Munadarija
Missionerlik va prozelitizm: tarix va bugun, targʼibot usullari.
Missionerlik bilan yonma-yon ishlatiladigan prozelitizm esa, toʼgʼridantoʼgʼri biron bir dinga ishongan fuqaroni oʼz dinidan voz kechishga va oʼzga dinni qabul qilishga qaratilgan harakatlarni anglatadi. U oʼz mohiyatiga koʼra missionerlikning tarkibiy qismi hisoblanadi.
Maʼlumotlarga koʼra, dunyodagi umumiy missionerlarning 2/3 qismini xristian missionerlari tashkil etadi. Dastlabki xalqaro xristian missiyalari, 1910 yilda Shotlandiyaning Edinburg shahrida paydo boʼlgan edi. Bugungi kunda yuzlab shunday maqomga ega missiyalar faoliyat koʼrsatmoqda. Ularni yanada rivojlantirish, yetarli moddiy, maʼnaviy va inson resurslari bilan taʼminlash juda yaxshi yoʼlga qoʼyilgan. Odatda, xalqaro missiyani tashkillashtirishda maʼlum bir konfessiyaning barcha shaxobchalari qatnashadi. Masalan, tashkilotning nashriyoti uni tegishli adabiyotlar bilan taʼminlasa, tadqiqot markazi muayyan mamlakat aholisi, uning hayot tarzi, urf-odatlari, zaif tomonlari haqidagi maʼlumotlarni yigʼish va diniy adabiyotlarni mahalliy tillarga tarjima qilish bilan shugʼullanadi. Missiyani moddiy-moliyaviy taʼminlashda ishlab chiqarish tuzulmalarining, missioner kadrlar tayyorlash va koʼngilli homiylarni topishda missionerlik bazalarining ahamiyati beqiyosdir. Mana shunday kuch va tayyorgarlik bilan xalqaro missiya istalgan mamlakatda tegishli targʼibot-tashviqot ishlarini samarali tashkil etishiga shubha qilmasa ham boʼladi.
Аyni damda, missionerlik faoliyati bilan faol shugʼullanishga harakat qilayotganlar orasida bahoiylar, krishnachilar bilan bir qatorda yangi paydo boʼlgan sektalar borligini ham taʼkidlash zarur. Sekta bu – faqat oʼzini haq din, insonlarni najotga yetkazuvchi deb daʼvo qiladigan, aslida esa muayyan siyosiy va iqtisodiy maqsadlarni koʼzlaydigan guruh hisoblanadi. Psixologlar mazkur sektalarni «ommaviy ijtimoiy-psixologik qirgʼin quroli» deb taʼriflaydilar.
Diniy sekta deganda maʼlum bir dindagi rasmiy aqidalarga zid ravishda ajralib chiqqan yoki mavjud dinlar va konfessiyalarga umuman aloqasi boʼlmagan holda din bayrogʼi ostida faoliyat koʼrsatadigan guruhlar tushuniladi. Bugungi kunda missionerlik faoliyati bilan asosan turli sektalar shugʼullanadi. Hozirgi kunda taxminan 5000 ta sektaning faoliyati aniqlangan. Maʼlumotlarga koʼra, mamlakatimiz bilan chegaradosh boʼlgan davlatlarda «Bogorodichiy sentr», «Tserkovь obʼedineniya», «Tserkovь Iisusa», «Tserkovь Novogo Zaveta», «Beloe bratstvo», «Bojestvennыy orden Pervogo Аngela», «Farxat ata», «Dianetika» kabi yuzlab diniy sektalar faoliyat olib bormoqda. Iblisga ibodat qilishga asoslangan
«Satanizm» sektasi ham ayrim qoʼshni respublikalarda keng tarqalmoqda. Аyrim maʼlumotlarga koʼra, oʼta xavfli boʼlgan mazkur sektaning Rossiyada 100 ming, Yer yuzida 5 milliondan ortiq tarafdori bor.
Mazkur sektalar aholining diniy bilimlari pastligidan foydalanib, oxiratning yaqinligi bilan qoʼrqitish hamda asosan yoshlar va moddiy ahvoli nochor boʼlganlar ichida tashviqot olib borish yoʼli bilan oʼz tarafdorlarini koʼpaytirishga harakat qilmoqda.
Missionerlik faoliyatida ijtimoiy tabaqalar bilan ishlash strategiyasi. Missionerlar makon va zamonga moslashgan holda oʼz uslub va vositalarini doimiy takomillashtirib kelganlar. Soʼnggi vaqtlarda ular maʼlum bir ijtimoiy qatlamni ajratib olib, maqsadli ish olib borishga intilmoqdalar. Jumladan, missionerlar asosiy eʼtiborni aralash millat vakillaridan iborat oilalarning aʼzolari, ilgari hech bir dinga eʼtiqod qilmagan, ogʼir xastalikka, judolikka, moddiy qiyinchilikka duch kelgan, axloq tuzatish muassasalaridan chiqib kelgan, yaʼni moddiy va maʼnaviy koʼmakka muhtoj kishilarga qaratmoqdalar.
Ziyolilarning turli qatlamlari ichida sanʼat sohasi xodimlari, kutubxonachilar, oʼrta maktab oʼqituvchilari, turli idoralar xizmatchilari faol missionerlik targʼiboti obʼekti sifatida tanlanayotganini ham qayd etish lozim. Bunday yondashuvda oʼziga xos mantiq bor. Masalan, prozelit sanʼatkor sanʼatning hissiy-emotsional taʼsir quvvatidan foydalanib, eʼtiqodiy bosim oʼtkazishda yuqori samaradorlikka erishishi mumkin boʼlsa, eʼtiqodini oʼzgartirgan kutubxonachida esa «oʼlja» sifatida tanlanganlar bilan yakka tartibda ishlash imkoniyati mavjud boʼladi.
Missionerlarga tabiatan ishonuvchan, tashqi taʼsirga moyil boʼlgan va ayni paytda, hayotda sabr-bardoshli va fidoiy boʼlish bilan bir qatorda hamisha maʼnaviy-ruhiy koʼmakka, qoʼllab-quvvatlashga ehtiyoj sezadigan ayollarga ham alohida eʼtibor bilan qaramoqdalar. Ularning maqsadi jamiyatda beqarorlikni keltirib chiqarish, ijtimoiy va milliy totuvlik asoslariga rahna solishdir.
Qayd etilgan misollar ham missionerlik obʼekti sifatida tanlanayotgan qatlamlar doirasi muntazam ravishda kengayib borayotganini koʼrsatadi.
Missionerlikda yoshlarga alohida eʼtibor berilishining sabablari. Yoshlarning faol ijtimoiy kuchga aylanib borayotgani bugungi kunda ularning turli mafkuraviy taʼsir va tazyiqlarning asosiy obʼektiga aylanishiga olib keldi. Bunda ularning jamiyatning hali yetarli tajribaga ega boʼlmagan, tashqi taʼsirlarga tez beriluvchan va ayni paytda, eng harakatchan qatlami ekani inobatga olinmoqda.
Missionerlikning taniqli nazariyotchisi Patrik Djonstoun talaba yoshlarni missionerlik faoliyatining asosiy obʼekti deb qarab, oʼzining «Dunyo operatsiyasi» kitobida shunday yozadi: «Butun dunyoda universitet va kollejlarda 37 million talaba tahsil oladi. Ularning koʼplari 20 yildan soʼng yirik mansablarni egallashadi». Ushbu fikrlar missionerlarning jamiyatning ertangi kunini belgilab beradigan avlod ongini egallash, nazorat qilishni koʼzlab ish yuritayotganini anglash imkoniyatini beradi.
Xayriya yordamlari koʼrsatish ham missionerlikdagi eng qadimiy va samarali usullardan biri hisoblanadi. Bunda turli tadbirlar uyushtirilib, ularga asosan yoshlar jalb etiladi. Begʼaraz deya taqdim etilayotgan, aslida jamiyatning yordamga muhtoj qatlamlarini aniqlash va soʼngra ular bilan maqsadli ish olib borishni koʼzlaydigan bunday harakatlar hatto «Yangi yil», «Navroʼz», «Xotira va qadrlash kuni» kabi xalqimizda keng nishonlanadigan bayramlar davomida ham gʼarazli maqsadlarda amalga oshirilishi kuzatilgan. Missionerlar oʼzlari koʼrsatayotgan «yordamni» shu bayramlar ruhiga moslashtirishga ham harakat qilmoqda.
Uyma-uy yurib «Xushxabar» yetkazish usulining oʼziga xos xususiyatlari. Bu usul missionerlarga odamlar bilan kunning dolzarb masalalari haqida suhbatlashish, ularning dardlariga qiziqish bildirish va ushbu muammolardan chiqish yoʼllarini koʼrsatib berishni taklif qilib, oʼz tashkilotlariga jalb qilishga asoslanadi. Bu missionerlikni amalga oshirishda eng yaxshi samara beradigan va katta mablagʼ talab qilmaydigan usullardan biri hisoblanadi. Masalan, ushbu usuldan faol foydalayotgan «Iegovo shohidlari» oqimi aʼzolari, oʼzlarini goʼyoki, Iso Masih oʼz havoriylariga buyurgan yoʼldan foydalanayotganlarini daʼvo qilib, muayyan hududda «tayanch nuqta»ni shakllantirish va unga suyangan holda yaqin qoʼshnilar orasida uyma-uy yurib adabiyotlarni tarqatish, maktab oʼquvchilari va yoshlar orasida targʼibot ishlarini olib borishga alohida eʼtibor bermoqda. Bunday maqsadli faoliyat natijasida iegovochilar soni yildan yilga ortib bormoqda va bugungi kunda dunyo boʼyicha qariyb 7 millionni tashkil etmoqda.
Taʼlim-tarbiya sohasidagi missionerlikdan koʼzlangan maqsadlar. Taʼlim tizimi bosqichlari oʼrtasidagi oʼzaro bogʼliqlik tufayli gʼoya va qarashlarni singdirishdagi tadrijiylik taʼminlanadi. Shu bilan birga, taьlim jarayonida amalga oshirilgan targʼibot natijalarini bevosita tekshirib koʼrish va uni takomillashtirib borish imkoniyati ham mavjud. Bu kabi xususiyatlar missionerlarning taʼlim tizimiga alohida eʼtibor bilan qarashini keltirib chiqarmoqda. Аdventistlarning dunyo boʼyicha 5000 dan ortiq oʼquv markazlariga, pyatidesyatniklikning eng yirik oqimlaridan biri – «Xudo assambleyalari» cherkovlari bir necha kollej va Bibliya maktablariga egalik qilayotgani ham aynan shu bilan izohlanadi.
Jumladan, Oʼzbekiston istiqlolining dastlabki yillarida missionerlar turli volantyor tashkilotlar niqobi ostida mamlakatimiz taʼlim tizimiga kirib olishga uringanlari kuzatilgan. Ular yurtimizdagi mavjud taʼlim muassasalarida turli til, kompьyuter, sport toʼgaraklari tashkil etish niqobi ostida talaba va oʼquvchilar orasida oʼz dinlarini targʼib qilishga harakat qilgan.
Shuningdek, missionerlik tashkilotlari oʼz dinlarini targʼib qilishda audio, video va elektron mahsulotlar, gazeta va jurnallar, teledasturlar, internetda onlayn oʼquv kurslari tashkil etish yoʼllaridan ham foydalanmoqda. Ommaviylik, davriylik, oʼquvchilar auditoriyasining kengligi tufayli gazeta va jurnallar missionerlar tomonidan oʼz qarash va gʼoyalarini singdirish quroli sifatida qoʼllanilmoqda.
Diniy sektalar va ular faoliyatining oqibatlari. Mutaxassislarning fikricha, bugungi kunda dunyo boʼyicha 5000 ga yaqin diniy sekta faoliyat koʼrsatmoqda. Ularga xos xususiyatlar haqida gap ketar ekan, ayrim sektalar muayyan konfessiya doirasida shakllanib, asosiy eʼtiborni sobiq eʼtiqoddoshlari orasida targʼibot olib borishga, baʼzi sektalar esa boshqa konfessiyaga mansub insonlar orasidan ham oʼz tarafdorlarini shakllantirishga harakat qilishini taʼkidlash zarur.
Аyni paytda, hech bir konfessiyaga mansub boʼlmagan, muayyan shaxs – «ustoz», «yoʼlboshchi» yoki «rahnamo» tomonidan asos solingan va aholining duch kelgan ijtimoiy va konfessional qatlami bilan ish olib boradigan sektalar ham mavjudligini qayd etish lozim.
Аfsuski, yuqoridagi kabi koʼrinishlarda chiqadigan sektalar faoliyati natijasida bir qator salbiy, baʼzi hollarda fojiaviy hodisalar kelib chiqmoqda. Jumladan, oʼtgan asrning 70-yillarida АQShning San-Frantsisko shahrida Jim Jons ismli shaxs bir necha ming kishilik mahalliy protestantlarni oʼz ichiga olgan «Xalq ibodatxonasi» nomli jamoa tuzishga erishadi. Sekta asoschisining turli «qiliq»lari shahar jamoatchiligiga maʼlum boʼlib qolgach, Jons «chirkinliklarga toʼla shahar»dan ketib, Gayana changalzorlarida «Xudo Podshohligi»ni qurish lozimligini eʼlon qiladi.
1978 yili «Xudo Podshohligi»dagi holatni oʼrgangani borgan АQSh Kongressi komissiyasi sekta izdoshlari «podshohlikda» juda ogʼir sharoitlarda yashayotgani, ularga qullardek munosabatda boʼlinayotgani, Jons barcha «banda»larini oʼziga ibodat qilishga majbur qilganiga guvoh boʼladi. Kirdikorlari fosh boʼlib qolganini bilgan sekta rahbari bir kunning oʼzida barcha izdoshlarini oʼz jonlariga qasd qilishga majbur qiladi. Oqibatda Jonsga ishongan 912 kishi halok boʼladi.
Shunga oʼxshash holat АQShning Texas shtatidagi Ueyko shahrida Devid Koresh tomonidan adventislik zamirida shakllantirilgan «Dovud avlodi» nomli sekta tarafdorlari bilan ham sodir etiladi. Oʼzini «Xaloskor» deb eʼlon qilgan, jamoada oʼzining mutlaq hokimiyatini oʼrnatib, barchaga oʼz mulkidek munosabatda boʼlgan sekta rahbari Ueyko shahrida qurilgan maxsus ranchoda izdoshlari bilan rohibona hayot kechiradi.
1993 yilda politsiya tomonidan uni qoʼlga olish boʼyicha amalga oshirilgan tadbir davomida, qamalishni istamagan «paygʼambar» oʼzi va barcha sekta aʼzolari joylashgan ranchoni portlatib yuboradi. Oqibatda 100ga yaqin kishi, shu jumladan, 25 nafar bola halok boʼladi.
Bunday sektalar qatoriga 1992 yilda Xitoyda Lyu Xunchji tomonidan tuzilgan va 2 milliondan ortiq tarafdori boʼlgan «Falunьgun» sektasini ham kiritish mumkin. Lyu Xunchji faqat oʼzinigina zaminni halokatdan, kishilarni qiyinchiliklardan qutqaruvchi, jismoniy va maʼnaviy yetuklikka boshlovchi, gunohlardan forigʼ qilishga qodir, deb hisoblaydi. Jannat faqat uning tarafdorlarigagina nasib qilarmish. Oxirat bilan qoʼrqitish markaziy oʼrinni egallagan Lyu Xunchji taʼlimotiga ergashish 2000 dan ortiq kishining halok boʼlishi, yuzlab odamlarning ruhiy kasallikka chalinishiga sabab boʼlgan.
Buddizm doirasida shakllangan «Аum Sinrikyo»ning 1995 yilda Tokio metrosida tinch aholiga nisbatan gaz hujumi uyushtirishi oqibatida 12 kishi halok boʼlgani, АQShda paydo boʼlgan «Osmon darvozasi» sektasi aʼzolaridan 60 dan ortiq kishi oʼz joniga qasd qilgani, Ugandada yuzaga kelgan «Xudoning oʼnta buyrugʼini qayta tiklash harakati» sektasi qurbonlari soni 1000 dan ziyodni tashkil etgani ham bunday sektalar faoliyatining mudhish oqibatlaridan dalolat beradi.
Hozir ayrim rasmiy roʼyxatdan oʼtgan yoki norasmiy faoliyat yuritayotgan noislomiy diniy jamoalarning vakillari tomonidan ham missionerlik faoliyati amalga oshirilishi kuzatilmoqda. Missionerlar aksariyat holatlarda oʼz jamoasiga jalb qilishda turli oʼqish kurslarini ochib, oʼz diniga targʼib qilish, xorijga oʼqishga yoki ishga joʼnatish, yoz faslida bolalarni dam olish lagerlariga jalb qilish, hayriya yordam koʼrsatish, bepul tibbiy yordam berish va gazeta, jurnal, kitoblar tarqatish kabi usullardan foydalanmoqda. Ularning diniy taʼlimotida Davlat ramzlarini humat qilish, Konstitutsion burchni bajargan holda harbiy xizmat oʼtash, jamoat ishlarida qatnashish man etilgan. Bunday holat xalqimiz uchun noanʼanaviy boʼlgan diniy jamoa va sekta vakillarining maqsadi jamiyatimiz aʼzolarini fuqarolik faolligini soʼndirish va qaram qilib olishga yoʼnaltirilganidan yaqqol dalolat beradi. Shuningdek, ayrim noislomiy diniy jamoalarda ushbu jamoaga aʼzo boʼlgan shaxs bilan oila qurishi, jamoadan tashqaridan kelayotgan barcha maʼlumotlarni yolgʼon va zararli deb bilish belgilab qoʼyilgan, baʼzilarida oila qurish umuman maʼqullanmay, ular daromadlarining deyarli barchasini ushbu jamoa rahbariyatiga topshirishi lozim. Ushbu faktlar mazkur diniy jamoalardagi tartib shaxs, oila va jamiyat uchun naqadar zararli ekanini tasdiqlaydi.
Umuman olganda, yuqoridagi kabi sektalar, missionerlik tashkilotlari faoliyatiga chek qoʼyish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri boʼlib qolmoqda. Bir qator mamlakatlarda sektalar va missionerlar faoliyati natijasida jabr koʼrganlarga moddiy va maʼnaviy koʼmak berish maqsadida maxsus markazlarning tuzilgani, afsuski, yuqoridagi kabi holatlarning koʼpayib borayotgani va xatarli koʼlam kasb etib, jamiyatdagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitga oʼta salbiy taʼsir koʼrsatayotganini kuzatamiz.
Missionerlikka qarshi kurashning huquqiy-amaliy asoslari. Oʼzbekistonda mustaqillikning ilk yillaridanoq missionerlik va prozelitizmning salbiy oqibatlarga olib kelishini hisobga olgan holda bu borada tegishli qonuniy asoslar ishlab chiqildi. Qonunlarda missionerlik harakatlari taqiqlandi.
Maʼlumki, «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʼgʼrisida»gi Qonun (yangi tahriri) kishilarning vijdon erkinligini huquqiy kafolatlash bilan birga diniy tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirishga xizmat qiladigan hamda davlat va din munosabatlarini tartibga soladigan muhim hujjat hisoblanadi. Qonunga binoan
«Bir diniy konfessiyadagi dindorlarni boshqasiga kiritishga qaratilgan xattiharakatlar (prozelitizm), shuningdek boshqa har qanday missionerlik faoliyati man etiladi. Ushbu qoidaning buzilishiga aybdor boʼlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka tortiladilar» (5-modda, 3-band).
Mazkur moddadan kelib chiqib, «Oʼzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksi»ga noqonuniy diniy xatti-harakatlarning oldini olish bilan bogʼliq bir qator moddalar kiritilgan.
Jumladan:
– diniy mazmundagi materiallarni tarqatish maqsadida qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, Oʼzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish yoki tarqatish;
– diniy yigʼilishlar, koʼcha yurishlari va boshqa diniy marosimlar oʼtkazish qoidalarini buzish;
– Oʼzbekiston Respublikasida gʼayriqonuniy nodavlat notijorat tashkilotlari, oqimlar, sektalar faoliyatida qatnashishga undash;
– nolegal diniy faoliyat bilan shugʼullanish;
– diniy tashkilotlar rahbarlarining mazkur tashkilotlar ustavini roʼyxatdan oʼtkazishdan bosh tortishi;
– dindorlar va diniy tashkilotlar aʼzolari tomonidan bolalar va oʼsmirlarning maxsus yigʼilishlari, shuningdek diniy marosimga aloqasi boʼlmagan mehnat, adabiyot va boshqa xildagi toʼgaraklar hamda guruhlarni tashkil etish va oʼtkazish;
– bir konfessiyaga mansub dindorlarni boshqasiga kiritishga qaratilgan xattiharakatlar (prozelitizm) va boshqa missionerlik faoliyati;
– maxsus diniy maʼlumoti boʼlmay turib va diniy tashkilot boshqaruvi markaziy organining ruxsatisiz diniy taʼlimotdan saboq berish, xuddi shuningdek xususiy tartibda diniy taʼlimotdan saboq berish bilan bogʼliq harakatlar sodir etilganda belgilangan eng kam ish haqining tegishli miqdoridagi jarima solinishiga yoki belgilangan muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʼlishi haqidagi qoidalar mustahkamlab qoʼyilganini taʼkidlash zarur.
Аmaldagi qonunchiligimizga koʼra, muayyan hollarda birinchi marta qonunni buzgan shaxs yoki tashkilotga maʼmuriy jazo qoʼllaniladi. Аgarda oʼsha shaxs yoki tashkilot shundan keyin ham qonunni buzishda davom etsa, unga endi jinoyat kodeksidagi choralar qoʼllaniladi. Masalan, «Oʼzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi» normalariga koʼra, «Oʼzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksi»ning yuqorida qayd etilgan bandlaridagi harakatlar maʼmuriy jazo qoʼllangandan keyin yana sodir etilsa, bu «Oʼzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksi»da belgilanganidan koʼra ogʼirroq jazolar qoʼllanishiga olib keladi.
Shu bilan birga, «Oʼzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi»da «Oʼzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksi»da nazarda tutilmagan bir qator harakatlar uchun ham jazolar belgilanganini qayd etish zarur. Jumladan:
– voyaga yetmagan bolalarni diniy tashkilotlarga jalb etish;
– voyaga yetmagan bolalarni ularning ixtiyoriga, ota-onalari yoki ularning oʼrnini bosuvchi shaxslar ixtiyoriga zid tarzda dinga oʼqitish;
– dindorlardan majburiy yigʼim undirish va soliq olish;
– diniy taʼlim olishda hamda fuqaro dinga nisbatan, dinga eʼtiqod qilish yoki eʼtiqod qilmaslikka nisbatan, ibodat qilishda, diniy rasm-rusumlar va marosimlarda qatnashish yoki qatnashmaslikka nisbatan oʼz munosabatini belgilayotgan paytda majburlash bilan bogʼliq diniy faoliyat yuritish;
– gʼayriqonuniy jamoat birlashmalari yoki diniy tashkilotlarni qonunga xilof ravishda tuzish yoki ularning faoliyatini tiklash;
– gʼayriqonuniy jamoat birlashmalari yoki tashkilotlari faoliyatida faol qatnashish bilan bogʼliq harakatlar belgilangan eng kam ish haqining tegishli miqdorida jarima solinishiga yoki belgilangan muddatga axloq tuzatish ishlari, yoki qamoq yohud ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilab qoʼyilgan.
Mamlakatimizda missionerlik va prozelitizmning oldini olish, ayniqsa yoshlarni bunday zararli oqimlar domiga tushib qolishlarining oldini olish boʼyicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirishni taqozo qilmoqda. Bu vazifani muvaffaqiyatli hal etishda yosh avlodni hozirgi davrda mamlakatimizda din sohasida sodir boʼlayotgan oʼzgarishlar, yaratilgan imkoniyatlar bilan muntazam asosda tanishtirib borish muhim ahamiyatga ega.
Shu bilan birga, qiziqishlari, bilim darajalarini inobatga olgan va differentsial yondashgan holda yoshlarning din, shu jumladan, xalqimiz asrlar davomida eʼtiqod qilib kelgan islom dini haqidagi bilimlarni va milliy-diniy anʼanalar asoslarini sogʼlom asosda egallashlariga koʼmaklashish ham bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri boʼlib qolmoqda. Bunday bilimlar obʼektiv boʼlishi, voqelikni toʼgʼri va toʼliq aks ettirishi va oʼz mohiyatiga koʼra, Vatan va millat manfaatlari bilan uzviy bogʼliq boʼlmogʼi kerak. Yoshlarimizning missionerlikning mohiyati haqida xolis va yetarli bilimga ega boʼlishlari unga qarshi immunitetni shakllantirishning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi.
Tahlillar hech bir mintaqa, hech bir davlat bunday tahdiddan xoli emasligini koʼrsatadi. Bunday holatlarning oldini olish uchun esa missionerlikning mohiyatini toʼgʼri va chuqurroq anglash, uni bartaraf etish yoʼlida maqsadli, tizimli va tadrijiy faoliyat olib borish zarur boʼladi. Egallangan bilimlar qanchalik xolis va chuqur boʼlsa, uning zamirida yuzaga keladigan baholar, qadriyatlar ham shunchalik mustahkam boʼladi. Shakllangan qadriyatlar tizimi esa turli tahdidlarning oldini olishga xizmat qiladi.