Mikroorganizmlarga nurli energiyaning ta’siri.

Оглавление/Munadarija

Mikroorganizmlarga nurli energiyaning ta'siri.

Mikroorganizmlarga nurli energiyaning ta’siri.

Nurli energiyalar turli mikroorganizmlarga har xil fizikaviy, kimyoviy va biologik ta‘sir ko‘rsatadi. Nurli energiyaning ba‘zilari mikroorganizmlarni o‘ldiradi, shu sababdan bu turdagi nurli enegiya oziq-ovqatlarni aynishdan saqlash uchun ishlatiladi. Tabiatda doim mikroorganizmlar quyosh nuri ta‘sirida bo‘ladi. Tarqalib turayotgan kunduzgi nur mikroorganizm rivojlanishiga ta‘sir etmaydi, to‘gri tushayotgan quyosh nurlari esa ularni o‘ldiradi. Quyosh nuri faqat fotosintez qiluvchi mikroorganizmlarga kerak, fotosintez qobiliyatiga ega bo‘lmagan mikroorganizmlar sharoitida ham o‘saveradi.

Ammo ko‘pchilik mog‘orlarning rivojlanishi qorong‘ida normal darajada bo‘lmaydi, ularda faqat mitseliy o‘sib, sporalar hosil bo‘ladi. Patogen bakteriyalar saprofitlarga nisbatan quyosh nuriga kamroq chidamli bo‘ladilar. Quyosh spektrining ultrabinafsha qismi eng katta bakterotsid ta‘siriga ega. Ultrabinafsha nurlarining biologik va kimyoviy aktivligi kattadir. Ultrabinafsha nurlar ba‘zi organik birikmalarning sintezini va parchalanishini yuzaga keltiradi, oqsillarni koagulyasiya qiladi, fermentlarning faolligini oshiradi.

O‘simlik, hayvon va mikroorganizm hujayralarini o‘ldiradi. Ultrabinafsha nurlarining mikroorganizmlarga salbiy ta‘siri ularning nurlangan muhitda mikroorgaganizmlarga zarar keltiradigan moddalar vodorod peroksidi, ozon va boshqalar hosil bo‘lishidan kelib chiqadi. Ultrabinafsha nurlarining 250-260 nm li to‘lqinlari eng yuqori bakterotsid ta‘sir ko‘rsatadi. Ultrabinafsha nurlarining ta‘sir kuchi nurlanish dozasiga, masofaga va nurlanish muddatiga bog‘liq.

Bakteriyalar sporalari vegetativ hujayralarga nisbatan ultrabinafsha nurlarga ko‘proq bardoshlidir.Sporalar o‘ldirish uchun 4-5 marta ko‘proq energiya kerak. Hozir sanoatda ultrabinafsha nurli turli bakterotsid lampalar ishlab chiqarilmokda. Ular havoni dezinfeksiya qilishda keng qo‘llanilmoqda: kameralarda davolash va ishlab chiqarish korxonalarida. Ultrabinafsha nurlar  asbob-uskuna idishlarni dezinfeksiyalashda oziqovqatlarni quyishda va qadoqlashda ham qo‘llaniladi.

Ultrabinafsha nurlar o‘tish qobiliyatiga ega bo‘lmagani uchun nurlanayotgan mahsulotlarning faqat yuzasiga ta‘sir etadi. Ultrabinafsha nurlar sovutilish usuli bilan birga go‘sht va go‘sht mahsulotlarining saqlash muddatini 2-3 marta uzaytiradi.

Rentgen nurlarining to‘lqinlari kichikdir. Ular o‘tish qobiliyatiga ega. Rentgen nurlarining mikroorganizmlarga ta‘sir kuchi nurlanish dozasiga bog‘liq. Oz miqdorda rentgen nurlari miroorganizmlarni rivojlantiradi, ko‘prog‘i esa ularning osishi va ko‘payishini to‘xtatadi, ko‘p miqdordagi mikroorganizmlarni o‘ldiradi. O‘simlik va hayvonlarga nisbatan mikroorganizmlar rentgen nurlariga chidamliroq bo‘ladilar. Mikroorganizmlarga bu nurlar har xil ta‘sir ko‘rsatadi. Ma‘lum miqdordagi rentgen nurlari ba‘zi mikroorganizmlarni darhol o‘ldiradi, boshqalarga esa ta‘sir etmaydi. Mog‘or va achitqilar bakteriyalarga nisbatan rentgen nurlariga chidamliroq.

Radioaktiv nurlar. Radioaktiv nurlanishning miqdori mikroorganizmlarga ijobiy ta‘sir etadi, ularning rivojlanishini tezlashtiradi va ba‘zi hayot jarayonini aktivlashtiradi. Radioktiv nurlanishning ko‘p miqdori mikroorganizmlar hujayralarida patologik o‘zgarishlar keltiradi va ularni o‘ldiradi. Nisbatan oz miqdordagi nurlanish avvalo mikroorganizmlarning ko‘payitini sustlashtiradi, ammo ularning o‘sishiga ta‘sir etmaydi. Masalan, achitqilarni kam dozada nurlantirsa, hujayralari o‘saveradi, kurtaklar hosil bo‘lmay, bahaybat (gigant), avvaliga nisbatan bir necha bor katta hujayralar hosil bo‘ladi.

Mikroorganizmlar yuksak tirik organizmlarga nisbatan radioaktiv nurlanishga bardoshliroq bo‘ladilar. Mikroorganizmlarni o‘ldiradigan doza hayvonlarni o‘ldiradigan dozaga nisbatan yuzlab va minglab marta yuqoriroq bo‘ladi. Mikroblarning shunday turlari ham uchraydiki, atom reaktorlarining ichida yashab odam o‘ldiradigan radiatsiya dozasida 2000 marta yuqoriroq dozaga ham chidamliroq bo‘ladi. Bakteriyalar sporalari vegetativ hujayralarga nisbatan radioaktiv nurlanishga chidamliroq bo‘ladi. Radioaktiv nurlanish hujayraning moddalarini ionizatsiya qilib, fermentlarning aktivligini yo‘qotadi.

Radioaktiv nurlanishning praktik xullanishi har xil. Ma‘lum miqdorda tibbiyot materiallarini, davolash preparatlarini va oziq- ovqatni sterilizatsiyalashda ishlatiladi.

Sterilizatsiya effekti yuqori dozada ko‘rinadi. U dozalar inson uchun zararli bo‘lishi mumkin. Nurlangan oziq-ovqatlarda suvning radioaktivlik va zararli moddalar paydo bo‘lishi mumkin. Ko‘pchilik mahsulotlar radioaktiv nurlanishdan so‘ng ozuqaviy qiymatini yo‘qotadi. Bizda va chet davlatlarda radioaktiv nurlanishni tirik organizmlarga ta‘sirini o‘rganish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.Mikroorganizmlarga nurli energiyaning ta’siri.

Radioto‘lqinlar — elektromagnit to‘lqinlar bo‘lib, nisbatan katta uzunlikka ega: bir necha mmdan kmgacha. Yuz metrli va uzunroq to‘lqinlar mikroorganizmlarga hech qanday ta‘sir ko‘rsatmaydi, kaltalari esa 10-50 mmli mikroorganizmga zararli ta‘sir etadi. Ayniqsa ultraqisqa, uzunligi 10 mmdan qisqaroq to‘lqinlar mikroorganizmga salbiy ta‘sir qiladi. Muhitdan qisqa va ultraqisqa radioto‘lqinlar o‘tganda yuqori chastotali o‘zgaruvchan tok hosil bo‘ladi. U muhitni tez, yuqori darajada isitib yuboradi. Shuning uchun yuqori chastotali maydonda mikroorganizmlar issiqdan o‘ladi. Yuqori va ultrayuqori chastotali toklar (YUCH va UYUCH) bilan isish xususiyati oddiy usul bilan qizdirishdan farq qiladi. Ultrayuqori chastotali maydonga joylashtirilgan substrat hamma nuqtasidan isiydi. Shuning uchun bir necha sekund davomida yuqori darajadagi issiklikka erishish mumkin. Masalan, UYUCH toklarining ta‘sirida stakandagi suvni 2-3 sekundda qaynatish mumkin. YUCH va UYUCH ning xususiyatlari oziq-ovqat mahsulotlarini sterilizatsiya qilishda juda foydali. Ular yordamida mevali konservalarni sterilizatsiya qilish ayniqsa qulay, chunki 1-3 minutda temperatura 90-120°C ga boradi va mahsulotning sifati saqlanadi. Mahsulotlarni faqat shishali idishda UYUCH toklari bilan sterilizatsiya qilish mumkin. Chunki bu toklar metalldan o‘ta olmaydi.

Ultratovushning tebranish chastotasi sekundiga 20000ga yetadi (20kgs kilogers) va undan ham ko‘proq. Bu tebranish chastotasidagi tebranishni inson qulog‘i qabul qila olmaydi. Inson qulog‘i 16-20 kgsdagi tovushni eshitadi. Hozirgi zamon texnikasi yordamida chastotasi yuzlab ming kgsli ultratovush to‘lqinlar olinadi.

Mikroorganizmlarga ma‘lum kuchdagi ultratovush to‘lqinlari zararli. Undan pastroq darajada uzoq muddat davomida mikroorganizmlarga ta‘sir etilsa, ular o‘lmaydi Faqat ba‘zi xususiyatlari o‘zgaradi xolos. Mikrobiologiyada ultratovush to‘lqinlari mikrob hujayrasining qobig‘ini parchalab, ichki ferment, vitamin va boshqa moddalarni hujayradan ajratib olish uchun ishlatiladi. Ultratovush suv, sut, sharbatlarni sterilizatsiya qilishda ishlatib ko‘rilmoqda, ammo bu usul qimmat bo‘lganligi sababli va mahsulotining sifatini pasaytirgani uchun u keng amaliy ahamiyatga ega emas.

Muallif: M.Hamdamov; A.Tashmuratov.

mavzular

manba