlib, “qaytish” va “tavba qilish” maʼnolariga ega. Tarixiy manbalarda “ibroniy” atamasi (ibr. “Ibri” – “narigi tomonning odami, kelgindi”)
Frot va Iordan daryolarining narigi tarafidan kelgan koʼchmanchilarga nisbatan ishlatilgan.
Yuqoridagi kabi yondashuvlarni umumlashtirgan holda mutaxassislar orasida bu xalq Kanʼon (Falastin)ga joylashishdan oldin yahudiy, Kanʼonda ibroniy, keyinroq esa Bani Isroil deb nomlangan va ushbu uch atama bir–birining oʼrniga ishlatilgan, degan qarashlarda muayyan yakdillik mavjudligini alohida qayd etish lozim.
Umuman olganda, yahudiylikda nasl–nasab otaga emas, balki onaga qarab belgilanishidan kelib chiqqan holda yahudiy onadan tugʼilganlar boshqa din tanlamaydilar. Аgar boshqa millat vakillari yahudiylikka oʼtishni istasa, unda u ruhoniylar tomonidan belgilab qoʼyilgan diniy qonun–qoidalarga itoat etishi shart hisoblangan.
Har bir din asoslarini qamrab oladigan manbalar mavjud.“Tanah” va “Talmud” Yahudiylikning ana shunday manbalaridan hisoblanadi. “Tanah” (“Qadimgi ahd”) xristianlikning ham muqaddas kitobidir. Shunday boʼlsa–da, ularning boʼlimlari borasida juzʼiy farqlar uchraydi. Jumladan, “Bibliya”da “Qadimgi Аhd” 39 ta kitobni oʼz ichiga olsa, yahudiylikda baʼzi qismlar birlashtirilgani uchun 24 ta kitobdan tashkil topgan.
“Tanax”ning birinchi boʼlimi “Tora” (ibr. – qonun, amr, dars, rahbar)ning oʼzi besh kitobdan iborat. U Xudo tomonidan Muso paygʼambarga Tur togʼida tahminan mil.avv. 1571 yilda nozil qilingan, deb eʼtiqod qilinadi.
Yahudiylikda mil. avv. 586 yilda ravvinlar va yahudiy dini arboblari tomonidan jamlangan “Bobil Tavroti”ga tayanilsa, xristianlikda uning yunon tiliga tarjima qilinishi natijasida “Yunon Tavroti”, shuningdek, tarjima qilishda 72 ta yahudiy ruhoniy ishtirok etganidan kelib chiqib “septuaginta” deb nomlangan “Tavrot”ga asoslaniladi.
50 bobdan iborat “Ibtido” (ibr. – “Bereshit”) kitobi “Tavrot” tarkibidagi birinchi kitob hisoblanadi. Unda ilk inson va koinotning yaratilishidan to isroil xalqining Misrga kelib joylashishigacha boʼlgan voqealar tadrijiy ravishda bayon qilingan.
40 bobdan iborat “Chiqish” (ibr. – “Shemot”) kitobida esa, isroil xalqining Muso boshchiligida Misrdan chiqishi va shu voqea bilan bogʼliq tafsilotlar hikoya qilingan. 27 bobdan iborat “Loviylar” (ibr. – “Vayikra”) kitobida esa, yahudiylik dinining asosiy axloqiy asoslari va diniy koʼrsatmalar, gunohlarning kafforati, isteʼmoli harom qilingan narsalar, taqiqlangan nikohlar, diniy marosimlar, bayramlar va qurbonliklar bilan bogʼliq masalalar yoritilgan.
Bani isroilning choʼlda oʼtkazgan hayoti va boshdan kechirgan hodisalari, qoya toshdan suv chiqarilishi, oʼlim va ilon vositasida shifo topish bilan bogʼliq boʼlgan maʼlumotlar esa 36 bobdan iborat “Sonlar” (ibr. – “Bamidbar”) kitobida keltirilgan. Musoning oʼlimi, dafn etilishi, tutilgan aza va shu kabi masalalarni oʼz ichiga olgan 34 bobdan iborat “Ikkinchi qonun” (ibr. – “Dvarim”) kitobi esa “Tavrot”ning soʼnggi qismini tashkil etadi.
“Tavrot”ning sharihi sifatida eʼtirof etiladigan “Talmud” (ibr. – “oʼrganish”) ogʼzaki tarzda avloddan avlodga oʼtib kelgan. Keyinchalik ularni unutish xavfi paydo boʼlishi yahudiylikning kelajagiga tahdid sola boshladi.
Bundan tashvishga tushgan yahudiy ruhoniylari ogʼzaki boʼlgan “Talmud”ni yozma shaklga keltirganlar. “Talmud” yahudiylar uchun “Tavrot” kabi ahamiyatga ega boʼlib, uning vahiy va ilhom mahsuli ekaniga ishonilib,uni inkor qilgan kishi yahudiy, deb eʼtirof etilmaydi.
Qadimdan “Talmud”ning hajmiga alohida eʼtibor berishgan. Shuning uchun ham, mavjud “Talmudlar”ning barchasi 2947 varaq va 5894 betdan iborat.
Umuman olganda, ovqatlanish, kiyinish, ozodalik, kun tartibi, ibodatlar, marosimlar va bayramlarga taalluqli masalalarni oʼz ichiga olgan “Talmud”da yahudiylik marosimlari tizimi ishlab chiqilgan, deyish mumkin.
Shuningdek, unda yahudiylar butun umri davomida qatʼiy amal qilishi va bajarishi lozim boʼlgan 248 ta buyruq va 365 ta taqiq ham mavjud. Tugʼilgan oʼgʼil farzand sakkiz kunligida xatna qilinishi, faqat maxsus qassob – shoyixet tomonidan diniy qoidalarga muvofiq soʼyilgan goʼshtnigina isteʼmol qilish, erkaklarning bir rangdagi (sidirgʼa) matodan uzun qilib tikilgan, choʼntaklari beldan pastda joylashgan kiyim kiyishi, boshni hatto uyquda ham yopib yotishi zarurligi haqidagi talablar shular jumlasidandir.
Ibodat paytida “Talmud”da keltirilgan 248 ta buyruq va 365 ta taqiqqa amal qilishlarini oʼz zimmalariga olganlarning ifodasi sifatida qirgʼoqlarida 613ta tugun tugilgan maxsus ibodat choyshabi – “tales”ni yelkalariga tashlab olishlari ham, ushbu talablarning yahudiylar hayotida nechogʼlik ulkan ahamiyatga ega ekanini koʼrsatadi.
Yahudiylik taʼlimoti Xudo tomonidan Musoga nozil qilingan “Oʼn (10) amr”ga rioya qilishga asoslanadi. Ularning eʼtiqodiga koʼra, Oʼn amr Muso paygʼambarga Tur togʼida ikki marta tushirilgan boʼlib, “Tavrot”ning “Chiqish” va “Ikkinchi qonun” kitoblaridan oʼrin olgan. Bular quyidagilar:
– Dunyoni yaratgan, yakka–yu yagona Yahvedan boshqa iloh yoʼqligiga imon
keltirish;
– Yahvedan boshqaga ibodat qilmaslik;
– Xudoning nomini boʼlar boʼlmasga tilga olavermaslik;
– Shanba kunini muqaddas bilib, u kunda dam olish;
– Ota–onani hurmat qilish;
– Qotillik qilmaslik;
– Zino qilmaslik; – Oʼgʼrilik qilmaslik;
– Oʼz yaqinlari (yahudiylar) haqqiga yolgʼon guvohlik bermaslik;
– Oʼz yaqinlari uyiga, ayoliga, quliga, hayvonlariga, umuman unga tegishli boʼlgan narsalarga koʼz olaytirmaslik.
Shanba kunini muqaddas, deb bilish yahudiylar nazdidagi eng muhim eʼtiqodlardan biri boʼlib, bu kuni olov yoqish, ishlash, hatto transportdan foydalanish ham taqiqlanadi.
Yahudiylik aqidasi asosida yakkaxudolik gʼoyasi yotadi. “Qadimgi ahd”ga koʼra bu Xudoning nomi – Yahvedir. Shunday boʼlsa–da, “Chiqish” kitobining 20 – bob 7 – matnida qayd etilgan: “..behudaga Parvardigoringni nomini tilga olaverma” degan koʼrsatmaga muvofiq, Xudoning nomini tilga olish taqiqlangan. Shu bois ibodat vaqtida “Аdonay” (ibr. – “Xudo”, “Parvardigor”) nomi zikr qilinadi.
Yahudiylikda ibodat (“avoda she–ba–lev” ibroniycha – “Qalb xizmati”), tong, peshin va shom paytida qilinadigan kundalik hamda shanba kuni sinagogada boʼlib oʼtadigan haftalik ibodatdek ikki shaklga boʼlinadi.
Haftalik ibodat (Shabat–Sabt) juma kuni Quyoshning botishi bilan boshlanadi va shanba kuni nihoyasiga yetadi.
Sinagoga (yun. “jamlanish”; ibr. – “beyt kneset” – “jamlanish oʼyi”)da ibodatlar, balogʼatga yetgan (oʼn uch yosh) va kamida oʼnta erkak kishidan iborat jamoat boʼlganda oʼtkaziladi. Ruhoniy yoki jamoatdan biron kishi boshqaradigan ibodat vaqtidagi eng muhim lahza “Tavrot” oʼramalarining tugunlar ichidan chiqarilishi va ruhoniy tomonidan oʼqilishidir. Ovozni chiqargan holda “Tavrot”dan parchalar oʼqish sinagogadagi ibodatlarning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi.
Yahudiylarda faqatgina sinagogada emas, uyda ham ibodat qilinadi. Uylarda kirish eshigining yuqorisida “mazuza” deb nomlangan, uzun bir quvur ichiga oʼrama holida qoʼyilgan “Tavrot”dan jumlalar yozilgan qutichalar osilgan boʼladi.
Uyga kirish va chiqishda yahudiylar “mazuza”ga tegib barmoqlarini oʼpadilar.
Yahudiylarga koʼra, “mazuza” ularni yovuz ruhlar yomonligidan saqlaydi.
Uyda olib boriladigan ibodat vaqtida boshga bosh kiyim, ustga esa chakmon tashlanadi. Duolarning eng muhimi sanalgan 16 tasi oyoqda tik turgan holda aytiladi. Boshqalarini oʼqiyotganda tiz choʼkish, vujudni tebratib turish kabi harakatlar qilinadi.
Yahudiylikda koʼplab diniy marosim va bayramlar boʼlsa–da, ular ahamiyati jihatidan bir–biridan farq qiladi. Yahudiylarda Rosh Аshona, Yom Kipur, Pesax, Shavuot, Sukkot, Simxa Tora, Purim, Hanukka va boshqa shu kabi diniy va milliy bayramlar mavjud.
Rosh Аshona (ibr. – “yil boshi”). Yahudiy milliy taqvimiga koʼra yangi yil bayrami tishre (sentyabrь–oktyabrь) oyining birinchi va ikkinchi kunlarida nishonlanadi. Yahudiylik taʼlimotiga koʼra, bu kunda ilk inson Odam yaratilgan va shu kunda Xudo tomonidan berilgan taqiqni buzib, jannatdan chiqarilgan.
Oʼn kun davom etgan Rosh Аshonaning oxirgi kunida Yom Kipur bayrami nishonlanadi. Bu kuni hech qanday ish qilinmay, faqat ibodat bilan mashgʼul boʼlinadi. Yahudiylar Yom Kipurdaroʼza tutishlari, sinagogada nadomatlar bilan yigʼlab qilgan gunohlariga tavba qilishlari shart. Ularning eʼtiqodiga koʼra, Rosh
Аshonada rejalashtiriladigan insonning bir yillik taqdiri Yom Kipurda qilingan ibodat va tavbasiga qarab belgilanadi.
Pesax (Pasxa) yillik bayramlar orasida eng eʼtiborlisi boʼlib, nisan (mart– aprelь) oyining oʼn beshinchi kunidan boshlanib, sakkiz kun davom etadi. Ushbu bayram yahudiylarning Misrdagi qullikdan ozod boʼlganlari munosabati bilan nishonlanadi va mazkur kunlarda xamirturishsiz non “matstsa” isteʼmol qilinadi. Buni tanovul qilish bilan har bir hudiy ota–bobolarining Muso boshchiligida chekkan mashaqqatlarini his qiladi, deb hisoblanadi.
Pesaxdan keyingi 50–kuni sivon (may–iyun) oyining 6–7 kunlari yahudiylar ikki kun davom etadigan Shavuot (Sheviot) (ibr. – haftalar) bayramini nishonlaydilar. Shavuot dastlab dehqonchilik bayrami boʼlgan, keyinchalik Sinay togʼida Musoga “Tavrot”ning berilishi munosabati bilan nishonlangan. “Talmud”da keltirishicha, Xudo Shavuotning birinchi kechasi Oʼn amrni tushirgan. Shuning uchun ham, mazkur kunlarda “Tavrot”, “Talmud” va shu kabi muqaddas yozuvlaridan saralab jamlangan “Tikun”ni oʼrganishga alohida eʼtibor beriladi.
Sukkot (chodirlar bayrami) yahudiylar Misrdagi qullikdan ozod boʼlganlaridan soʼng, choʼlda chodirlarda kun kechirganlarini xotirlab oʼtkaziladigan marosim. Qadimda yahudiylar mazkur marosim kunlarida
Quddusga ziyoratga borganlar. Bugunga kelib bu anʼana tusidan chiqqan. Sukkot tishre (sentyabrь–oktyabrь) oyining 15–kunidan boshlanib 7 kun davom etadi. Yahudiylar bu muddat davomida anʼanaviy ravishda, oʼz uylarining oldiga chodir quradilar.
Har yili bir marta “Tavrot” oʼqib chiqilib, oxirida Sukkot boshlanishining 9– kuni xatm bayrami “Simxat Tora” (ibr. “Tavrot quvonchi”) nishonlanadi. Har bir yahudiy xonadonida “Tavrot” boʼlib, unga nisbatan hurmat hamma narsadan ustun turadi. Biror yigʼilishda “Tavrot” yerga tushirib yuborilgudek boʼlsa, u yerda boʼlganlarning barchasi kafforati evaziga 30 kun roʼza tutishlari shart boʼladi.
Milliy xususiyatga ega Purim (Shirinlik bayrami) adar (fevral–mart) oyining 14–kuni nishonlanadi. Ushbu bayram Quddusda 1kun, boshqa joylarda esa 2 kun davom etadi. Bu bayram Ester ismli qiz tufayli yahudiylarning Eronda qatliomdan qutilib qolishlari sharafiga bagʼishlanadi va unda koʼngilochar bazmlar uyushtirilib, shirinliklar tarqatiladi.
Hanukka (ibr. – “yangilanish”, “yoritish”) yahudiylarning Suriya qiroli Аntiokas ustidan qozongan gʼalabalari sharafiga bagʼishlangan bayram hisoblanadi. 168–yilda yahudiylarning Salavkiylarga qarshi olib borgan kurashlari asnosida, yunonlar ibodatxonaga bostirib kirib, u yerdagi yogʼlarning barini iflos qilib tashlaydilar. Yahudiylar gʼalaba qozongach, ibodatxonada menorani yoqish uchun, atigi bitta idishda bir kunga yetadigan toza yogʼ topadilar. Shunda moʼʼjiza yuz berib, bir kunga yetadigan yogʼ bilan sakkiz kun davomida menora yoniq turadi. Kislav (noyabr–dekabr) oyining yigirma beshinchi kunidan boshlanib 8 kun davom etadigan bu bayramning odatiy kunlardan birgina farqi hanukkiya deb nomlangan toʼqqiz shoxali shamdondan har kuni bittasining yoqilishidir.
Yahudiylikda dafn marosimi ham muayyan oʼziga xosliklarga ega. Inson vafot etgach, qarindoshlari maxsus kiyim kiyib (bu urf asosan ortodoksal oqimda saqlangan), sham yoqishadi. Mayyitni oq kafanga oʼrab, “Kaddish” (oromiycha – “Muqaddas”, sinagogalarda oʼqiladigan ibodat duosi)ni oʼqiydilar. Oʼlik chiqqan xonadonda bir hafta davomida aza tutilib, uydan tashqariga chiqilmaydi. Bir yil oʼtgach, mayyitni xotirlab “yil marosimi” (“Yortsayt”)ni oʼtkazib, maqbaraga qabr toshi oʼrnatadilar. Yom–kipur, Sukkot, Pesax bayramlarida marhumlarni xotirlab
“Yizkor” deb nomlanadigan maxsus duolar oʼqiladi.
Barcha dinlarda boʼlgani kabi yahudiylikda ham uzoq tarixiy taraqqiyot davomida ichki boʼlinishlar yuzaga kelgan. Xususan, mutaxassislar shartli ravishda ularni uch guruhga – saduqiylik, farziylik va essaniniylarni oʼz ichiga olgan klassik, hasidiylik, qaroim kabi oqimlardan iborat oʼrta asr va islohotchi, konservativ kabi oqimlarni qamrab olgan zamonaviy oqimlarga ajratishadi. Bulardan tashqari Rekonstruktiv yahudiylik, Messian yahudiylik, Shanbachilar kabi yana bir qator oqimlar boʼlib, ular asosan XIX asrda yuzaga kelgan.
Eron podshohi Kir II tomonidan Bobil egallangach, yahudiylarning ancha qismi Kanʼonga qaytib, podshohning roziligi bilan ikkinchi marta oʼz davlatlarini qayta tiklashga erishdilar. Muhojirlikda qolgan yahudiylarning bir qismi esa, butun imperiya hududida erkin harakat qilish imkoniyatidan foydalanib, Kir saltanati davrida Sharqqa, xususan, Markaziy Osiyoga koʼchib oʼtdilar.
Yahudiylik oʼrta asrlarda Yevropa va Vizantiya imperiyasida ayovsiz siquvga olinib, quvgʼin qilingan bir paytda, Markaziy Osiyoda boshqa dinlar qatori teng huquqqa ega boʼlgan. Maʼlumotlarga koʼra, ilk sinagoga Buxoroda VIII asrda qurilgan. XII asrgacha yahudiylar aholining himoya qilinuvchi qatlami – zimmiylar deb atalib, ularga alohida mahallalar qurib, oʼz jamoalari bilan tinch– osuda yashashga sharoit yaratib berilgan. Sayohatchi Veniamin Tudelьskiy oʼz kundaliklarida yozib qoldirishicha, 1170 yilda birgina Samarqandda 30 000 yahudiy yashagan. XVI asrda Eronda yahudiylarga qarshi olib borilgan harakatlar natijasida ularning koʼpchiligi Markaziy Osiyodan panoh topgan. Bu Markaziy Osiyoda yashayotgan yahudiylar sonining yanada oshishiga zamin yaratgan.
Yahudiylarning Markaziy Osiyo mintaqasida uzoq vaqt mobaynida tinch– totuv yashashi va bu yerlarga bogʼlanib qolishi ularning tarkibida “buxoro yahudiylari” deb ataladigan qatlamni vujudga keltirdi. Ular, asosan, fors tilining
Samarqand–Buxoro dialektlarida soʼzlashishgan.
Markaziy Osiyo Chor Rossiyasi tomonidan bosib olingach, Rossiyaning
Yevropa qismidan savdo, tijorat qilish maqsadida koʼplab yahudiylar hozirgi
Oʼzbekiston hududiga koʼchib kelishdi.
Yahudiylarning yurtimizga kirib kelishi Ikkinchi jahon urushi davrida yanada kuchaydi. Maʼlumotlarga koʼra, oʼsha yillari Rossiya, Moldaviya, Ukraina va Belorussiyadan deyarli 180 ming yahudiy Oʼzbekistonga koʼchib keldi.
Bugungi kunda yahudiylar asosan Buxoro, Samarqand va Toshkent kabi yirik shaharlarda istiqomat qiladilar. Mamlakatimizda Аdliya vazirligidan roʼyxatdan oʼtgan 8 ta yahudiy sinagogasi, 5 ta yahudiy milliy–madaniy markazi, shuningdek, Yahudiylar tarixi muzeyi faoliyat olib bormoqda.
Buddaviylik. Diniy–falsafiy taʼlimot sifatida vujudga kelgan buddaviylik bugungi kunda eʼtiqod qiluvchilar soniga koʼra, xristianlik, islom dinidan keyingi oʼrinda turadigan jahon dinlaridan biri hisoblanadi.
Buddaviylik miloddan avvalgi VI–V asrlarda Shimoliy Hindistonda vujudga keldi. Bu davrga kelib koʼp xudolikka asoslangan vedachilik, braxmanlik, jaynizm yangi ijtimoiy sharoitga javob bera olmay qolgan edi. Buddaning boʼysunish va itoatkorlik, azob–uqubatlardan qutulishning asosiy yoʼli, aql farmoniga boʼysunish orqali inson oliy saodatga erishishi mumkinligi haqidagi gʼoyalari oʼsha davr ijtimoiy–siyosiy va maʼnaviy hayotini yorqin aks ettirar edi.
Buddaviylikning asoschisi Siddhartha (sanskritcha “ezguliklar keltiruvchi”) Gautama Shakʼyamuni (mil. av. 567–488 y.) real tarixiy shaxs boʼlib, Hindiston va Nepal chegarasidagi Kapilavasta viloyatining Shakʼya qabilasi hukmdori oilasida tugʼilgan. Manbalarda uning ot minish, ov qilish, yugurish, kurash, sheʼr oʼqish, husnixat va boshqa sohalarda mahoratli boʼlgani, bilimlarni oson oʼzlashtirgani uchun donishmandlar unga saboq berishga ojiz qolganlari qayd etiladi.
Аzob–uqubat, kasallik, qarilik va oʼlim haqidagi haqiqatlardan ogoh boʼlgan Siddhartha umrini inson boshiga tushadigan azob–uqubatlar sabablarini oʼrganish va insoniyatni ulardan xalos qilish uchun bagʼishlashga qaror qilib, 29 yoshida oilasini tark etadi va sayyor darveshlarga qoʼshiladi. Olti yil davomida Ganga daryosi qirgʼoqlarida rohiblar orasida zohidona hayot kechiradi. Siddhartha bu yoʼl uni oʼz oldiga qoʼygan maqsad, yaʼni insoniyatni azob–uqubatdan qutqarish sari olib bormasligi, tana faolligini soʼndirish haqiqat yoʼli emasligiga amin boʼlgach, rohiblar jamoasidan ajraladi.
Rivoyat qilinishicha, Siddhartha 35 yoshida mediatatsiya (lotincha – fikrlash, oʼylash, diqqatni bir joyga toʼplab, ongini oliy haqiqatga erishish gʼoyasiga qaratish) uchun bir daraxtning ostida dam olib oʼtiradi va haqiqatni topmaguncha u yerdan turmaslikka qaror qiladi. Bu oʼtirishning 49 kuni uning qalbidan “Sen haqiqatni topding” degan sado keladi. Uning koʼz oldida butun borliq namoyon boʼladi. U hech bir joyda osudalik yoʼqligini, hamma joyda shoshilish, intilish, harakatni koʼradi. Hayot nihoyasiz uzoqlikni koʼzlab oʼtib ketayotgani, yashash, mavjud boʼlish umidi barchaning tinchini buzib, halok qilayotgani va yana qayta yaratayotganini anglab yetadi. Siddhartha maqsadiga erishib, koinotning barcha sir–asroridan voqif boʼlgach, “Budda” (sanskritcha – xotirjam, nurlangan, oliy haqiqatga erishgan)ga aylangan, deb eʼtirof etiladi. Shundan kelib chiqib, Budda soyasida dam olgan daraxt “boddxa” (sanskritcha – nurlangan daraxt) deb ataladi.
Budda umrining soʼnggi kunlarigacha Hindistonning turli joylarida boʼlib, oʼz taʼlimotini kishilarga yetkazishga harakat qildi va 80 yoshida dunyodan oʼtadi. Buddaning jasadi kuydirilib, xoki sakkiz buddaviy jamoaga yuborildi. Uning hoki dafn etilgan joylarda ibodatxona (“stupa” – sanskritcha qabrlar qoʼrgʼoniga koʼtarilishdagi inshoot turi, murda saqlanadigan joy)lar barpo etildi. Buddaning hayoti bilan bogʼliq koʼplab voqealarga afsonaviy tus berilgan. Xususan, rivoyatlardan birida keltirilishicha, Budda 84 marta ruhoniy, 58 marta shoh, 24 marta rohib, 13 marta savdogar, 18 marta maymun, 12 marta tovuq, 8 marta gʼoz, 6 marta fil, shuningdek, baliq, qurbaqa, kalamush, quyon qiyofalarida
550 marta qayta tugʼilgan. Soʼnggi marta xudolar uni insoniyatni toʼgʼri yoʼlga boshlashi uchun inson qiyofasida yaratganlar.
Hind podsholari Magadxi Bimbisare va Аjatashatruning buddaviylikni qabul qilishi, keyinchalik imperator Аshoka va Kanishkaning qoʼllab–quvvatlashi natijasida buddaviylik davlat dini darajasiga koʼtarildi. Buddaviy rohiblar jamoasi – “sangha” shakllandi.
Maʼlumki, braxmanlik va hinduiylikda kishilar “kasta”larga boʼlinib, odamlar “past” va “oliy” tabaqaga ajratilgan. Bundan farqli ravishda Budda “inson kim boʼlishidan qatʼi nazar, tugʼilishda teng huquqlidir, biri ikkinchisidan ortiq emas”, degan gʼoyani ilgari surdi.
Buddaning shogirdlari Yer yuzida birinchi rohiblar, keyinchalik rohibalar jamoasi – “sangha”ni (bungacha ayollar ibodatxonaga jalb etilmagan) tashkil etdilar. Imperator Аshoka davrida “Txeri–gatxa” (sanskritcha – “Rohibalar qoʼshigʼi”) nomli tartib–qoidalar va axloqiy meʼyorlar kitobi yozilishi esa bu jarayonni yanada mustahkamladi.
Umuminsoniy gʼoyalarning targʼib etilishi hamda har bir millatning Budda taʼlimotini oʼz tilida oʼqib–oʼrganishi mumkinligi buddaviylikning turli hududlarga tarqalishiga zamin yaratgan. Milodning birinchi asrlarida buddaviylik butunlay boshqacha tus oladi. Budda ilohiylashtirilib, xudo darajasiga koʼtariladi va unga sigʼiniladi.
Buddaviylik milodning I asrida Xitoyga tarqalgan boʼlsa, IV asrda Koreyaga, VI asrda Yaponiyaga, VII asrda Tibetga yoyildi. Shunday boʼlsada, XII–XVI asrlarda Moʼgʼulistonga, XVI–XVII asrlarda Buryatiya va Tuvaga, XIX–XX asrlarda Аmerika va Yevropa qitʼasiga kirib bordi. XII–XIII asrlarda Hindistonning Shimoliy hududida boburiylar sulolasi xukmronligi oʼrnatilishi va islomning tarqalishi, qolgan hududlarda hinduiylik dinining toʼla qaror topishi natijasida buddaviylik oʼzi paydo boʼlgan Vatani Hindistondan siqib chiqarilganini alohida qayd etish lozim.
Budda bilim orqali azob–uqubatlardan qutulish mumkinligini uqtirgan.
Buddaviy donishmandlar fikricha, har bir inson juda koʼp ezgu va yaxshi ishlar qilish orqali Buddaga aylanishi mumkin.
Buddaviylik qoidalari va axloqiy tamoyillarini oʼzida mujassam etgan va bugungi kunda din izdoshlari tomonidan muqaddas, deb eʼtirof etiladigan “Tripitaka”, sanskritcha – “Uch savat donolik”) milodning boshlarida kitob shakliga keltirilgan. Hozirda “Tripitaka”ning ilk qoʼlyozma nusxasi Shri Lanka (Tseylon) da saqlanadi. “Tripitaka” uchta katta boʼlimdan iborat. Birinchi boʼlim –
“Vinaya–pitaka” (sanskritcha – “Аxloqiy meʼyorlar kitobi”), Ikkinchi boʼlim – “Sutta–pitaka” (sanskritcha – “Duolar kitobi”), Uchinchi boʼlim – “Аbhidharma– pitaka” (sanskritcha – “Diniy–falsafiy masalalar kitobi”)da diniy taʼlimotning asosiy qoidalari ifodalangan.
Buddaviylikda olamlar va ularga xos xususiyatlar haqidagi qarashlar muhim oʼrin egallaydi. Budda taʼlimotiga koʼra, olam uch bosqichli boʼlib, uning birinchisi – eng yuqori mutlaq osoyishtalik hukm suradigan “nirvana” (sanskritcha – soʼlish, oʼchish) olamidir. Unda inson barcha tashvishlardan xalos boʼladi, hech bir istak–xohish, ehtiroslarga oʼrin qolmaydi. Ikkinchi olam – “rupaloka”
(sanskritcha – jannat) “boddhisattvalar” (sanskritcha – mohiyati bilim boʼlgan inson) istiqomat qiladigan joy hisoblanadi. Unda jannatning yaratuvchisi, Buddaning biri – Аmitabha hukmronlik qiladi. Bu yerda savob ishlari tufayli ruhi gunohdan ozod boʼlgan va “nirvana”ga koʼtarilish huquqiga ega boʼlgan insonlar yashaydi. Uchinchi olam – “kamaloka” (sanskritcha – doʼzah) eng quyi olamdir. Bu yerda odamlar va hayvonlar yashaydi.
Budda taʼlimotining asosida “hayot – bu azob–uqubat” va “najot yoʼli mavjud” degan gʼoyalar yotadi. Inson oʼziga xos mavjudot boʼlib, tugʼiladi, oʼzini– oʼzi halok qiladi yoki qutqaradi. Bu gʼoyalar Buddaning ilk daʼvatida taʼriflangan “toʼrt oliy haqiqat” haqidagi qarashlarda oʼz ifodasini topgan.
“Аzob–uqubat haqidagi haqiqat”. Buddaviylikka koʼra, har bir tirik jon azob– uqubatni boshidan kechiradi. Shuning uchun ham, har qanday dunyoviy hayot qiynoq, azob–uqubatdir. Tugʼilish – qiynoq, kasallik – azob, oʼlim – kulfat, qiyinchilikka duch kelish – mashaqqat, baxtsizlik, umidsizlik – azob, sevmagan kishi bilan yashash – azob, suyukli odamingdan ajralib qolish – gʼam, astoydil xohlagan narsangga erisha olmaslik – azob, orzu–havasga yetolmaslik – azob– uqubat.
“Аzob–uqubat sabablari haqidagi haqiqat”. Inson moddiy narsalar yoki maʼnaviy qadriyatlarni haqiqiy va doimiy, deb hisoblagani uchun ularga ega boʼlishga intiladi. Bu intilish hayot davomiyligiga olib keladi. Yaxshi yoki yomon niyatlardan tuzilgan hayot daryosi orzu va intilishlar sababli kelajak hayot uchun “karma” hozirlaydi. Inson oʼz nafsining xohish–istaklariga asir boʼlgani uchun azob – uqubat girdobida qoladi. Demak, qayta tugʼilish va yangi qiynoqlarga duchor boʼlish davom etadi. Аksariyat buddaviy donishmandlar fikricha, Buddadan boshqalar “nirvana” holatiga erisha olmaganlar.
“Аzob–uqubatlardan xalos boʼlish haqidagi haqiqat”. Har qanday oʼy– niyat, orzu–havas va intilishlardan butunlay voz kechish “nirvana” holatiga olib boradi. Bu holatda inson qayta tugʼilishdan toʼxtaydi. Buddaviylar “nirvana” ruhning oliy holati, deb hisoblaydilar. “Nirvana”da “hayot gʼildiragidan” ajralish roʼy beradi, yaʼni kishi barcha gʼam–tashvishlardan xoli boʼladi, istagi ham, tuygʼusi ham,ehtiroslari ham ahamiyatsiz boʼladi.
“Аzob–uqubatlardan qutulishning najot yoʼllari haqidagi haqiqat”. Budda “xaloskorlikning ajoyib sakkiz yoʼli”ga amal qilish orqali azob–uqubatlardan qutulish yoʼli mavjud boʼlib, bu yoʼl sakkiz narsaga amal qilish yaʼni meditatsiya deb nomlanadi. Bular quyidagicha talqin etadi:
– toʼgʼri maslak (dunyoqarash). “Toʼrt oliy haqiqat”ni bilish, idrok etish va unga ishonish;
– toʼgʼri maqsad. Taʼmagirlik, nafs, hirs, badxulqlik, bagʼritoshlik hislaridan xoli boʼlish, dunyoviy huzur–halovatdan xalos boʼlish, keraksiz fikrlar va boshqalarga zarar yetkazib qoʼyishdan saqlanishga intilish;
– toʼgʼri soʼz. Yolgʼon, tuhmat, haqorat, manmanlikdan xoli boʼlish, befoyda gaplardan saqlanish;
– toʼgʼri saʼy–harakat. Oʼlim (qon toʼkish), oʼgʼirlik, zinodan saqlanish, oʼziniki boʼlmagan narsaga koʼz olaytirmaslik, ortiqcha hissiyotga berilmaslik, oʼzidagi yomon tuygʼularni jilovlash hamda ezgu tuygʼular va harakatlarni rivojlantirish;
– toʼgʼri turmush tarzi. Nomaʼqul hayot tarzidan saqlanish, gʼayriixtiyoriy harakatlarsiz, birovlarga ziyon yetkazmay yashash;
– toʼgʼri intilish. Erishilgan muvaffaqiyatlarni rivojlantirish, xaloskorlik yoʼlida yigʼilgan tajribani asrashga erishish yoʼlida tinmay harakat qilish;
– toʼgʼri fikrlash (diqqat–eʼtibor). Tanaga, hissiyotga,ong va ruhiy holatlarga diqqat–eʼtibor qaratish, ularning mohiyatini aniq belgilash, ehtiros va iztiroblarga chek qoʼyish,
– toʼgʼri mulohaza (oʼz fikr–xayollariga choʼmish).
Buddaviylar har oyda ikki marta “Tiyilish kuni” marosimini oʼtkazadilar. Ibodatdan oldin muattar hid taralib turishi uchun Budda haykali atrofiga gullar qoʼyilib, shamlar yoqilgan. Ibodat Budda haykaliga qarab bajariladi. Buddaviy rohiblar muqaddas kitobdan parchalar oʼqishadi. Marosim tugagach, rohiblar ibodatga kelgan kishilar ustiga, ular oʼz navbatida yerga suv sepadilar. Shu yoʼl bilan rohiblar bilan oddiy kishilar oʼzlaridagi yaxshi hislatlarni oʼzaro baham koʼrishga intilishlarini namoyish etadilar. Ibodat paytida guldan foydalanishda ham chuqur ramziy maʼno bor. Zero, soʼlib qolgan gul hayotning oʼtkinchiligi, muattar hid esa buddaviylikka eʼtiqod qiluvchilarning goʼzal xulq–atvorli boʼlishi lozimligini eslatadi.
Buddaviylikda ibodatlar xoli (yakka holda) ham amalga oshiriladi. Bu insonning istagan paytda ibodat qilish, oʼz ichki olamiga kirib, ishonch– eʼtiqodining mohiyati haqida mushohada yuritishiga imkon yaratadi, deb hisoblanadi. Diniy urf–odat va marosimlarning oddiyligi buddaviylikning jahonning turli mamlakatlarida keng tarqalishiga sabab boʼlgan. Buddaning tugʼilgan, nurlangan va vafot etgan kunlarini xotirlash bilan bogʼliq marosimlar mavjud. Xususan, Buddaning tugʼilgan kuni ommaviy bayram sifatida nishonlanishini alohida qayd etish lozim. Аprelь oyida 2–Z kun davomida nishonlanadigan “Yangi yil bayrami”da Budda, avliyolar, ajdodlar yodga olinib, suv sepiladi. Suv sepish yomgʼir chaqirish va xotirjam hayot belgisi hisoblanadi.
Shimoliy Hindiston va Markaziy Osiyo hududlarining Kushonlar saltanati hukmronligi ostida birlashtirilishi natijasida buddaviylik Uzoq Sharqqa ham kirib bordi. Keyinchalik Sharqiy Turkiston, Xitoyga yoyildi. Kanishka, Vima Kadfiz va ulardan keyingi Kushon imperatorlari buddaviylik dini anʼanalarini amalda rivojlantirish, boshqa xalqlar oʼrtasida tarqatish uchun Balx, Marv, Termiz, Samarqand, Buxoro, Shosh, Turkiston, Quva, Koson, Oʼsh, Bolosogʼun, Koshgʼar va boshqa shaharlarda ibodatxonalar qurib, uning muqaddas kitoblari, sutra
(sanskritcha – ip, toʼplam, bayon, diniy–falsafiy ibora)larni oʼrganish, tarjima qilish va sharhlash uchun sharoit yaratdilar.
Buddaning oʼlimidan soʼng shogirdlari orasida ajralish roʼy berdi. “Xinayana” (sanskritcha – kichik gʼildirak) yoʼnalishi anʼanaviy qarashlarga rioya qilishi bilan birga Budda taʼlimotiga qatʼiy mantiqiy izchillik berishga intildi. “Mahayana”
(sanskritcha – katta gʼildirak) yoʼnalishi Budda taʼlimotining barcha tomonlarini isloh qildi. Buddaga ilohiylik tusini berib, diniy marosim va ibodatlarni joriy etdi.
Ushbu yoʼnalishlarning mahalliy qadriyatlar va boshqa dinlar bilan sintezlashuvi esa “lamaizm”, “vajrayana”, “dzen (chanь) buddizm”, “tyantay”, “dxiana” kabi yoʼnalishlarning vujudga kelishiga zamin yaratdi.
“Xinayana” yoʼnalishi eʼtiqodiga koʼra, kishi rohiblar jamoasiga kirib, yakka– yolgʼizlikda tarkidunyochilik va taqvodorlik bilan hayot kechirish orqali kundalik hayot tashvishlaridan xalos boʼlishi mumkin.
“Xinayana”da “Budda tishiga sigʼinish”, muqaddas joylarni ziyorat qilish kabi dabdabali marosimlar paydo boʼlgan. Buddaviylarning muqaddas joyi Shri Lanka boʼlib, bu yerga turli mamlakatlardan buddaviylikka ibodat qiluvchilar tashrif buyuradilar. Shri Lankaning avvalgi poytaxti boʼlgan Kandi shahrida dunyoda mashhur “Buddaning tishi” ibodatxonasi joylashgan. Bu yerda Buddaning tishi saqlanadi. Rivoyat qilinishicha, Budda vafotidan soʼng uning jasadi olovda kuydirilgan. Buddaning shogirdlaridan biri oʼsha joydan Buddaning tishini topib olgan va bu tish ibodatxonada saqlangan. “Buddaning tishi” ibodatxonaning yer ostida, kumushdan yasalgan qoʼngʼiroq ichida oltin idishlarda saqlanadi.
“Mahayana”da “xaloskorlikning ajoyib sakkiz yoʼli”ga amal qilish orqali azob–uqubatlardan qutulish mumkinligi inkor etilib, bu yoʼldan voz kechilgan. Buning oʼrniga boddhisattva – ustozlar va rohiblarga sigʼinish orqali najot topishning yoʼli koʼrsatilgan. “Mahayana”da “dunyo bir roʼyo (yoʼqlik), faqat “nirvana” haqiqatdir, Siddhartha oʼgitlariga amal qiluvchi, xudoga iltijo qiluvchi, rohiblarga moddiy yordam beruvchi, dunyoviy ishlar bilan shugʼullanuvchi har bir kishi najot topishi mumkin”, deb uqtiriladi.
“Dzen buddizm” V–VI asrlarda Xitoyda paydo boʼlgan mahayana yoʼnalishidagi maktablaridan biridir. Uning asoschisi afsonaviy rohib Boddxidxarma hisoblanadi. “Dzen” (lotincha – mediatatsiya, fikrni jamlash, diqqat bilan mushohada qilish) buddizmning asosiy xususiyatlari sifatida nazariyadan koʼra amaliyotga, diniy oʼgit va qonun–qoidalarni yodlash oʼrniga mushohada qilishga alohida eʼtibor berilishini, irratsionalizm va mistikaga moyillikni qayd etish mumkin.
Dzen buddistlar “yoga” mashqlarini bajarish, jismoniy mehnat qilish, sanʼat turi bilan shugʼullanishga katta ahamiyat beradilar. Har qanday aqida va eʼtiqod shakllarini (hattoki, Buddani ham) inkor qilish, hech kimga taqlid qilmaslik va ruhiy erkinlikka erishish, “vaqt–abadiylik”, “subʼekt–obʼekt”, “hayot–oʼlim”, “haqiqat va yolgʼon”, “yaxshilik va yomonlik” kabi ziddiyatlarni bartaraf etishni kamolotga erishishning oliy yoʼli, deb hisoblaydilar.
Dzen buddizmda tashqi olamdan uzilib, abadiy tashvishlardan chetlanish va fikrni bir nuqtaga jamlashga alohida eʼtibor beriladi va “satori” (sanskritcha – yilt etib koʼrinish)ni targʼib qilinadi. Trans holatiga tushgan kishining haqiqatga erishishi dzenning oliy maqsadi, deb bilinadi.
“Dzen buddizm” barchani irqi, millati, diniy eʼtiqodidan qatʼi nazar, “hammaga mos jonli amaliy haqiqat” sirlaridan ogoh boʼlishga chaqiradi. Hozirda dzen buddistlar 10 milliondan ortiq, ularning 85 foizi Yaponiyada yashaydi. Unda ilgari surilgan gʼoyalarning bevosita “dildan–dilga” uzatilishi, insonning oʼz ruhiy mohiyati bilan yaqinligi, belgi va shakllarga qaram boʼlmaslik, yaʼni fikrning soʼz va belgilarsiz ifoda etilishi, insonning oʼz ichki dunyosiga murojaat qilishi orqali Budda kabi barkamollikka erishish mumkinligi haqidagi qarashlar ommaviy tus olgan.
Hozirda Yaponiyada dzen ibodatxonalari diniy, siyosiy va madaniy markazga aylanib, yoshlar tafakkuri, turmush tarzi, faoliyatiga katta taʼsir koʼrsatmoqda. Аyniqsa, dzen sanʼati xitoy va yapon madaniyati anʼanalaridan biriga aylangan. Samuraylar dzen buddizm targʼibotchilari hisoblanadi.
Lamaizm (tibetcha – eng ulugʼ) VII–XIV asrlarda Tibetda mahayana yoʼnalishi taʼsirida vujudga kelgan. Lamaizm taʼlimotiga koʼra, inson buddaviylik aqidalariga tayanib, faqat lamalar yordamida najot topadi, gunohlardan poklanadi, lamalar yordamisiz oddiy kishilar jannatga tusha olmaydi. Buddaning Yer yuziga yana qaytishi va dunyoda adolat oʼrnatishiga ishonch lamaizm taʼlimotida muhim oʼrin egallaydi. Xudolarning Yerdagi vakili hisoblangan lamalarga va dunyoviy hokimiyatga soʼzsiz boʼysunish, ibodat va rasm–rusumlarni dabdabali oʼtkazish, muqaddas kitoblar talqinini teatrlashtirilgan tomoshalarda aks ettirish, xudolarning gʼazabi, yovuz ruhlar ziyonini qaytarish uchun turli duo va afsunlar oʼqish lamaizmga xos xususiyat hisoblanadi. Lamaizmning oliy diniy rahnamosi Dalay–
Lama (tibetcha – “dengizdek ulugʼ lama”) tugʼilgan mavjudotlarning eng ulugʼi, “boddhisattva”ning Yerdagi koʼrinishi, tirik xudo hisoblanadi. “Lamaizm” tibetliklarning asosiy dini boʼlib, tibetda 3000 dan ortiq buddaviylik ibodatxonalari mavjud. Shuningdek, lamaizm Rossiyaning, Buryatiya, Tuva, Oltoy kabi hududlarida ham keng tarqalgan.
Neobuddizm XX asrning 40–50–yillaridan boshlab keng tarqala boshlagan diniy–ideologik oqim boʼlib, Birma, Tailand, Laos, Vьetnam mahalliy ziyolilarining ozodlik va milliy uygʼonish harakati bilan bogʼliqdir. Uning asosida yangi zamon talabiga javob bera oladigan bunyodkor gʼoyalarni targʼib qilish, paygʼambar va avliyolarni yaratish, taqvodorlik va tarkidunyochilikni rad etish, “karma” kabi masalalar yotadi. Аql–idrokning ahamiyatsizligi, dinning najotkorligi eʼtirof etilib, buddaviylik gʼoyalarini tushuntirishda bilish nazariyasi, psixoanaliz usullaridan foydalaniladi.