Paxta ishi.

Оглавление/Munadarija

Paxta ishi.

Qatag’onlikning navbatdagi yangi bosqichi 80-yillarga to’g’ri keldi. Bu qatag’onlik sovetlar hukumatining yana bir navbatdagi nayrangi bo’lib, «O’zbek ishi», «paxta ishi», «O’zbek mafiyasb», «qo’shib yozish» kabi izohli lug’atimizga mustamlakachilar tomonidan kiritilgan yangi so’zlar bilan bog’liq. «O’zbek ishi, — deb yozadi O’tkir Hoshimov — 30- va 50-yillardagi qatag’onlarning mantiqiy davomidir. Sovet siyosati har 10-15-yilda kalla olib turmasa ko’ngli joyiga tushmagan. To’g’ri, o’sha paytlar O’zbekistonda qo’shib yozishlar, poraxo’rliklar bo’lgan. Buni inkor qilmaymiz. Ammo bunday harakatlar butun sobiq Ittifoqda avj olgan edi. Unday bo’lsa, nima uchun markaz ayni O’zbekistonni tanladi, degan savol tug’iladi. Buning sababi oddiy. Biz anchagina loqaydmiz, darrov qovusha qolmaymiz».

 

Ha, juda adolatli va to’g’ri aytilgan gaplar. Aslida «O’zbek ishi» degani nima o’zi va qachon paydo bo’ldi. Bu «ish» aslida 80-yillarda O’zbekiston Davlat Xavfsizlik Qo’mitasi (DXQ)ning raisi bo’lib ishlagan Melkumov (millati arman) bilan O’zbekiston KP MQning birinchi kotibi Sh.Rashidov o’rtasidagi o’zaro kelishmovchiliklardan boshlangan. O’sha kezlarda Buxoro viloyati BXSS boshlig’i Muzaffarov va Buxoro shahar savdo idorasining direktori Qudratovlarning poraxo’rligiga taalluqli ma`lumotlar DXQda bo`lgan. Bu shaxslar Buxoro viloyati firqa qo’mitasining birinchi kotibi A.Karimov himoyasida bo`lgan va unga «oshirib» turishgan. A.Karimov esa o’z navbanda Sh.Rashidov bilan yaqin aloqada bo`lgan.

Shu bois Melkumov va uning gumashtalari o’z oldilariga Muzaffarov va Qudratovni fosh qilish orqali A.Kanmovga chiqish va so’ngra u orqali Sh.Rashidovni «nishonga» olishni mo’ljallab harakat qilganlar. 1983-yilda Buxoroda ilgaridan o’ylab rejalashtirilgan va amalga oshirilgan «operatsiya» tufayli Muzaffarov va Qudratovlar qamoqqa olindilar. Ular xalqqa ma`lum bo`lgan birinchi o’zbek millionerlari bo’lib chiqdi. Bu ish darhol Moskvaga oshirildi va markazda ana shu tariqa «o’zbek ishi» paydo bo’ldi.

 

mavzular