Xristianlik.

Оглавление/Munadarija

Xristianlik.

Xristianlik. milodning I asrida Falastinda yuzaga kelgan jahon dinlaridan biri. Mazkur din izdoshlari soni boʼyicha dunyoda birinchi oʼrinda turib, xristianlik taʼlimotining paydo boʼlishi Iso Masih shaxsi bilan bogʼliq. Falastinning Nazaret qishlogʼida bokira qiz Maryamdan Xudoning amri bilan dunyoga keldi.

Xuddi shu davrda yahudiylar oʼrtasida kutilayotgan haloskorning kelishi yaqinlashib qolgan edi. Iso Masih yahudiylikni isloh qilish va uni turli xurofotlardan tozalash gʼoyasi bilan chiqqani bois Iso Masihni 33 yoshida fitnachilikda ayblab qatl etishga hukm qildilar.

Xristianlikning muqaddas manbai “Qadimgi Аhd” va “Yangi Аhd” deb nomlanuvchi ikki boʼlimdan tarkib topgan “Bibliya” (yunoncha – “kitoblar”) kitobi hisoblanadi. Bibliya soʼzi grek tilida “kitob”, “oʼram” maʼnolarini anglatadi. 

“Injil” soʼzi yunoncha “evangelion soʼzidan kelib chiqqan boʼlib, xushxabar maʼnosini anglatadi. Unda Iso Masihning Yer yuziga yuborilganligi haqida hikoya qilinadi. Injil Iso Masihni koʼrib, uni yaqindan bilgan, uning taʼlimotini sinchiklab oʼrgangan mualliflar tomonidan yozilgan.

Xristianlik ota-xudo, oʼgʼil-xudo va muqaddas ruh – uch koʼrinishga ega xudo toʼgʼrisidagi taʼlimotni, jannat va doʼzax, oxirat, Isoning qaytishi haqidagi va boshqa aqidalarni oʼz ichiga oladi.

”IV asr boshlarida 324 (311) yili Rim imperiyasida rasmiy davlat dini sifatida tan olindi. Ilk Butun Olam Sobori 325 yil Nikeya shahrida oʼtkazilib, unda eʼtiqod timsoli deb nomlangan xristianlik taʼlimoti asosini tashkil etuvchi bosh aqidalar majmuasi qabul qilindi. “Eʼtiqod timsolida” xristianlikning taʼlimot asoslari 12 bandda belgilandi,bular:

1.                      Olamni yaratgan yagona Ota–Xudo – Muqaddas Uchlik-ning birinchi yuzi haqida;

2.                      Oʼgʼil–Xudo, yaʼni Iso Masihga imon keltirish haqida; 3. Ilohiy mujassamlashuv, yaʼni Iso Xudo boʼla turib,  bokira Bibi Maryamdan tugʼilgan va inson qiyofasiga  kirganligi haqida; 

4. Gunohlar kechirilishi – Isoning tortgan azoblari  va oʼlimi tufayli Xudo tomonidan insoniyatning barcha  gunohlari kechirilishi haqida;  5. Isoning qayta tirilganligi haqida;

6.                     Isoning meroji haqida;

7.                     Isoning nuzuli (kelajakda ikkinchi marotaba yerga  qaytishi) haqida;

8.                     Muqaddas Ruhga imon keltirmoq borasida;

9.                     Cherkovga yagona, muqaddas, havoriylar (apostollar)  cherkovi sifatida munosabatda boʼlish haqida;

10.                Choʼqintirish sirli marosimning gunohlardan forigʼ  qilishi haqida;

11.                Oʼlganlarning ommaviy tirilishi haqida;

12.                Аbadiy hayot haqida.

Xristianlikda sirli marosimlar asosiy oʼrin egallaydi. Bular: choʼqintirish (xristianlik diniga kiritish), yevxaristiya (non va vino tamaddi qilish), ruhoniylik unvonini berish, tavba qilish, miro surtish, yeley moyi surtish, nikoh.

Choʼqintirish (kreщenie– suvga botirish). Xristianlik taʼlimotiga koʼra, choʼqintirish orqali kishi dinga qabul qilinadi, yaʼni cherkov aʼzosiga aylanadi.

Yevxaristiya (yun. non va sharob totish marosimi) xristianlikdagi eng muhim marosimlardan ikkinchisidir. Rus tilida bu marosim “Prichastie” deb nomlanadi.

Yunon tilida “Evxaristiya” deb ataladigan mazkur marosim, xochga mixlanishdan oldin Isoning tanovul qilgan eng oxirgi kechki ovqat xotirasi sifatida eʼtiqod qilinadi. Xristianlar non bilan sharobni tanovul qilar ekanlar, bu bilan ular Isoning tanasi va qonini tatib koʼrdik, endi xudoga yaqinroq boʼldik, deb hisoblaydilar. Bu marosim ertalab yoki tushki ibodatda asosiy oʼrinni egallaydi. Bugungi kunda yevxaristiya cherkovda yakshanba kuni amalga oshiriladi.

Miro moyi surtish marosimi (yun. Konfirmatsiya;ruschada – miropomazanie). Zaytun yogʼidan tayyorlangan muqaddas moy surtish sirli marosimlardan biri boʼlib, havoriylar davrida yoʼlga qoʼyilgan. 

Miro moyi – (yun. – xushboʼy moy) cherkov yepiskopi tomonidan oliy navli zaytun yogʼiga oq uzum vinosi, atirgul yaproqlari, binafsha, zanjabil ildizlari, muskat, atirgul, chinnigul va limon moylari kabi mahsulotlarni qoʼshib qaynatish orqali tayyorlanadi. Choʼqintirilgan bolaning, muqaddaslashtirilgan yogʼ (xushboʼy miro moyi) bilan vujudining turli joylariga surtish marosimi. Miro surtilgan bola, cherkovning bu ish uchun ajratilgan joyiga olib boriladi. U yerda unga konfirmatsiya noni yediriladi. Yeya olmas darajada kichik boʼlsa, lablariga tekkiziladi. Shunday qilib u, cherkovning bir aʼzosiga aylanadi.

Tavba–tazarru qilish marosimi. Bunda inson oʼzi qilgan gunohlariga iqror boʼlishi, keyinchalik shu gunohlarni qilmaslik uchun magʼfirat soʼrash marosimi.

Yeley surtish marosimi (rus. soborovanie). Muqaddaslashtirilgan zaytun yogʼining ham shifo, ham gunohlarning kechirilishi hamda bemalol oʼlish uchun kasallarga surtish marosimidir. Bu bemorning peshona, yonoq, lab va qoʼllariga muqaddas deb bilingan zaytun moyi surtish koʼrinishida kechadi.

Bu marosim ayni paytda tavbasiga tayanib ulgurmagan bandalarning gunohlardan xalos etib, osongina jon topshirishlariga yordam beradi, deb hisoblanadi.

Ruhoniy unvonini berish marosimi. Bu ruhoniylik martabasiga koʼtarilish bilan bogʼliq marosimdir. U “Xirotoniya” (yun. “xir” – qoʼl va “tefimi” – qoʼyaman) deb nomlanadi. Diniy taʼlimotga koʼra, ruhoniy boʼladigan shaxsning boshiga yepiskop qoʼl tekkizganidan keyin, u “Muqaddas Ruh” ning alohida marhamati bilan odamlar oʼrtasidagi vositachilik qilish xususiyatiga ega boʼladi.

Maʼlumki, xristianlik dinida ruhoniylik unvonlari – d’yakon, presviter, yepiskop kabi uch turli darajaga ega.

D’yakon (yunon. xizmatchi) – xristian cherkovidagi eng quyi ruhoniylik darajasi. U marosimlarda yepiskop va presviterlarga yordamchilik qilish bilan shugʼullanadi. 

Presviter (lot. oqsoqol) – xristian ruhoniylar ierarxiyasida yuqori darajaga ega ruhoniy. Qadimda yepiskoplar ham shunday nom bilan atalgan. Jamoa tarafidan saylab qoʼyiluvchi ruhoniy boʼlib, dastavval, u pastor bilan birgalikda diniy marosimlarga rahbarlik qilgan.

Yepiskop (yunon. nazoratchi) – xristianlikdagi oliy darajadagi ruhoniylik unvoni. Katolik eʼtiqodiga koʼra yepiskoplar havoriy Pavelning izdoshlari hisoblanadi. Shuningdek, yepiskop oʼzi miro moyini tayyorlash, ruhoniylik darajasini berish hamda diniy marosimlarni boshqarish huquqiga ega.

Nikoh marosimi. Xristianlikda kelin va kuyovlarning oʼzaro xohishlari asosida kelgusi hayotlarida er–xotin boʼlib birga yashashlarini taʼminlash uchun amalga oshiriladigan sirli marosim. Nikohda ham sirlilik bor, erkin tarzda ruhoniy va cherkov huzurida er va ayol tarafidan oilaga sadoqatli boʼlishga vaʼda beriladi. Ularning oilalariga Isoning ruhi birlashib ketishiga oq fotiha beriladi va ulardan sof eʼtiqodli xristian bolalar tugʼilishi va tarbiyalanishi Xudodan soʼraladi.Ushbu marosim XVI asrda paydo boʼlgan. 

Rojdestvo. Isoning tugʼilishi munosabati bilan oʼtkaziluvchi, eng muhim bayramlardan biridir. Katolik, protestant va pravoslav yoʼnalishlarida 25 dekabrda nishonlasa, rus pravoslav cherkovlarida 7 yanvarda nishonlanadi.

Pasxa. Yahudiylik va xristianlik dinlarida bahor bayrami hisoblanadi.

Qadimda koʼchmanchi somiy qabilalari Pasxani chorva mollarining bahorgi bolalash vaqtida bayram qilganlar.

Katoliklar mazkur bayramni 22 mart-25 aprel oraligʼida, pravoslavlar esa 4 aprel-8 may oraligʼida nishonlaydilar. Yahudiylar Pasxani Misrdagi qullikdan ozod boʼlganliklari uchun bayram qilsalar, xristianlar Iso Masihning qayta tirilganini nishonlaydilar.

1054 yilda xristianlik dini doirasida ilk yirik boʼlinish roʼy berib, natijada pravoslav (Sharqiy xristianlik) va katolik (Gʼarbiy xristianlik) cherkovlari yuzaga keldi.

Katoliklik xristianlik dinining eng yirik yoʼnalishi hisoblanadi. “Katolik” soʼzi butun jahon, butun dunyo (umumiy, dunyoviy) degan maʼnoga ega. Bu yoʼnalish asosan Gʼarbiy, Janubiy–Gʼarbiy va Markaziy Yevropa, Pribaltika, Ukraina va Belorussiyaning gʼarbiy hududlarida, Lotin Аmerikasi va АQShda tarqalgan.

Rim Papasi katolik cherkovining boshligʼi, diniy hayotda gunohsiz deb hisoblanadigan, yashirin ovoz berish yoʼli bilan kardinallar kollegiyasi saylaydigan Papaning hokimiyati jahon soborlari hokimiyatidan ustun turadi. Papa cherkov davlati – Vatikanning cheksiz vakolatlarga ega rahbaridir. 

Katoliklarda “Muqaddas Ruh” nafaqat Ota-xudodan balki Oʼgʼil-xudodan ham kelib chiqqan, deb hisoblanadi. Cherkov zaruriy ezgu, hayrli ishlar xazinasiga – Iso, Bibi Maryam, avliyolar, taqvodor xristianlar tomonidan yaratilgan ezgu ishlar “zaxirasiga” ega. Cherkov bu xazinani tasarruf qilish, undan muhtojlarga ulashish, yaʼni gunohlarni avf etish, nadomat chekuvchilarga kechirim tuhfa qilish huquqiga ega. Bu huquq (“indulgentsiya” rahm-shavqat)lar toʼgʼrisidagi taʼlimotning, yaʼni pul evaziga yoki cherkov oldidagi xizmatlari uchun gunohlarni kechirishning vujudga kelishiga sabab boʼlgan.

Katoliklarning oʼziga xos xususiyatlari:

  nikoh qatʼiy hisoblanishi, nikoh aqdi osmonda tuziladi va yerdagilar uni buzishga haqli emaslar;

  Bibi Maryamning xudodan gunohlarni soʼrab beruvchi sifatlari koʼproq eʼzozlanishi;

  Marosimlar teatrlashtirilgan tarzda dabdabali, kishilarning his-tuygʼulariga taʼsir etadigan darajada musiqalardan foydalanib oʼtkazilishi;

  ibodatxonalar rasm va haykallar bilan bezatilishini alohida qayd etish lozim. 

Katolik taʼlimoti Pravoslavlik taʼlimoti singari yetti sirli marosimni tan oladi, ammo ularning talqinlarida farqlar mavjud. Masalan, “non va vino totish” marosimi katoliklarda xamirturush solinmagan non tamaddi qilish (Pravoslavlikda xamirturushli non bilan), ruhoniy boʼlmagan dunyoviy kishilarga non va vino bilan, baʼzida esa faqat non bilan amalga oshiriladi. Choʼqintirish sirli marosimini oʼtash paytida choʼqintiriluvchi suvga botirilmaydi unga suv sepiladi. Miro surtish (konfirmatsiya) marosimi goʼdaklik yoshida emas, balki 7 – 8 yoshlik paytida amalga oshiriladi. Bu marosimda bolaga oʼzi tanlagan yana bir ism beriladi, bola ism bilan birga avliyoning timsoli, amallari va gʼoyalarini ongli ravishda qabul qiladi va ularga rioya qilishni niyat qiladi. Shunday qilib bu marosimning oʼtkazilishi imon mustahkamlanishiga xizmat qilishi lozim. Pravoslavlikda nikohsizlik rusumini faqat qora ruhoniylar (monaxlar) qabul qiladi. Katoliklarda esa oila qurmaslik (tselibat), Papa Grigoriy VII tomonidan oʼrnatilgan boʼlib, barcha ruhoniylar uchun majburiydir.

mavzular

manba